Jamiyat | 10:42 / 04.04.2020
20815
4 daqiqa o‘qiladi

Surdo tili haqida nimalarni bilamiz? – mutaxassis bilan suhbat

Xorijda ular televizon xabarlarning ajralmas qismiga aylangan. Bizda faqat juda muhim yangiliklarda, ya'ni onda-sonda ko‘rinib qolishadi. Holbuki, rivojlangan davlatlarda bu kasb egalariga jiddiy e'tibor beriladi. Demak bugungi mehmonimiz – surdotarjimon.

Foto: globallookpress.com

Go‘zal Rahmatullayeva – Toshkentdagi karlar jamiyati surdotarjimoni. Ayni shu yo‘nalishda 10 yildan buyon faoliyat yuritmoqda.

Koronavirus mavzusida tashkil etilayotgan kunlik brifinglar chog‘ida Go‘zal bilan qisqa suhbat qildik.

– Go‘zal, anchayin kamyob bo‘lgan bu kasbni tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?

– Taqdir sabab bo‘lgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, otam ham, onam ham eshitish bo‘yicha nuqsoni bor odamlar. Har ikkisi ham karlar jamiyati a'zosi. Bolaligimda shu muhitda katta bo‘lganim kasb tanlashimga ta'sir qilgan.

– Surdotarjimonlarni tayyorlaydigan qandaydir ta'lim maskani bormi?

– Bu sohada ishlash uchun oliy ma'lumot shart emas. Shaxsan men o‘zim karlar jamiyatida 3 oy o‘qib o‘rganib, sertifikat olganman. Mana shu hujjat asosida faoliyat yuritaman.

– Tarjimada surdotarjimonning og‘iz qimirlashi asosiy gapni gapirayotganday qimirlaydimi? Masalan, «assalomu alaykum» deyilganda siz ham og‘zingizni «assalomu alaykum» deb qimirlatasizmi?

– Efirda yuqori samaraga erishish uchun og‘iz qimirlashi, ya'ni artikulyatsiya kerak bo‘ladi. Oddiy muloqotda bu shart emas. Savolingizga kelsak, gapiruvchining og‘iz qimirlashi bilan surdotarjimonning og‘iz qimirlashi mos keladi, ya'ni «assalomu alaykum» deyilganda men ham og‘zimni «assalomu alaykum» deb qimirlataman.

– Televideniyeda ilk marta ishlashingizmi?

Go‘zal Rahmatullayeva

– 2018 yilda ham bir tok-shouda ishtirok etganman. O‘tgan yilgi saylovlarda ham «Mahalla», «O‘zbekiston», «Yoshlar» va «O‘zbekiston24» telekanallari orqali 1 oydan ortiq efirga chiqdim. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, surdotarjima zarurligi bo‘yicha BMT TD O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusiga ko‘ra yana efirga taklif qilishdi.

Yaxshi maosh ham va'da qilishdi – bilishimcha, bu mablag‘ yuqoridagi vakolatxona tomonidan ajratilgan.

– Savolim juda oddiy tuyilishi mumkin. Bir necha yil oldin qiziqchilarimizdan biri surdotarjimonlarni hajv qilgandi... Surdotarjima biror-bir harakatning qo‘llardagi taqlidiga asoslangan, deb bo‘ladimi?

– Surdotarjima ancha murakkab soha va unda qo‘llar harakati orqali barcha so‘zlar ifodalab beriladi. Ayrim harakatlar balki o‘xshashligi mumkin.

Hajviyaga kelsak, bunday chiqishlarni oqlamayman. Sababi, karlar ham barcha nogironlar singari murakkab sinovga uchragan va ta'sirchan insonlar. Ularning ustidan kulish mutlaqo yaramaydi.

– Dunyo miqyosida surdo tili bir xilmi? Ya'ni O‘zbekistondagi kar inson Yevropadagi shunday odam bilan gaplashib keta oladimi?

– Yo‘q, ma'lum hududlarda, davlatlarda tarqalgan muloqot uslublari bor va ular soni bir nechta. Masalan, sobiq ittifoq davlatlari bir-birlari bilan bemalol muloqot qila oladilar. Ammo uzoq xorijiy davlatlarniki keskin farq qiladi. Lekin baribir qandaydir umumiy harakatlar mavjud, ikki kar til topisha oladi.

Shuningdek, Gestuno deb nomlanuvchi xalqaro til ham bor va uni o‘rganganlar o‘zaro muloqot qilishlari mumkin.

– Karlar zamonaviy smartfonlardan foydalanishni yaxshi o‘zlashtirishganmi, messenjerlarda gaplashishadimi?

– Xuddi sog‘lom odamlar singari har xil. Ko‘pchiligi smatfonlardan foydalanishadi. Messenjerlarda asosan 20-50 yoshgacha bo‘lgani foydalanadilar. Qolgani faqat videochaqiriqlarda (imo, Whatsapp, Telegram) muloqot qilishadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid