Jahon | 15:40 / 20.04.2026
4212
9 daqiqa o‘qiladi

Eron kemasini ushlagan AQSh, Malayziyada dahshatli yong‘in va Tramp-Lukashenkoning «katta kelishuvi» – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz

AQSh—Eron kelishmovchiligi

Dushanbaga kelib AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh bitimi buzilishi borasidagi xavotirlar kuchaydi. AQSh Eron portlarini blokadada ushlab turishda davom etmoqda. Eron esa Ho‘rmuzda dengiz qatnoviga nisbatan o‘z blokadasini goh bekor qilib, goh qayta joriy etmoqda.

AQSh harbiylari yakshanba kuni Bandar-Abbos porti tomon suzayotgan Eron bayrog‘i ostidagi yuk kemasiga qarata o‘t ochganini ma’lum qildi. «Kema to‘liq bizning nazoratimizda va biz bortida nima borligini tekshiryapmiz!» deb yozdi prezident Tramp ijtimoiy tarmoqlarda.

Eron harbiylariga ko‘ra, kema Xitoydan kelayotgan bo‘lgan. «Biz ogohlantiramizki, Eron qurolli kuchlari tez orada AQSh harbiylarining ushbu qurolli qaroqchiligiga javob qaytaradi va qasos oladi», dedi Tehron harbiy rasmiysi.

Fors ko‘rfaziga kirish va chiqish qatnovi minimal darajaga tushib qolishi ehtimoli sababli neft narxi keskin ko‘tarildi, fond birjalari esa tebrana boshladi.

Eron davlat OAVlarining xabar berishicha, Tehron yangi tinchlik muzokaralarini rad etgan. Bunga davom etayotgan blokada, Trampning tahdidli ritorikasi, Vashingtonning o‘zgaruvchan pozitsiyasi va «haddan tashqari talablari» sabab bo‘lgan.

«Boshqalar uchun bepul xavfsizlik kutgan holda Eronning neft eksportini cheklab bo‘lmaydi. Tanlov aniq: yoki barcha uchun erkin neft bozori, yoki hamma uchun jiddiy xarajatlar xavfi», deb yozdi Eronning yuqori martabali amaldori Muhammadrizo Orif.

Bundan avval Tramp agar Tehron uning shartlarini rad etsa, AQSh Erondagi barcha ko‘prik va elektr stansiyalarini yo‘q qilishidan ogohlantirgandi. Uning so‘nggi paytlardagi doimiy tahdidlari o‘z uslubida davom etmoqda.

Eron esa agar Amerika uning fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilsa, AQSh bazalari joylashgan qo‘shni Arab davlatlarining elektr stansiyalari va suvni chuchuklashtirish inshootlariga zarba berishini aytgan.

Asosiy vositachi vazifasini bajarayotgan Pokiston shu hafta boshidagi ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Islomobodda jamoat transporti va og‘ir yuk mashinalari harakati to‘xtatildi. O‘tgan hafta muzokaralar bo‘lib o‘tgan Serena mehmonxonasi qattiq qo‘riqlovga olindi.

Malayziyada dahshatli yong‘in

20 aprel Malayziyaning Saboh shtatida joylashgan qirg‘oq bo‘yi qishlog‘ida ulkan yong‘in 1000 ga yaqin vaqtinchalik uyni vayron qildi va aholini boshpanasiz qoldirdi.

Yong‘in yakshanba kuni erta tongda «suv ustidagi qishloq»da boshlangan. Bu hudud Malayziyaning eng kambag‘al aholisi, jumladan, tub xalqlar va fuqaroligi bo‘lmagan jamoalar maskani hisoblanadi. Ular bir-biriga juda zich qilib qurilgan, suv ustidagi yog‘och ustunli uylarda yashashadi.

O‘t o‘chirish departamenti hisob-kitoblariga ko‘ra, yong‘indan taxminan 4 gektar maydon zarar ko‘rgan. Kuchli shamol va uylarning bir-biriga juda yaqinligi yong‘inning shiddat bilan tarqalishiga sabab bo‘lgan, tor yo‘llar esa qutqaruv ishlarini murakkablashtirgan.

Shuningdek, dengiz suvining qaytishi — past to‘lqin holati ochiq suv manbasini topishni qiyinlashtirgan. Qurbonlar yoki jarohatlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmadi. Hozirda «xavf to‘liq bartaraf etilgan». Sandakan politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in jami 9 007 nafar aholining mulklariga zarar yetkazgan.

Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim jabrlanganlarni imkon qadar tezroq yordam va vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotganini aytdi.

AQShda ommaviy otishma

Yakshanba kuni AQShning Luiziana shtatida qurollangan shaxs o‘zining yetti nafar farzandi va yana bir voyaga yetmagan bolani o‘ldirdi.

Shrivport shahri politsiyasining ma’lum qilishicha, otishma sodir bo‘lgan uy ichidan yetti kishining jasadi topilgan, sakkizinchi bola esa tom orqali qochishga urinayotganida halok bo‘lgan.

Gumonlanuvchi avval bir ayolga o‘q uzgan, so‘ng yaqin atrofdagi uyga borib, u yerdagi bolalarni qatl qilgan. Bolalarning yoshi 1 dan 14 yoshgacha bo‘lgan.

Hozirda ikki ayol og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada davolanmoqda. Politsiyaga ko‘ra, o‘q uzgan shaxs va o‘q yegan ayollardan biri — o‘ldirilgan yetti nafar bolaning ota-onasi bo‘lgan. Ayollardan birining hayoti xavf ostida qolmoqda. Hujum oilaviy zo‘ravonlik akti sifatida baholanmoqda.

Gumonlanuvchi Shamar Elkinsning o‘zi mashinada qochayotganda politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Tergovchilar qotillik sababi – motivini aniqlash ustida ishlamoqda.

Ushbu hodisani hisobga olmaganda, joriy yil AQShda kamida 119 ta ommaviy otishma sodir bo‘ldi. Ushbu otishmalar natijasida 117 kishi halok bo‘lgan, shundan 79 nafari bolalar.

Bolgariyada saylovlar

19 aprel kungi ekzitpol natijalariga ko‘ra, sobiq prezident Rumen Radeyev Bolgariyadagi saylovlarda mutlaq g‘alaba qozonish arafasida. Reutersʼning yozishicha, u hatto parlamentda ko‘pchilik o‘rinni egallashi mumkin. Bu esa Yevropa Ittifoqi a’zosi Bolgariyada yillar davomida hukm surgan tashqi siyosatni o‘zgartirishi mumkin.

Dastlabki natijalar Radeyevning «Progressiv Bolgariya» partiyasi 44% ovoz bilan — sobiq bosh vazir Boyko Borisov boshchiligidagi GERB partiyasidan ancha o‘zib ketganini ko‘rsatdi.

Agar ushbu natijalar tasdiqlansa, o‘nlab yillar davomida goh hokimiyatda, goh muxolifatda bo‘lib kelgan partiyani chetga surish va beqarorlikka yakun yasash mumkin.

Radeyev G‘arbda rossiyaparast sifatida ko‘riladi. U Ukrainaning Moskvaga qarshi urushini harbiy qo‘llab-quvvatlashga qarshi bo‘lgan, o‘zi sobiq harbiy uchuvchi.

Radeyev 6,5 million aholiga ega Bolqon davlatida siyosiy beqarorlikdan to‘ygan, korrupsiya va siyosatni monopoliya qilgan faxriy partiyalardan charchagan saylovchilarning norozilik to‘lqinidan foydalandi.

O‘z kampaniyasida Radeyev Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash va Rossiya neft-gazining Yevropaga erkin oqimini qayta tiklash haqida gapirgandi.

Uning qarashlari – NATO a’zosi bo‘lgan va shu yil Yevro hududiga qo‘shilgan Bolgariyaning tashqi siyosatiga qanchalik ta’sir qilishi hozircha aniq emas.

Lukashenko Tramp bilan ko‘rishmoqchi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ikki davlat o‘rtasida «katta kelishuv» tayyorlangach, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Biz kelishuvga tayyormiz, biroq kelishuv — AQShning ham, Belarusning ham manfaatlarini aks ettiradigan tarzda tayyorlanishi lozim», dedi Lukashenko rus OAVga bergan intervyusida.

Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi va u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagan. Ammo jangovar harakatlarda qatnashish uchun o‘z qo‘shinlarini yubormagan.

Lukashenko ular G‘arb sanksiyalariga moslashganini va Vashington bilan bo‘ladigan har qanday ehtimoliy kelishuv shunchaki sanksiyalarni yumshatishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga olishi kerakligini ta’kidladi.

«Bizda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ancha ko‘p va 'katta kelishuv'ning mavzusi ham shundan iborat. Bu masalalarni quyi darajada yakunlab olsak, Donald bilan uchrashishga va bitimni imzolashga tayyormiz», dedi u aniq masalalarni ochiqlamagan holda.

Shu yilning mart oyida Trampning vakili Jon Koul Belarus prezidenti tez orada AQShga tashrif buyurishi mumkinligini aytgandi. Inson huquqlari buzilishi uchun qoralanadigan avtoritar yetakchi uchun bunday safar diplomatik burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid