«Emlanmaganlarga juda og‘ir bo‘lyapti» - Mirziyoyev aholini yana bir bor vaksina olishga chaqirdi
Prezident xalq salomatligini saqlash uchun barcha choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektorda O‘zbekistondagi epidemiologik holat murakkablashganiga to‘xtalib, vaksinatsiyani jadallashtirish zarurligini ta'kidladi.
«Men jahonning yetakchi olimlari tadqiqotlari bilan qiziqdim: koronavirus pandemiyasi 10 yil davom etishi taxmin qilinmoqda. Biz endi bu virus bilan yashashni o‘rganishimiz zarur.
Afsuski, kasallik tarqalishi yana kuchayib ketdi. Vaziyat murakkab, bunday vaziyatda esa asosiy chora - vaksinatsiyani kuchaytirish. 3 mln doza Moderna vaksinasini 4 avgustda emas, ertaroq olib kelyapmiz. O‘zimizda «Sputnik» vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz.
Endi faol emlanish zarur. Meni hayron qoldirayotgani ziyoli odamlar ham vaksina olishdan qaytarishyapti. Xalqimiz salomatligini saqlash uchun barcha choralarni ko‘ramiz», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Davlat rahbari hukumat har bir fuqaro hayoti uchun kurashishda va buning uchun zarur vositalarni yo‘naltirishda davom etishini ta'kidlab, fuqarolar o‘z hayotlari va salomatliklari uchun mas'ul ekanliklarini yana bir bor eslatib o‘tgan.
«Vaksina olganlar shifoxonadan to‘rt kunda chiqyapti, emlanmaganlarga esa juda og‘ir bo‘lyapti. Ha, vaksina olgandan keyin kasallanish mumkin, lekin kasallik yengil formada kechyapti», deya qayd etgan davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi orqali ajratilgan Moderna vaksinasining 3 million dozasi 29 iyul kuni Alabama shtatidan maxsus reys bilan O‘zbekistonga yetkazilishi kutilmoqda.
Prezident 23 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda ham epidemiologik vaziyat yuzasidan xalqqa murojaat qilib, barchani koronavirusga qarshi emlanishga chaqirgandi.
«Vaksinatsiya, vaksinatsiya, yana bir marta vaksinatsiya. Juda katta mashaqqatlar bilan vaksinalarni olib kelyapmiz. 4 avgust kuni yana 3 million yangi doza Amerikadan keladigan bo‘ldi. Mana 2,5 million doza vaksinamiz bor, lekin hali ham odamlarimiz vaksinaga ishonmayapti, juda katta yo‘qotish bo‘lyapti oralarimizda», degandi davlat rahbari.
Mavzuga oid
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
14:59 / 18.11.2024
Shavkat Mirziyoyev qaysi masalalarda yangi qonunlar kerak bo‘layotganini sanab o‘tdi
14:37 / 18.11.2024
Budjet xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti - prezident
14:12 / 18.11.2024