Jahon | 18:52 / 21.04.2026
4145
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Qozog‘iston neftini Yevropaga yetkazib berishni to‘xtatadi

Rossiya hukumati Qozog‘iston neftini Yevropaga yetkazib berishning asosiy kanalini yopishga qaror qildi, uni 2023 yildan boshlab Germaniya, 2025 yildan esa Vengriya import qilayotgan edi.

Foto: Kaztransoil

Reuters xabariga ko‘ra, 1 maydan boshlab Qozog‘istondan «Drujba» quvuri orqali neftni Yevropaga yetkazib berish to‘xtatiladi. Qozog‘iston tomoni Rossiyaning «Transneft» kompaniyasidan tegishli xabarnoma oldi, dedi agentlikka uchta manba. Reuters suhbatdoshlari ta’minot to‘xtatilishining rasmiy sabablarini ma’lum qilmadi.

«Drujba» quvuridan tashqari, Qozog‘iston nefti Qora dengizdagi Novorossiysk porti orqali eksport qilinadi, biroq aprel oyi boshida dronlar hujumiga uchraganidan keyin u past quvvatda ishlayapti.

O‘tgan yili Qozog‘iston «Drujba» orqali 2,1 million tonna neft eksport qildi. Uni Germaniyaning «Shvedt» neftni qayta ishlash zavodi sotib oldi. Bu zavod urushdan oldin «Rosneft»ga tegishli bo‘lgan, Ukrainaga bostirib kirilgandan so‘ng esa Germaniya hukumati tomonidan nazoratga olingan va Rossiya xomashyosini import qilishni butunlay to‘xtatgan.

2025 yil fevral oyida Qozog‘iston, shuningdek, Vengriyaga sinov tariqasida neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Yilning ikkinchi yarmida Qozog‘iston Xorvatiya orqali Vengriya bozoriga dastlabki 85 ming tonna neft eksport qildi.

Qozog‘iston konlaridan Germaniyaga «Drujba» quvuri bo‘yicha eksport birinchi chorakda ikki baravar ko‘payib, 730 ming tonnani tashkil etdi va 2026 yil oxiriga kelib rekord darajadagi 2,5 million tonnani tashkil etishi kerak edi.

Kreml Yevropa davlatlariga neft juda zarur bo‘lgan paytda ta’minotni uzishga qaror qildi. «Trafigura» energiya treyderi hisob-kitoblariga ko‘ra, Erondagi urush tufayli jahon bozori 1 milliard barrelni yo‘qotdi. Ilgari Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Yaqin Sharqqa xomashyo tashishning asosiy yo‘li bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganidan so‘ng, jahon neft yetkazib berish hajmi kuniga 10 million barrelga kamaygan.

Natijada Yevropada aviakerosin iste’molini «optimallashtirish» rejasi tayyorlanmoqda, uning 40 foizi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hisobiga yetkazib berilgan. Yevropa Ittifoqi may oyida yoqilg‘i tanqisligi tufayli yirik aviakompaniyalar samolyotlardan foydalanishni to‘xtatib, parvozlarni bekor qilmoqda. Xususan, Niderlandiyaning KLM kompaniyasi 80 ga yaqin reysni bekor qildi, Germaniyaning Lufthansa kompaniyasi esa 40 ta laynerdan foydalanishni to‘xtatishga tayyorlanmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid