O‘zbekiston | 13:13 / 25.04.2021
21442
7 daqiqa o‘qiladi

«Yaxshi motivatsiya xatini yozish uchun hatto yillar kerak bo‘ladi» - Harvard grantini yutgan qiz

Kun.uz'ning Uzbek.Life loyihasi navbatdagi qahramoni – Aziza Izamova. U magistratura va doktorantura o‘qish bo‘yicha AQShning Harvard universitetidan 5 yillik stipendiyani qo‘lga kiritgan.

Aziza nemis, polyak, fransuz va rus tillarini biladi. U hozir Germaniyaning Bard College oliygohida, san’at tarixi va nazariyasi yo‘nalishi bo‘yicha 4-bosqichda o‘qiyapti.

«Toshkentda tug‘ilganman. 60-maktabni tamomlab, keyin Vestminster universiteti qoshidagi litseyda o‘qidim. 2017 yilda Germaniyadagi Bard Collage oliygohiga kirdim va shu yilning avgustida Berlinga keldim. Nemis tilini maktabda, ingliz tilini esa litseyda o‘rganganman. Ikkala til ham Germaniyada va umuman hayotimda juda asqotdi», – deydi u.

«San’atga qiziqishim bolaligimdan boshlangan. Ammo qachondir san’at tarixini ilm sifatida o‘rganaman deb o‘ylamaganman. Kishi o‘z qiziqishi va imkoniyatlarini rivojlantirishni bilishi kerak ekan. Sababi hayot qachon, qayerga burilishini bilmaymiz.

Universitetga kirib, san’at men o‘ylagandan ham qiziqarliroq ekani, bu yo‘nalishda juda kam narsa bilishimni tushundim. Va bu sohani chuqurroq o‘rganib, ko‘proq narsa o‘rganishga kirishdim», – deydi Aziza.

Harvard grantini qanday yutish mumkin?

Aziza keyingi oy 4-kursni tamomlaydi va yozda AQShning Harvard universitetida o‘qiy boshlaydi.

«Harvardga hujjat topshirishdan oldin bir necha oy tayyorlandim. Keyin harvard.edu saytidan yo‘nalishim bo‘yicha ajratiladigan grantga ariza to‘ldirdim. Bu yerda juda ko‘p sohalar uchun grantlar ajratilgan. Universitet saytiga kirib, yo‘nalishni tanlab, ariza to‘ldirish mumkin.

Ariza bo‘limiga bakalavrda olgan baholarim, universitet professorlaridan 3ta tavsiyanoma, motivatsiya xatini joyladim.

Shuningdek, soha bo‘yicha bilimimni tekshirish uchun 1ta test topshirdim: gumanitar ta’limga oid GRE testini yechdim. Huquqiy yoki tibbiyot sohalari nomzodlari boshqa test turini yechishadi. Ushbu testni magistratura yoki doktorantura yo‘nalishiga topshirmoqchi bo‘lganlar topshiradi.

AQShning ba’zi universitetlariga, shu jumladan, Harvardga qabul jarayonida ham «Diversity Statement» mavzusida xat yozish talab qilinadi. U boshqa joyda o‘sib, ulg‘ayib, ta’lim olgan talabaning o‘ziga xos jihatlari, imkoniyat va bilimlarini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ingliz tilida gaplashmaydigan davlat talabalari til sertifikatini (IELTS, TOEFL) ham topshirishlari kerak. Bakalavr ta’limini ingliz tilida o‘qigan nomzoddan bunday sertifikat talab qilinmaydi.

Doktorantura yo‘nalishida o‘qish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi, talaba umuman pul sarflamaydi. Magistr bosqichida esa bu xarajatlarni nomzod o‘zi qoplashi kerak. Menga ham 5 yillik doktorantura xarajatlarim to‘liq qoplab beriladi. Doktorantura o‘qishi bilan bir paytda magistraturani ham o‘qiyman. Men bakalavrdan keyin to‘g‘ridan to‘g‘ri doktoranturada o‘qishni davom ettiraman. 5 yillik doktoranturaning dastlabki 1-2 yili magistr hisobiga o‘tadi.», – deydi Aziza Izamova.

Berlin

«Harvardni tanlashimga tadqiqotim mavzusi sabab bo‘ldi»

Qahramonimiz aynan Harvandni tanlagani sababini, hozir yozayotgan diplom ishini keyinchalik davom ettirish uchun u yerda imkoniyat ko‘pligi bilan izohlaydi.

«Diplom mavzumda universitetda olgan amaliy va nazariy bilimlarimni Markaziy Osiyo va O‘zbekiston bilan bog‘lashni maqsad qildim. Turli davrlardagi Markaziy Osiyo san’atini o‘rganish bo‘yicha juda katta imkoniyatlar bor. Bu juda katta mavzu. Diplom ishim uchun O‘zbekiston va Markaziy Osiyo san’atini birlashtiradigan mavzu – Nukus shahridagi Savitskiy nomidagi muzeyni tanladim.

May oyida diplom ishimni tugataman. Bu mavzu men uchun juda qiziq va javobini topolmagan savollarim ko‘p. Markaziy Osiyo va O‘zbekiston san’ati tarixi haqida hali ko‘p narsani o‘rganishim kerak. Shuning uchun ham doktoranturani Harvardda o‘qishni xohladim. Chunki u yerda bu yo‘nalishda menga yordam beradigan mutaxassislar bor.

Shu bilan birga, o‘zim o‘rgangan bilimlarni olim, o‘qituvchi sifatida boshqalarga ham o‘rgatishni juda xohlayman», – deydi talaba.

Germaniya qishloqlari bo‘ylab sayohat

«Motivatsiya xati bir kun yo bir oyda yoziladigan jarayon emas…»

Azizaning aytishicha, o‘qishga topshirish uchun hujjat tayyorlayotganda nomzoddan so‘raladigan hujjatlardan biri – motivatsiya xati. Universitet grant ajratishi uchun bu xatning qanday yozilgani ham muhim.

«Motivatsiya xatini yozish bir kun, bir oyda, hatto bir yilda ham yoziladigan jarayon bo‘lmasligi mumkin. Bu xat – talabaning tarjimayi xoli. Bir necha yillik izlanish, qiziqish, tajribalari natijasida yozilishi kerak. Hatto buni 5-6 yillik jarayon desa ham bo‘ladi.

Ko‘pchilik universitetning reytingiga qarab hujjat topshiradi. Ammo ilm qiladigan odam uchun universitetning qanchalik mashhurligi muhim emas. Siz tanlagan oliygohda mavzungizni chuqur o‘rganishga yordamlashadigan o‘qituvchilar, manba, shuningdek, qiziqish va karerangiz uchun imkoniyat bo‘lishi kerak. 4 yildan ortiqroq vaqt bir joyda, bir universitetda o‘qib, universitet jamoasi ham talaba uchun qanchalik muhimligini tushundim», – deydi Aziza.

Berlindagi Potsdam shaharchasi

«Berlin – Germaniya emas...»

U hayotda va o‘qishdagi muvaffaqiyati oilasi va do‘stlarining qo‘llab-quvvatlashiga ham bog‘liqligini aytadi.

«Bu bilan birga, kishi o‘ziga, kuchiga, qo‘lidan nima kelishiga ham ishonishi kerak. Biror maqsadni oldiga qo‘yishdan oldin uni nima kutayotganini aniqlab olishi kerak. Ish va hordiq o‘rtasidagi balansni to‘g‘ri saqlash juda muhim. O‘zni butunlay o‘qish yoki ishga bag‘ishlab ham yaxshi natijaga erishish qiyin», – deydi u.

Dessau shaharidagi afsonaviy dizayn va san’at maktabi Bauxaus

4 yildan buyon Germaniya poytaxtida yashayotgan Azizaning aytishicha, Berlin – talabalar uchun yaxshi shahar, bu yerda ko‘p universitetlarda ta’lim olish bepul. Talabalarning yashash va ishlashi uchun ancha qulayliklar bor.

«Germaniyaga kelganimdan beri tez-tez eshitadigan iboram – «Berlin Germaniya emas». Sababi bu yerda juda ko‘p madaniyat va millatlarni uchratish mumkin va ular bir-biriga aralashib ketgan. Berlin – multimadaniyatli shahar», – deydi u.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid