O‘zbekiston | 09:00 / 29.11.2018
9681
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev milliy madaniyatni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklarni ma'lum qildi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi

Hujjatda qayd etilishicha, milliy madaniyatni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli kamchiliklar mavjud.

Jumladan: 

birinchidan, madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va san'at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagan; 

ikkinchidan, yosh ijodkorlarga ta'lim-tarbiya berish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida puxta tizim yaratilmagani madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini samarali olib borish, aholining o‘sib borayotgan madaniy ehtiyojlarini qondirish va madaniy xizmatlar sifatini keskin oshirish imkonini bermayapti; 

uchinchidan, aksariyat madaniyat va san'at muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablari va xalqaro standartlarga mos kelmaydi, bu esa ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun imkon bermayapti; 

to‘rtinchidan, zamonaviy media makonda milliy madaniyatimiz munosib o‘rin egallamagani, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari to‘liq joriy etilmagani sohani keng tadqiq va targ‘ib etish, xalqaro madaniy jarayonlarga talab darajasida integratsiya qilishga yo‘l bermayapti; 

beshinchidan, madaniyat va san'at sohasidagi nufuzli xalqaro festival va tanlovlarda ijodkorlarimizning ishtirokini izchil ta'minlash va ularning sara asarlarini namoyish etish, milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilishning samarali tizimi yaratilmagani, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani ham soha rivojiga to‘sqinlik qilmoqda. 

Mavzuga oid