O‘zbekiston | 16:31 / 15.04.2026
4856
3 daqiqa o‘qiladi

“G‘ururlanaman, sen qahramonimizsan” - Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorovni shaxsan tabrikladi

“Reytingi eng yuqori grossmeysterlarni kuchli iroda va jasorat bilan mag‘lub etding. Senga manaman degan shaxmatchilar ham tan beryapti”, – dedi Sindorov bilan telefon orqali gaplashgan prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi.

“Qadrli Javohir bolam, ovozingni eshitganimdan xursandman. Katta yutuq bilan yoningda turgan ota-onang, barcha yaqinlaring, murabbiylaringniyam hammasini muborakbod etaman. Meni faqat xursand qilib yuribsan. Butun xalqimiz duoda edi, mana shu duolari ijobat bo‘ldi.

Yurtimizning kuch-qudratini, yoshlar nimaga qodir ekanini, uchinchi renessans poydevori O‘zbekistonda bo‘lishini butun dunyoga tarannum etding. O‘zbekiston shaxmat tarixida ilk bor FIDE nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘alaba qozonganing, musobaqada biron marta mag‘lubiyatga uchramaganing, bir qancha rekordlarni yangilaganing, 13 ta o‘yinda 6 ta ishonchli g‘alaba qozonganing – Xorazm, Beruniy bobolarimizga munosib ish qilganing, bunday yutuqqa Amir Temur bobomizning yubileyi kunlarida erishganingdan xalqimiz juda xursand.

Reytingi eng yuqori grossmeysterlarni kuchli iroda va jasorat bilan mag‘lub etding. Senga manaman degan shaxmatchilar ham tan beryapti. Uchinchi renessans bunyodkorlarining shijoatini yaqqol ko‘rsatding va dunyoga namoyish etding. Yana bir marta, bolam, tabriklayman. G‘ururlanaman, qahramonimizsan, shuni bilgin”, – dedi davlat rahbari.

Javohir Sindorov o‘z navbatida barcha g‘alabalari zamirida davlat tomonidan, shaxsan prezidentning o‘zi tomonidan bo‘layotgan qo‘llab-quvvatlash yotganini, musobaqaga tayyorgarlik uchun homiylar biriktirib berilganini aytib, bunday qo‘llov va qutlov uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Olimpiadada ham yurtdoshlarimiz bilan g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Jahon toji uchun yil oxirida bo‘ladigan kurashda ham, xudo xohlasa, g‘alaba qozonaman. Qo‘llab-quvvatlab turganinglar uchun katta rahmat, men buni his qildim, hatto [ko‘chalardagi] bilbordlarda turganim juda katta hayajon uyg‘otdi”, – dedi chempion.

“Har safar aytgan gapingning ustidan chiqyapsan. Shuning uchun yil oxirida nasib bo‘lsa jahon tojini ham vatanimizga olib kelishingga ishonaman. Iloyim, bu yo‘lda senga omad va zafarlar tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, bolam. Yurtimizga intiqlik bilan kutib qolamiz. Hammaga, bobolaringga, murabbiylaringga mendan salom deb qo‘ygin”, – deya suhbatni yakunladi Shavkat Mirziyoyev.

Kiprda o‘tayotgan Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘lib ulgurgan Javohir Sindorov bugun so‘nggi turda xitoylik Vey I bilan oq donalarda bahs yuritadi. Partiya Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid