O‘zbekiston | 14:24 / 17.09.2024
3223
11 daqiqa o‘qiladi

Siyosiy partiyalar dasturlari - turli mafkuralar va yangi g‘oyalar raqobati

O‘z saylovoldi dasturlarini ishlab chiqish va keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilish saylov kampaniyasi davomida siyosiy partiyalar faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Puxta ishlangan saylovoldi dasturi va pragmatik siyosiy platformasiga ega bo‘lmagan siyosiy partiya yoki uning nomzodlari saylovlarda aholining qo‘llab-quvvatlashiga erisha olmaydi.

Shu nuqtai nazardan, joriy yil 27 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishga qaror qilgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi tushunarli holdir.

Mazkur saylovoldi dasturlarining mafkuraviy va g‘oyaviy mazmuni, maqsad va vazifalarining qiyosiy tahlili ularning umumiy ahamiyatga ega mushtarak jihatlarini, shuningdek, har bir partiyaning o‘ziga xos mafkuraviy-g‘oyaviy qarashlarini ajratib ko‘rsatish imkonini beradi.

Siyosiy partiyalar tomonidan e’lon qilingan saylovoldi dasturlarining mafkuraviy asosida liberal demokratik g‘oyalar (O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi -O‘zLiDeP), konservativ g‘oyalar (“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi), sotsial-demokratik g‘oyalar (Xalq demokratik va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi) hamda ekologizm (Ekologiya partiyasi) mafkuralarining ustuvorligini ko‘rish mumkin.

Liberal-demokratik va konservativ g‘oyalar

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining (O‘zLiDeP) saylovoldi dasturida mamlakatni qudratli, erkin va farovon davlatga aylantirish g‘oyasi markaziy o‘rin tutadi. Partiya iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ulushini oshirish va bozor tamoyillarini joriy qilishni ustuvor hisoblaydi. Bu boradagi islohotlar davom etishi O‘zLiDePning strategik rejasida bayon qilingan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi milliy madaniyat va qadriyatlarni himoya qilish, milliy tarbiyani yuksaltirish, davlat tili va milliy axborot makonini rivojlantirishga urg‘u beradi. Partiya jamiyatni milliy qadriyatlar asosida rivojlantirishni maqsad qilib, o‘zga madaniyatlarga murosasiz yondashadi.

Har ikki partiya o‘ng g‘oyalarga tayangan holda bir qator o‘xshashliklarga ega bo‘lsa-da, “Milliy tiklanish” milliy ma’naviyatni, O‘zLiDeP esa iqtisodiy islohotlarni ustuvor qo‘yadi.

Iqtisodiy islohotlar va turmush farovonligini oshirish g‘oyalari

Iqtisodiy hayotni yuksak rivojlangan darajada tashkil etish masalasiga partiyalar markaziy nuqta sifatida qarashgan. Barcha partiyalarda islohotlarni chuqurlashtirish, yangi o‘sish nuqtalarini ko‘zlashda o‘xshashliklar mavjud. O‘z navbatida, partiyalarning iqtisodiy qarashlarida konstruktiv raqobatga, bahslarga, turli talqinlarga sabab bo‘ladigan o‘ziga xos takliflar mavjud.

Masalan, Liberal-demokratik partiyaning iqtisodiy strategiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatga mosligi, belgilangan vazifalarni amalga oshirish imkoniyatlari aniq hisoblangani bilan boshqa partiyalardan farq qiladi. O‘zLiDeP iqtisodiy jarayonlarda davlat ishtirokini kamaytirishga xamda sodda va adolatli soliq siyosati uchun harakat qilsa, Xalq demokratik partiyasining iqtisodiy mafkurasi so‘l g‘oyalarga tayanadi. XDP ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, turli sohalar qatorida davlatning ijtimoiy sohani tartibga soluvchi rolini kuchaytirish, narxlar bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatish, davlat ishtirokidagi qishloq xo‘jaligi tashkilotlari (kolxoz va sovxozlarga o‘xshash) faoliyatini yo‘lga qo‘yish singari vazifalarni muhim, deb hisoblaydi. Albatta, bu g‘oyalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, balki jamiyatimizning bir qismida, ayniqsa, katta yoshdagi aholi orasida shunday kayfiyatlar mavjud. Partiyaning bunday g‘oyalari aynan o‘sha ijtimoiy qatlamning manfaatlaridan kelib chiqqan holda ilgari surilgan.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgan hozirgi sharoitda bunday g‘oyalar xususiy mulkdorlar, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va biznes vakillari manfaatlariga zid bo‘lishi aniq. Lekin ayrim toifa saylovchilar uchun jozibadorligini yo‘qotmagan bunday qarashlarni XDP o‘z saylovoldi dasturida hisobga olishga harakat qilgan.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham iqtisodiy masalalarga so‘l qarash nuqtai-nazaridan yondoshganini ko‘rish mumkin. Partiya yaratilgan daromadni adolatli taqsimlash, turli sohalarda davlat nazoratini kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Partiyaning istirohat bog‘lari, sayilgohlarni xususiylashtirishni ta’qiqlash, noqulay va samarasiz yerlarni ishsiz odamlarga bo‘lib berish orqali yashil o‘rmonzorlar barpo etish singari takliflari ko‘pchilikka ma’qul kelishi aniq. Lekin bunday o‘ziga xos, jozibador vazifalar orqali partiyaning asosiy mafkuraviy maqsadlariga erishish mumkinmi? Albatta, saylovoldi dasturidan joy olgan har bir maqsad, har bir taklif va g‘oyalar, avvalo, shu nuqtai nazardan baholansa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ijtimoiy davlat mafkurasi

Keyingi yillarda ijtimoiy davlat mafkurasi mamlakatimizdagi barcha siyosiy partiyalarning dasturiy hujjatlarida, shuningdek, uning amaliy harakatlarida muhim o‘rin egallamoqda. Buning asosiy sababi mamlakatimizda ijtimoiy davlat g‘oyalariga ustuvor yo‘nalish sifatida qaralayotgani bilan izohlanadi. Bu aholi tomonidan ham ma’qullanayotgani kuzatilmoqda. Chunki davlatimizda inson manfaatlari va qadr-qimmati uchun olib borilayotgan ijtimoiy siyosat ijtimoiy birlikni va yaxlitlikni ta’minlab, turli jabhalarni jadal rivojlantirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu holat ijtimoiy qarashlar, fikrlar va konsepsiyalarning siyosiy partiyalar dasturlarida tizimlashishiga olib keldi. Bugungi kunda siyosiy partiyalarning ijtimoiy davlatchilik yo‘nalishida taklif etilayotgan mafkura va g‘oyalari tahlili natijasida quyidagi tendensiyalarni aniqlash mumkin:

Sotsial-demokratik g‘oyalar - bu yo‘nalishdagi mafkura va g‘oyalar “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Xalq demokratik partiyasi dasturlarida nisbatan yaqqol o‘z ifodasini topgan. Ma’lumki, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mamlakat siyosat maydonida o‘zining maqsad va vazifalari, mafkuraviy qarashlari bilan “so‘l markaz partiyasi” sifatida joy egallaydi.

Partiya sotsial-demokratik mafkuraning ustuni sifatida mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish, har bir jabhada ijtimoiy adolatni qaror toptirish, “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” g‘oyasini izchillik bilan joriy etish taklifini ilgari suradi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi dasturida so‘z va matbuot erkinligi, axborot olish va uni tarqatish huquqini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan OAV mustaqilligini ta’minlash, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlarni yanada kengaytirish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirib borishni muhim vazifa, deb biladi. Jurnalist va blogerlarning qonun doirasidagi faoliyatiga biron-bir mansabdor shaxs aralashishi yoki ularga bosim o‘tkazishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi g‘oyalarini ilgari surar ekan, bunday qilmish uchun javobgarlik belgilashni taklif etgan.

Partiya dasturida so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, axborot olish va uni tarqatish huquqini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi vazifalar boshqa partiyalar dasturlaridagidan ko‘ra yaqqolroq ifodasi topgan.

Shuningdek, partiya tomonidan tashqi siyosatda parlamentlararo hamkorlik va partiyaviy diplomatiya imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ilg‘or xorijiy davlatlarning sotsial-demokratik yo‘nalishdagi siyosiy partiyalari bilan faol hamkorlik aloqalarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlangan.

Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari - O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, avvalo, ijtimoiy himoya, ijtimoiy adolat tamoyillarini yuzaga chiqarish orqali “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini va davlatning tegishli ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslangan mafkurani ilgari suradi.

Partiya har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish g‘oyalarini targ‘ib qiladi.

Shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi faol ishtiroki, ijtimoiy ne’matlarning teng taqsimoti, ishlab chiqarishda umumiy mulk ustuvorligini ta’minlashdan iborat g‘oyalarini ilgari suradi. Shundan kelib chiqib, XDP “so‘l partiya” sifatida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Xalq demokratik partiyasining davlat boshqaruvi sohasidagi g‘oyalarida ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan ochiq, shaffof, xalqchil va demokratik davlat boshqaruvi tizimini joriy etish ustuvor ekanligi ko‘rinadi.

Shu bilan bir qatorda, ushbu partiya faoliyatida ham kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, axolini turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbalarini yaratish, ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish singari yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan.

Partiya qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash asosida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud mexanizmlarining maqbulligini ta’minlash qonun utuvorligini yanada mustaxkamlash, huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat’iy amal qilish g‘oyalarini ilgari surgan. Bu borada keyingi yillarda partiya tomonidan ilgari surilayotgan takliflar, ya’ni sudlovda xalq maslahatchilari o‘rniga hakamlar hay’ati institutini joriy etish, qimmatbaho mulk uchun soliq (hashamat solig‘i) solish singari takliflar katta qiziqish bilan kutib olinayotgani barobarida aholining turli guruhlarida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi aniq.

Ekologizm mafkurasi va g‘oyalari - atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil iqtisodiyot"ga o‘tish masalalari barcha partiyalarning dasturlarida muhim o‘rin egallagan. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi alohida ajralib turadi. Uning maqsadi barqaror rivojlanish, qulay atrof-muhit va kelajak avlod uchun xavfsiz jamiyat yaratishdir. Partiya o‘z dasturida issiqxona gazlari emissiyasini 65 foizga qisqartirish, sun’iy intellektdan foydalangan holda ekologik monitoring o‘tkazish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini ikki baravar oshirish kabi yirik tashabbuslarni ilgari suradi.

Shu bilan birga, ekologik xavfsizlik masalalari O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi dasturida ham muhim o‘rin tutadi. Ikki partiya o‘rtasida ekologik masalalar bo‘yicha hamkorlik uchun zamin bor. "Milliy tiklanish" partiyasi esa milliy qadriyatlarni muhofaza qilish va yuksaltirishga asoslangan g‘oyalari bilan farqlanadi.

Sayfiddin Jo‘rayev,
Siyosatshunoslik fanlari doktori, professor

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid