Toshkentdagi mehribonlik uylari oliygohlarga biriktiriladi
Prezident oilalarga yordam berib, Mehribonlik uylaridagi 70 foiz bolalarni o‘z oilasi bag‘riga qaytarish mumkinligini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida sohada ishlar qoniqarsiz ekani, mutlaqo yangi tizim joriy etilishi ma'lum qilindi.
«Bir hafta muddatda har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga ikkitadan oliygoh va sport maktablari biriktiriladi. Biriktirilgan rektorlar Mehribonlik uylariga tarbiyachilar tayyorlash, kutubxona fondini boyitish, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga o‘rgatish va ularning kelgusida oliygohlarga kirishiga ko‘maklashish muhitini shakllantirishga, teatr va konsertlar tashkil etishga mas'ul va javobgar bo‘ladi.
Oliygohlarning yetakchi professor-o‘qituvchilari haftada kamida ikki kun ushbu to‘garaklarga kelib, bolalarni o‘qitib beradi. Buning uchun ularga alohida ustama to‘lanadi. Shuningdek, rektorlar Mehribonlik uylarining har bir tarbiyalanuvchisiga bitiruvchi kurs a'lochi talabalarini biriktirib, ularga motivatsiya berib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi», degan davlat rahbari.
Yunusobod tumanidagi 21-son Mehribonlik uyiga Axborot texnologiyalari universiteti va Moliya instituti, Chilonzordagi 22-son Mehribonlik uyiga Jahon tillari universiteti va Toshkent pedagogika universiteti biriktiriladi.
«Birgina misol, Chirchiq shahridagi 14-sonli mehribonlik uyida INHA universiteti bilan yangi tizim yaratilgan.
Shu bois biriktirilgan rektorlar mehribonlik uylariga tarbiyachilar tayyorlash, kutubxona fondini boyitish, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga o‘rgatish va ularning kelgusida oliygohlarga kirishiga ko‘maklashish muhitini shakllantirishga, teatr va konsertlar tashkil etishga mas'ul va javobgar bo‘ladilar», deydi prezident.
Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi sport federatsiyalari bilan birga, ikki hafta muddatda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun yakkakurash, futbol, suzish, tennis, shaxmat kabi sport to‘garaklari tashkil etiladi.
Viloyat hokimlari bir oy muddatda Mehribonlik uylaridagi bolalarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish, zarur sport anjomlari bilan ta'minlashga shaxsan mas'ul bo‘ladi.
«Har yili yoz va qish mavsumlarida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda vasiylik, homiylik va patronatda bolalar uchun Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon, Termiz kabi qadimiy shaharlarga sayohat dasturini tasdiqlab, amalga oshirish zarur.
14 yoshdan yuqori o‘g‘il-qizlarni, Mudofaa vazirligida yo‘lga qo‘yilgan tizim kabi, eng talab yuqori kasblarga o‘rgatishni yo‘lga qo‘yadi.
Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalari kamida 20tadan eng zamonaviy kompyuter va tezkor internet bilan ta'minlanadi. Sharoiti og‘ir bo‘lgan Mehribonlik uylarini Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, viloyat hokimlari otaliqqa oladi.
Mehrga tashna bolalarni oila bag‘rida tarbiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.
Bugungi kunda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 309 nafari (17 foiz) chin yetimlar, qolgan 1 ming 514 nafari (83 foiz) esa ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari voz kechgan bolalar hisoblanadi. Vaholanki, bunday oilalarga yordam berib, Mehribonlik uylaridagi 70 foiz bolalarni o‘z oilasi bag‘riga qaytarish mumkin. Uchinchidan, 79 ming nafar ota-ona mehridan mahrum, shundan 5 ming 700 nafar chin yetim bolalar vasiylik va homiylik organlarida ro‘yxatda turadi, 35 ming nafari farzandlikka olingan.
Lekin bunday bolalarning holidan xabar olish, ular bilan alohida shug‘ullanish tuman (shahar)lardagi Xalq ta'limi bo‘limlarining 1 nafar xodimiga yuklatilgan (ushbu xodimga o‘rtacha 250-300 nafar bola to‘g‘ri keladi). Buning oqibatida o‘tgan yili 1,5 ming nafar bolaga vasiy tayinlanmasdan qolgan. Shu bois, har bir tuman (shahar) hokimligida Vasiylik, homiylik va patronat ishlari bo‘limi tashkil etiladi hamda ularga 4 nafardan shtat ajratiladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
14:59 / 18.11.2024
Shavkat Mirziyoyev qaysi masalalarda yangi qonunlar kerak bo‘layotganini sanab o‘tdi
14:37 / 18.11.2024
Budjet xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti - prezident
14:12 / 18.11.2024