O‘zbekiston | 07:51 / 26.01.2021
5390
2 daqiqa o‘qiladi

Pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun pedagogik tayyorgarlik modullari ishlab chiqiladi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Prezident tomonidan “Xalq ta'limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Bu haqda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 iyunga qadar Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Abdulla Avloniy ilmiy-tadqiqot instituti va hududiy markazlarda oliy ta'lim tashkilotlarining pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalari uchun pedagogik tayyorgarlik modullari ishlab chiqiladi. 

Qarorda belgilanishicha, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalari, institut hamda hududiy markazlarda joriy etiladigan pedagogik tayyorgarlik modullari bo‘yicha bakalavriatning so‘nggi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishga qabul qilinadi.

Modullar bo‘yicha o‘qitish talabalarning oliy ta'lim muassasasida tahsil olishdan bo‘sh bo‘lgan vaqtida, Xalq ta'limi vazirligining granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, Xalq ta'limi vazirligining granti ehtiyoj yuqori bo‘lgan pedagogik mutaxassisliklar bo‘yicha vazirlikning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Modullarni Xalq ta'limi vazirligining granti asosida o‘zlashtirgan talabalar oliy ta'lim muassasasini bitirganidan so‘ng ikki yildan kam bo‘lmagan muddatga ishlab berish uchun vazirlik tomonidan davlat umumiy o‘rta ta'lim tashkilotlariga taqsimlanadi.

Modullarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega shaxslarga oliy ta'lim tashkilotida o‘qishni bitirganidan so‘ng qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmasdan mutaxassisligiga oid fanlardan umumiy o‘rta va professional ta'lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

Mavzuga oid