Jahon | 14:12 / 20.06.2024
9539
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azo banklarini o‘margan Isroil, husiychilarning navbatdagi hujumi va Makkadagi jazirama qurbonlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘azoda tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar sonini minimallashtirishni talab etuvchi urush olib borish qonunlarini tizimli ravishda buzib kelmoqda, deyiladi BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi boshqarmasi hisobotida.

Isroil shu paytgacha o‘zi tomonidan amalga oshirilgan eng qonli bombardimonlar borasida biror tushuntirish bermagan.

BMTning falastinlik qochqinlar va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligining ma’lum qilishicha, Isroil harbiylari tomonidan falastinliklarga Rafah shahrini tark etish to‘g‘risida buyruq berilgach, bu shaharda bor-yo‘g‘i 65 mingga yaqin tinch aholi vakillari qolgan.

Olti hafta muqaddam shaharda 1,5 millionga yaqin inson istiqomat qilayotgan edi. Urush boshlanganidan buyon G‘azodagi oilalarning aksariyati tinch boshpana axtarib, u shahardan bu shaharga ko‘cha-ko‘chdan sargardon bo‘lmoqda.

Isroilliklar G‘azoni vayron qilib, odamlarini qirish bilan birgalikda falastinliklarning boyliklarini ham talon-toroj qilmoqda. Financial Times nashrining yozishicha, isroilliklar G‘azo shimolidagi banklardan 126 million dollar naqd pullarni o‘g‘irlab ketishgan.

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, may oyining o‘rtalariga kelib, o‘g‘irlangan summalar yopiq g‘aznalarda saqlanayotgan pullarning uchdan bir qismiga teng bo‘lgan. Yana 240 million dollar G‘azo shimolidagi bankning yopiq omborlarida saqlanmoqda. Bu omborlar qalin beton bilan qoplangan.

G‘azoga oid noxush statistikani tilga olishga majburmiz: G‘azoda Isroil armiyasi tomonidan o‘ldirilganlar soni 37 ming 396 nafarga yetgan. Yarador bo‘lganlar soni 85 ming 452 kishini tashkil etmoqda.

So‘nggi bir hafta ichida Isroil qo‘shinlari 3 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazishgan va 24 kishining halok bo‘lishiga va 71 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lishgan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Husiychilar Qizil dengizda Rossiya ko‘miri ortilgan kemani cho‘ktirib yuborishdi. Liberiya bayrog‘i ostida suzib, Rossiyadan ko‘mir tashib kelayotgan Tutor savdo kemasi yamanlik husiychilarning hujumi natijasida cho‘ktirilgan. Bu haqda Buyuk Britaniya dengiz savdosi operatsiyalari boshqarmasiga asoslanib, «Interfaks» xabar bermoqda.

Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, kema 12 iyun kuni Hudayda shahridan 120 km janubiy g‘arbdagi olislikda nishonga olingan. Hujumdan so‘ng kema ekipajini Amerikaning Philippine Sea raketali kreyseri qutqarib olgan, balkerning o‘zi esa o‘z holiga tashlab qo‘yilgan va cho‘ka boshlagan. Ekipaj a’zolaridan biri mashina bo‘linmasida bo‘lgani taxmin qilinmoqda va bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda.

Husiychilarning Tutor kemasiga hujumini AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi ham tasdiqlagan.

«Husiychilarning pilotsiz suv ustida harakatlanuvchi apparati Liberiya bayrog‘i ostida harakatlanib kelayotgan va Gretsiyaning Qizil dengizdagi boshqaruvi ostida bo‘lgan Tutor savdo kemasiga kelib urilgan. Zarba kemaning mashina bo‘linmasini ishdan chiqargan», — deyiladi amerikalik harbiylarning xabarida. Shuningdek, kemaga qarata bir nechta kemalarga qarshi ishlatiladigan raketalar uchirilgan, biroq ularning birortasi mo‘ljalga yetib kelmagan. 

Rossiya va KXDR strategik hamkor

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pyongyang shahrida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasida kuni kecha imzolangan kelishuv, jumladan, tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Rossiya prezidenti AQSh va boshqa NATO davlatlarining Ukrainaga Rossiya hududiga zarba berish uchun yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi qurol tizimlari, F-16 qiruvchi samolyotlari va shu kabi boshqa qurol hamda jihozlar yetkazib berilishi haqidagi bayonotlariga e’tibor qaratdi.

«Bu nafaqat bayonot, balki allaqachon sodir bo‘lmoqda va bularning barchasi G‘arb davlatlari tomonidan turli xil xalqaro majburiyatlar doirasida o‘z zimmalariga olgan cheklovlarni qo‘pol ravishda buzishdir», — deb ta’kidladi Putin.

Pyongyangda imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasi SSSR va Rossiya Shimoliy Koreya bilan 1961, 2000 va 2001 yillarda imzolangan asosiy hujjatlar o‘rnini egallaydi hamda «uzoq muddatli istiqbolda ikki tomonlama munosabatlar asosini tashkil etuvchi asosiy hujjatga aylanadi», deb yozdi Rossiya matbuoti.

G‘arb bu — Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning yanada chuqurlashishiga olib kelishidan xavotirda.

AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar o‘tgan yili Rossiyaga Shimoliy Koreya raketalari va o‘q-dorilarini yetkazib berishga kelishib olgan, bu, ehtimol, asosiy harbiy texnologiyalarni KXDRga o‘tkazish evaziga amalga oshirilgan. Rossiya ham, Shimoliy Koreya ham KXDRda ishlab chiqarilgan qurollarining Rossiyaga yetkazib berilganligi faktini inkor etmoqda.

Ammo Putinning KXDRga tashrifi natijasida Shimoliy Koreya RFga o‘q-dorilar yetkazib berish hajmini oshirishi kutilmoqda.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi joriy etiladigan sanksiyalarning 14-paketiga Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishga qarshi cheklovlar joriy etmoqchi, deb yozadi EUobserver hujjat loyihasiga asoslanib.

Bundan tashqari, Rossiyaga nisbatan geliy eksportiga cheklovlar kiritiladi, ikkilamchi maqsadlardagi texnologiyalar, Ukraina san’at asarlari bilan savdo-sotiq qilishga nisbatan taqiqlar, shuningdek, 20 nafar jismoniy hamda 20 ta yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanadi.

Euobserver o‘z manbasiga tayanib yozishicha, 14 iyun kuni hattoki rossiyaparast chiqishlari bilan tanilgan Vengriya ham Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etilishini “tortinmasdan” ma’qullagan. Yevropa kompaniyalarining Rossiyadagi shu’ba korxonalariga nisbatan cheklovlarning qat’iylashtirilishiga nisbatan hozircha faqat Germaniya ikkilanib turibdi, deb yozadi nashr.

Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlarining 24 iyun kungi uchrashuvida qabul qilinishi kutilmoqda.

Eng issiq va sovuq davlatlar

Yer kurrasidagi o‘rtacha harorat Tselsiy shkalasi bo‘yicha taxminan 16 darajani tashkil qiladi, lekin sayyoraning turli qismlarida u ancha yuqori yoki pastroq bo‘lishi mumkin. Trading Economics farqlarni o‘rganib, dunyodagi eng sovuq va issiq mamlakatlarni aniqlashga qaror qildi.

Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston eng sovuq mamlakatlar o‘ntaligidan joy oldi. Eng issiq mamlakatlar reytingida Afrika davlatlari ustunlik qilmoqda.

Shunday qilib, Grenlandiya Yerdagi eng sovuq mamlakat bo‘lib chiqdi, u yerda o‘rtacha harorat -18,6°S. Keyingi o‘rinlarda Kanada (-4,2°S) va Rossiya (-2,9°S). Bu yirik davlatlar issiq joylarga ham ega, ammo shimoldagi katta hududlar umumiy statistikaga hissa qo‘shgan.

Qizig‘i shundaki, sovuq mamlakatlar reytingida Qirg‘iziston va Tojikiston ham yuqori o‘rinlarni egallagan. Bu ularning aksariyat hududi tog‘li ekani bilan izohlanadi.

Eng issiq mamlakat G‘arbiy Afrikadagi Burkina-Faso bo‘lib, o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 29,3 darajaga teng. Undan keyingi o‘rinlarda Mali, Qatar, Senegal, BAA, Mavritaniya, Bahrayn kabi davlatlar kelmoqda.

O‘zbekiston eng sovuq mamlakatlar reytingida 62-o‘rinda, eng issiq mamlakatlar reytingida 144-o‘rinda qayd etilgan. Yurtimizda yillik o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 14,9 daraja deb belgilangan. 

Hajda halok bo‘lganlar

Eng issiq davlatlar sirasiga shubhasiz, Saudiya Arabistoni ham kiradi. Buning natijasi o‘laroq, bu yil Makkada haj ziyorati vaqtida yuzlab ziyoratchilar jazirama issiqdan vafot etdi.

Ayni kunlarda Saudiya Arabistonida havo harorati soyada 50 darajadan yuqori. Ziyoratchilar ochiq quyoshda piyoda yurib ko‘plab amallarni bajaradi, buning natijasida, ayniqsa, keksa yoshli kishilar quyosh urishidan vafot etyapti.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, birgina Haj vaqtida kamida 550 kishi halok bo‘lgan, ulardan 323 nafari Misrdan kelgan ziyoratchilar.

Tunisning Tunis Afrique Presse axborot agentligiga ko‘ra, qurbonlar orasida 35 nafar Tunis fuqarosi ham bor. Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi iordaniyalik ziyoratchilar dafn marosimiga 41 ta ruxsatnoma berilganini e’lon qildi. Eronning IRNA axborot agentligi 11 nafar eronlik halok bo‘lgani, yana 24 nafari kasalxonaga yotqizilganini xabar qildi. Shuningdek, Senegalning uch fuqarosi va Indoneziyaning 144 fuqarosi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Bu odamlarning aksariyati jazirama issiqdan vafot etgan, deb xabar qildi ular qarindoshlari ijtimoiy tarmoqlarda. Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, rasmiylar haddan tashqari yuqori harorat sharoitida ziyoratchilar orasida noodatiy o‘lim holatlarini aniqlamagan.

Eslatib o‘tish kerakki, Saudiya Arabistoni mayyitni vataniga berib yubormaydi. O‘sha yerda dafn etadi. 

Mavzuga oid