Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘arb Falastinni tan olmoqda: nima o‘zgaradi?
BMTning 80-sessiyasi Falastin borasidagi tarixiy burilish bilan yodda qoladigan bo‘ldi: G‘arbning katta davlatlari Falastinni tan olish “paradi”ni o‘tkazdi. Fransiya, Birlashgan Qirollik, Kanada, Avstraliya, Belgiya, Portugaliya va yana bir qancha davlatlar endi rasman nafaqat Isroilni, balki Falastinni ham mustaqil davlat deb hisoblaydi.
Bu davlatlar shu paytga qadar buning uchun Isroilning “roziligi”ni kutardi. Lekin bu safar Isroilning “roziligi”siz qaror qabul qilishdi.
Davlatni tan olish – orqaga qaytmaydigan diplomatik va huquqiy qadam. Ertaga, fikr o‘zgarib qolib, “biz tan olishdan voz kechamiz” deyish mumkin emas. Diplomatik aloqalarni uzish mumkin, unda ham keskin vaziyat yuz bersa. Lekin tan olish borasidagi pozitsiyadan ortga chekinib bo‘lmaydi.
Britaniya – Isroilni yaratish g‘oyasini o‘rtaga tashlagan, amalda uning asoschisi hisoblanadi. Isroil degan davlat yoki yahudiylarning milliy davlati taxminan ikki ming yil davomida mavjud bo‘lmadi. Eramizning 70-80-yillarida Rim imperiyasining bosimi va quvg‘ini sabab yahudiylar davlati yo‘q bo‘lib ketadi. 1917 yil 2 noyabrda Britaniya parlamenti deputati, tashqi ishlar vaziri Artur Balfur Falastinda “yevrey xalqining milliy uyi”ni tashkil etish g‘oyasini o‘rtaga tashlovchi deklaratsiyani e’lon qiladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin BMT tuziladi va 1947 yilda Isroil davlati tashkil etiladi. Va bu davlat keyinchalik yadro quroliga ega davlatlardan biriga aylanadi.
Fransiya esa – Sharl de Goll boshchiligida Isroilga yadro qurolini qo‘lga kiritishda asosiy yordam bergan davlat. Bugun Isroilning ana shu ikki muhim ittifoqchisi uning ra’yiga qaramasdan Falastinni tan olishdi.
Shu tariqa, BMTga a’zo 193 ta davlat orasida Falastinni suveren davlat sifatida e’tirof etuvchilar soni 157 taga yoki 81 foizga yetdi.
Falastinni tan olish borasida Kollektiv G‘arb ikkiga bo‘lindi. Endi Falastinni AQShdan tashqari faqat Germaniya, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi katta davlatlar tan olmay turibdi. Lekin tez orada bu ro‘yxatda faqat AQShning bir o‘zi qoladi, boshqa katta davlatlar ham yaqin oylar va yillar davomida Falastinni tan olishadi. Bu – vaqt masalasi.
Xo‘sh, Falastin G‘arbning qudratli davlatlari tomonidan tan olinishining oqibatlari qanday bo‘ladi?
Birinchidan, bungacha BMT Xavfsizlik Kengashidagi doimiy besh a’zodan uchtasi o‘ta isroilparast edi va faqat Rossiya hamda Xitoy Falastinni rasman davlat sifatida tan olardi. Endi Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolari ichida faqat AQSh Falastinni tan olmaydi. Xavfsizlik Kengashida, BMTda, xalqaro maydonda Isroilning asosiy himoyachisi faqat Vashington bo‘lib qoladi.
Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi Isroilning ikkinchi yirik homiysi edi. Biroq endi ittifoq Isroilning G‘azodagi genotsidi fonida undan masofa saqlab, Falastinni tan oldi va hatto Isroilga bosim qila boshladi. Isroil Yevropa qo‘llovini borgan sari yo‘qotib boryapti.
Uchinchidan, anglasakson hamjamiyatidan ham faqat AQSh Isroil tomonda qoldi. Qolgan to‘rt davlat: Angliya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya – Falastinni tan oldi yoki olgan, qolaversa, Isroilni genotsid uchun tanqid ham qilib ulgurgan edi.
Bu tan olishlar ramziymi yoki real o‘zgarishlarga olib keladimi?
Suveren Falastin davlatini tashkil qilish hozircha ancha mushkul. Davlatning katta sarhadlari Isroil bosqini ostida, poytaxt Quddus ham Isroil qo‘lida. Lekin tarixiy katta o‘zgarishlar tez va oson bo‘lmagan. Falastinning tan olinishi – Isroilning tajovuzkorligiga javob hisoblanadi. Bu Isroil hokimiyati ichida G‘azodagi urush bo‘yicha bo‘linishni kuchaytirishi kerak. Qolaversa, Falastin yerlarini bosib olish intilishiga to‘siq vazifasini ham bajarishi lozim. Umuman, Isroilning “Katta Isroil” degan o‘ta tajovuzkor loyihasiga keskiy to‘siq bo‘lishi kutiladi.
Isroil asabiylashmoqda. Qaysi davlatki Falastinni tan olayotgan bo‘lsa, o‘sha davlatlarni Isroil rasmiylari qattiq tanqid qilmoqda. Bu fonda G‘azodagi genotsid va anneksiya ham tezlashyapti. Buning sababi, Isroil faqat provokatsiyalar va keskinlik darajasini ko‘tarib borish orqali G‘arb davlatlariga “nahotki meni tashlab qo‘ysangiz?!” degan ma’noda o‘ziga bo‘ysundirib kelyapti. Jumladan, Isroil yana Eronga hujum qilib, “ana endi yordam bermasangiz bo‘lmaydi” deyishgacha borishi mumkin.
Lekin shu narsa aniqki, Isroil genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat sodir qilib, muttasil Falastin yerlarini tortib olish orqali, o‘n minglab begunoh bolalar, ayollar va qariyalarni o‘ldirib, ommaviy ochlik uyushtirib, o‘zining o‘ta jinoyatchi yuzini dunyoga ko‘rsatdi. Bu davlat shafqatsizlikka to‘yingan harbiy amaliyatlarda yutib, insoniylik yuzasidan barcha tarixiy kampaniyalarni to‘liq yutqazib bo‘ldi.
Falastin davlatining to‘liq tashkil topishi – vaqt masalasi. Yaqin yillar va yaqin o‘n yilliklar masalasi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
10:53 / 24.12.2025
Greta Tunberg Londonda Falastinga bag‘ishlangan aksiyada qo‘lga olindi
09:24 / 23.12.2025
Isroil hukumati armiya radiosini yopishni ma’qulladi
14:35 / 22.12.2025
Parij Putinning Makron bilan muloqotga tayyorligini olqishladi
14:02 / 22.12.2025