Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil va Hamas muzokaralari. Trampning tinchlik rejasidagi asosiy muammolar nimada?
Foto: Khames Alrefi/Anadolu via Getty Images
Sharm-al-Shayx shahrida Misr vositachiligida Isroil va Hamas vakillari o‘rtasida bilvosita muzokaralar boshlandi. Muzokaralardan maqsad – AQShning G‘azo sektori uchun tinchlik rejasi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishishga harakat qilishdir. Urushning ikki yili davomida tomonlar birinchi bor kelishuvga bu qadar yaqin kelishdi, ammo bu muzokaralar eng qiyini bo‘lishi va juda uzoq davom etishi kutilmoqda.
Donald Trampning 20 banddan iborat tinchlik rejasi amalda bir necha sahifadagi sxema xolos.
Isroil unga to‘liq, Hamas qisman rozilik bildirgan va tomonlar kelishuv yo‘lida ko‘plab to‘siqlarni chetlab o‘tishiga to‘g‘ri keladi.
Garovdagilarni ozod etish sxemasi
AQSh prezidenti Donald Trampning rejasida garovga olinganlarning barchasi bitim tuzilganidan keyingi 72 soat mobaynida ozod etilishi ko‘zda tutilgan. G‘azoda qolayotgan 48 nafar isroillikdan 20 nafari hamon tirikligi taxmin qilinmoqda.
O‘tgan dam olish kunlarida Tramp garovdagilar «juda tez fursatlar»da ozod qilinishi mumkinligini aytdi, bu vaqtda esa Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ularni yahudiylarning Sukkot bayrami yakunlangunicha (13 oktyabr kunigacha) qaytarish mumkin deb hisoblamoqda.
Hamas Tramp rejasida batafsil bayon etilgan «garovdagilarni almashish formulasi»ga «joylardagi shartlar» bajarilishi sharti bilan rozi bo‘ladi.
Ammo garovdagilar – falastinliklar guruhining qo‘lidagi yagona kuzir bo‘lib, Hamas ularni kelishuvning boshqa bandlari bajarilmagunicha qo‘yib yuborishi dargumon.
Bu muzokaralarda ikki tomon o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘q. O‘tgan oyda Isroil Hamas muzokarachilari guruhini yo‘q qilishga urinib, Doha bo‘ylab aviazarba yo‘llagandi, bu esa nafaqat guruhdagilarni, balki Donald Trampni ham, shuningdek, mojaro bo‘yicha muhim vositachilardan biri bo‘lgan Qatarni ham g‘azablantirdi.
Endi esa o‘sha zarba vaqtida o‘g‘li halok bo‘lgan Xalil al-Xayya boshchiligidagi muzokarachilar guruhi a’zolari Isroilning Misrdagi delegatsiyasi bilan ikki qadam masofada turibdi.
Hamasni qurolsizlantirish
Isroil butun urush davomida Hamasni yo‘q qilish maqsadida ekanini e’lon qilib keldi. Netanyahu bir necha marta guruh to‘la yakson etilmagunicha to‘xtamasligini bildirgan.
Tramp rejasidagi muhim bandlardan biri guruhni qurolsizlantirish haqida. Ammo Hamas bungacha qurollarni topshirishdan bosh tortib, faqat Falastin davlati tuzilgan taqdirdagina bunga rozi bo‘lishini bildirgan.
Taklif qilingan rejaga javobida Hamas qurolsizlanish to‘g‘risida biror so‘z aytmagan, bu esa uning pozitsiyasi o‘zgarmay qolayotgani haqidagi taxminlarni ko‘paytirdi.
Ammo bir necha kun oldin Binyamin Netanyahu quyidagicha va’da berdi: «Hamas qurolsizlantiriladi, G‘azo esa har qanday holatda ham demilitarizatsiya qilinadi. Ammo buning ikki yo‘li bor: yoki oson, yoki qiyin yo‘l».
G‘azo sektori boshqaruvi
Rejada aytilishicha, kelgusida Hamas G‘azo sektorida hech qanday rol o‘ynamaydi. Sektor boshqaruvi dastlabki bosqichda Donald Tramp boshchiligida va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler ishtirokidagi «Tinchlik kengashi» tomonidan nazorat qilinadigan Falastin texnokratlarining vaqtincha o‘tish davri organi tomonidan amalga oshiriladi.
Oxir-oqibat sektor boshqaruvi Falastin muxtoriyati ta’siridagi ma’muriyatga topshiriladi.
Netanyahu Tramp rejasidagi barcha 20 bandga rozilik bergan bo‘lsa-da, u Falastin muxtoriyati boshqaruvda ishtirok etishiga e’tiroz bildirgan. O‘tgan haftada Oq uydagi minbarda Donald Tramp bilan yonma-yon turgan holatda u Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi Mahmud Abbos boshchiligidagi ma’muriyatni korrupsiyalashgan hamda G‘azo sektori hududlarini boshqarish uchun layoqatsiz deb atagandi.
Rejaning bu bandi Netanyahuning hukmron koalitsiyasidagi o‘ta millatchi qat’iy yo‘nalish tarafdorlarining eng ko‘p e’tiroziga sabab bo‘lmoqda, ularning aksariyati G‘azo sektori ustidan nazoratni saqlab qolishni va u yerda yahudiy aholi manzilgohlarini tiklashni xohlaydi.
Bunga javoban Hamas kelajakda «yagona Falastin harakati» doirasida G‘azo sektorida ma’lum rol o‘ynashga umid qilayotganini ma’lum qildi. Garchi ta’rif noaniq bo‘lsa-da, u Tramp uchun ham, isroilliklar uchun ham nomaqbul bo‘lishi mumkin.
Isroil qo‘shinlari G‘azodan olib chiqilishi
Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqish ko‘lami – to‘rtinchi bahsli nuqta.
Rejada aytilishicha, TSAHAL G‘azoni «barcha tomonlar tomonidan kelishilishi kerak bo‘lgan standartlar, bosqichlar va muddatlar asosida» tark etadi.
Oq uy tomonidan tarqatilgan xaritada Isroil qo‘shinlarini olib chiqishning uchta taxminiy bosqichi ko‘rsatilgan. Birinchi bosqichda G‘azo hududining qariyb 55 foizi, ikkinchi bosqichda 40 foizi, yakuniy bosqichda esa 15 foizi Isroil nazorati ostida qoladi.
Yakuniy bosqich «xavfsizlik perimetri» bo‘ladi, u «G‘azo har qanday qayta tiklanayotgan terrorchilik tahdididan to‘liq himoyalangunga qadar mavjud bo‘ladi».
Bu ifodalar Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishning aniq muddatlari haqida tasavvur bermaydi, Hamas esa aniqlikni talab qilmoqda.
Bundan tashqari, Oq uy tomonidan taqdim etilgan xarita Isroil harbiylari xaritalariga mos kelmaydi, ularda harbiylashtirilgan hududlar aks etgan va G‘azo chegaralari ba’zi joylarda noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid
15:41 / 20.12.2025
Isroil sulhga qaramay G‘azodagi boshpanaga hujum uyushtirdi: kamida 6 kishi halok bo‘ldi
11:40 / 18.12.2025
Berlinda erkak Isroilga qarshi shiori uchun jarimaga tortildi
20:40 / 15.12.2025
Sidneydagi terakt. So‘nggi ma’lumotlar
23:30 / 14.12.2025