Ko‘chmas mulk | 07:26 / 28.02.2026
7063
3 daqiqa o‘qiladi

Ar-Riyodda 2 kmlik Rise Tower: sayyoradagi eng baland bino quriladi

Saudiya Arabistoni sayyoradagӣ eng baland binoga aylanadigan, balandligi 2 kilometr bo‘lgan Rise Tower minorasi renderlarini namoyish qildi.

Foto: Saudi Arabia Holding Co

Ar-Riyoddagi Rise Tower (Saudiya Arabistoni) sayyoradagi eng baland osmono‘par bo‘lishi kerak — uning balandligi ikki kilometr deb e’lon qilingan. Shu tariqa u Dubaydagi Burj-Xalifani ham, qurilayotgan Jeddah Tower'ni ham ortda qoldiradi.

Qurilishni 2026 yilda qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport yaqinida boshlash rejalashtirilgan, asosiy ishlar esa 2030 yilga borib yakunlanishi ko‘zda tutilmoqda. Rise Tower Saudiya Arabistoni poytaxti qiyofasini tubdan o‘zgartirishi va jahon me’morchiligida yangi me’yor o‘rnatishi kutilmoqda.

Rise Tower loyihasi zamonaviy muhandislik fikrining shohasari sifatida o‘ylab chiqilgan. Konstruksiyada innovatsion materiallar va texnologiyalar qo‘llanadi — ular nafaqat binoga vizual jihatdan ta’sirchanlik beradi, balki uning konstruktiv ishonchliligini ham oshiradi. Shiddatli chiziqlar va futuristik plastika minoraga Saudiya Arabistonining ulkan maqsad-ambitsiyalarining yangi ramzi maqomini berishi ko‘zda tutilgan.

Qurilish tugallangach, Rise Tower misli ko‘rilmagan 2000 metr balandlikka ko‘tarilib, dunyodagi eng baland bino bo‘ladi. Solishtirish uchun: hozirgi rekordchi — Burj-Xalifa — 828 metr, Jeddah Tower esa loyihaga ko‘ra 1000 metrdan oshishi kerak. Rise Tower bu ko‘rsatkichlarning ikkalasidan ham ancha yuqori bo‘ladi.

Minorada 678 ta qavat bo‘ladi, har bir qavat o‘zining alohida funksional vazifasiga ega qilib belgilanadi. Bu yerda dabdabali mehmonxonalar, yuqori toifali oshxonali restoranlar, nufuzli ofislar va shaharni hayratomuz manzarada ko‘rsatadigan panoramali kuzatuv maydonchalari joylashadi. Konsepsiya majmua hududidan chiqmasdan turib yashash, ishlash va dam olish mumkin bo‘lgan o‘zini o‘zi ta’minlaydigan vertikal ekotizim yaratishni nazarda tutadi.

Yondosh hudud turistlar va ishbilarmon safarlar oqimiga mo‘ljallangan holda rivojlantiriladi. North Pole Project zamonaviy transport infratuzilmasini — tezkor metro va avtonom transport tizimini yaratishni ko‘zda tutadi. Bu shahar bo‘ylab oson harakatlanishga yordam beradi va minorani ishbilarmonlik hamda turizm faolligining markazi sifatidagi maqomini mustahkamlaydi.

Qurilish ishlari 2026 yilda boshlanadi, asosiy bosqichlarni esa 2030 yilga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Loyihaning ko‘lami allaqachon yetakchi xalqaro muhandislik va konsalting kompaniyalari e’tiborini tortdi; ular orasida Aecom, Bechtel va Jacobs bor. Ularning ishtiroki eng yuqori sifat va xavfsizlik standartlarini ta’minlashi kerak.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid