Jahon | 08:37 / 13.04.2026
7985
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriyada hokimiyat almashmoqda: Orban mag‘lubiyatni tan oldi

Viktor Orban Vengriyadagi parlament saylovida mag‘lubiyatni tan oldi va “muxolifatda bo‘lsak ham mamlakatga xizmat qilamiz”, deya va’da berdi. Peter Madyar boshchiligidagi “Tisa” partiyasi yangi parlamentda o‘rinlarning uchdan ikki qismini qo‘lga kiritishi mumkin.

Foto: Attila Kisbenedek/AFP

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mag‘lub bo‘lganini tan oldi.

“Nima bo‘lishidan qat’i nazar, hatto muxolifatda bo‘lsak ham, mamlakatga xizmat qilamiz”, — dedi u 12 aprel, yakshanba kuni kechqurun Budapeshtda o‘z tarafdorlari oldida so‘zlaganida.

“Vazifa aniq: endi boshqaruv yuki bizning yelkamizda bo‘lmagan ekan, biz o‘z jamiyatimizni mustahkamlashimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Orban.

Saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, saylov uchastkalarining 84,91 foizida ovozlar sanab bo‘linganidan keyin, muxolifat yetakchisi Peter Madyar va uning o‘ng-markazchi “Tisa” partiyasi 199 o‘rinli yangi parlamentda 138 ta mandat olishi mumkin. Bu esa parlamentdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini anglatadi.

Saylovchilar faolligi esa rekord darajaga yetdi. Saylov uchastkalari yopilishiga yarim soat qolganda qatnashish darajasi 77,8 foizni tashkil qildi.

Bundan oldin, 12 aprel kuni Madyar Orban telefon orqali uni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklaganini aytgan edi.

“Bosh vazir Viktor Orban hozirgina qo‘ng‘iroq qilib, bizni g‘alabamiz bilan tabrikladi”, — deb yozdi siyosatchi o‘zining X sahifasida.

62 yoshli Orban 2010 yildan beri hokimiyat tepasida. Joriy saylovlarda esa birinchi marta unga qarshi g‘alaba qozonishi mumkin bo‘lgan muxolifat nomzodi maydonga chiqdi — bu 45 yoshli Peter Madyar bo‘ldi. U avval “Fides” partiyasining yoshlar qanoti a’zosi bo‘lgan, “Tisa” partiyasiga esa faqat ikki yil oldin rahbarlik qila boshlagan.

Orban hukumatidan norozi bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatayotgan muammolar qatoriga jamoat infratuzilmasining yomon ahvoli, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimidagi kamchiliklar, shuningdek, korrupsiya kiritilmoqda.

Madyar esa, o‘z so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash olib borish, “tizimli o‘zgarishlar”ni amalga oshirish va yangi konstitutsiyani taqdim etish niyatida. Bundan tashqari, u Vengriyani Rossiyadan uzoqlashtirish va Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatni NATOning ishonchli ittifoqchisi sifatida qayta tiklash tarafdori ekanini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid