O‘zbekiston | 22:47 / 24.05.2019
4807
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Germaniya bilan qishloq xo‘jaligi ekinlariga doir tadqiqotlar bo‘yicha kelishuvga erishdi

Foto: Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi mutaxassislari Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida Gannover shahrida bo‘lib, Bundessortenamt qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinash federal markaziga tashrif buyurishdi. 

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, tashrif davomida Bundessortenamt qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinash federal markazi prezidenti Udo fon Krexer qishloq xo‘jaligi navlari, ya'ni xo‘jalik belgilarini baholash – (VCU), qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini huquqiy himoya qilish (DUS) sinovlarini olib borish yuzasidan amaliy tajribalar almashdi. 

Foto: Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi

Shuningdek mutaxassislar Magdeburg nav sinash stansiyasida bo‘lishdi. Mazkur stansiya 60 gektar maydonga ega bo‘lib, bu yerda qariyb 1500 ga yaqin yangi ekin navlari yuqori texnika va texnologiyalar  orkali Bundessortenamt qo‘llanmasi asosida sinovdan o‘tkazilmoqda.  

Germaniyada barcha kishlok xujalik ekinlari navlari majburiy sinovdan 22 ta nav sinash stansiyalarida o‘tkazilib, undan keyingina navlar sinov natijasiga asosan milliy ro‘yxatga kiritiladi hamda ishlab chiqarishga joriy qilish bo‘yicha tartib o‘rnatiladi.

Shu bilan birga, nav sinash ishlariga Davlat tomonidan yiliga 22 mln yevro ajratiladi va budjet tomonidan to‘liq moliyalashtiriladi. 

Foto: Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi

"Ushbu tashrif natijasida O‘zbekiston-Germaniya qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash sohasida ikki tomonlama hamkorlikka oid memorandum imzolanishiga va Germaniyaning ilg‘or tajribasini o‘rganishga kelishib olindi, deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash markazi direktori o‘rinbosari Mirjamshid Murtalibov. – Shuningdek, hamkorlikda ikki mamlakat iqlimiga mos yuqori hosilli, sifatli navlarni joriy qilish hamda bu borada mutaxassislarning tajriba almashishi rejalashtirilmoqda".

Germaniya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligining Milliy va xalqaro darajali muvofiqlashtirish markazi koordinatori doktor Stefan Xaffke sohaga oid hamkorlik aloqalariga katta ishonch bildirdi. 

Ta'kidlash joizki, joriy yilning yanvarida Berlinda O‘zbekiston-Germaniya iqlimiga mos yuqori hosilli, sifatli navlarni joriy qilish hamda bu borada ikki mamlakat tajribasini qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvda ilk hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid