Jahon | 11:36 / 01.07.2023
30616
15 daqiqa o‘qiladi

SSSRda yashirilgan halokat – sovetlarning 13 nafar admirali halok bo‘lgan hodisa qanday sodir bo‘lgandi?

Bundan 42 yil avval Leningrad yaqinidagi harbiylar shaharchasida Tu-104 samolyoti halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 50 nafar harbiy halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida SSSR Harbiy-dengiz kuchlari Tinch okeani flotining barcha qo‘mondonlari va boshqa yuqori lavozimli harbiylar bor edi. Sovetlar ikkinchi jahon urushida buncha admiraldan ayrilmagandi. SSSRda ushbu hodisa qattiq sir tutiladi va u ittifoq parchalangach oshkor bo‘ladi.

Foto: ukrainianwall.com

1981 yil 7 fevral. Leningrad shahri yaqinidagi Pushkin shaharchasida joylashgan harbiy aerodrom. Bir guruh yuqori lavozimli harbiylar samolyotga chiqishga shoshilishyapti. Ular orasida harbiy-dengiz kuchlari admirallari, generallar va boshqa zobitlar bor.

Yuqori lavozimli harbiylar Pushkindagi harbiy bazada o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng xizmat joyiga, Vladivostokka qaytmoqda. Harbiylar o‘tirgan Tu-104 samolyoti havoga ko‘tariladi, biroq ko‘p o‘tmay halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan barcha halok bo‘ladi.

Bu halokat nafaqat SSSR, balki jahon tarixida bir paytning o‘zida ko‘p yuqori lavozimli harbiylar halok bo‘lgan yagona hodisa hisoblanadi.

Halokatdan avval

1981 yil fevral oyining boshida Leningraddagi harbiy-dengiz akademiyasida operativ o‘quv yig‘ini o‘tkazilishi belgilanadi. Yig‘ilishda SSSR Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli barcha flotlarning komandir tarkiblari qatnashishi shart edi.

Yanvar oyi oxirida birin-ketin barcha flotlar qo‘mondonlari va komandirlari, o‘quv-mashqida qatnashadigan zobitlar Leningradga kela boshlashadi.

1981 yil 30 yanvar kuni Tinch okeani flotiga qarashli Tu-104 samolyoti Leningrad yaqinidagi Pushkin shaharchasida joylashgan harbiy aerodromga qo‘nadi.

Tu-104 samolyoti

Samolyotda Leningradda o‘tkazilishi belgilangan o‘quv-yig‘inida qatnashishi belgilangan Tinch okeani floti qo‘mondoni va barcha komandir tarkibi kelgan edi.

1 fevral kunidan boshlangan maxsus mashq o‘quv-yig‘ini yetti kun davom etadi va unda aynan Tinch okeani floti komandir tarkibi eng yaxshi deb topiladi. 7 fevral kuni tushdan so‘ng jamoa ortga – Vladivostokka uchib ketishi kerak edi.

Tu-104 samolyoti reaktiv dvigatelli samolyot bo‘lib, Vladivostokkacha to‘xtovsiz uchishi kerak edi. Samolyotga yoqilg‘i to‘ldiriladi va Tinch-okeani floti komandir tarkibi parvozga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.

Soat 16:00 da Tu-104 komandiri A.Inyushin samolyot parvozga tayyorligini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng Tinch-okeani floti qo‘mondoni Emil Spiridonov boshchiligidagi harbiylar samolyotga chiqishadi. Spiridonovning xotini ham u bilan birga edi.

Halokat

Ekipaj komandiri podpolkovnik Inyushin tajribali uchuvchi bo‘lib, o‘sha parvozgacha u jami 8 150 soat uchgan, shundan 5 730 soat parvozni Tu-104 bilan amalga oshirgandi.

Tu-104 samolyoti 1957 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, qariyb 25 yildan buyon parvoz qilib kelayotgandi. Mazkur samolyotdan avvaliga «Aeroflot» yo‘lovchi tashishda foydalanadi.

Keyinroq samolyot harbiylarga beriladi va u Tinch okeani floti ixtiyoriga jo‘natiladi.

O‘sha kuni Leningradda havo bulutli bo‘lib, kuchli qor yog‘ib turgandi. Havoning ko‘rish darajasi ancha pastligi sabab, bu holat uchuvchilarga qiyinchilik tug‘dirayotgandi.

Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan ketar ekan, havoga ko‘tarilish chog‘ida belgilangandan soatiga 25 kilometr kam tezlikda harakatlanadi. Havoga ko‘tarilgan zahoti samolyotning bir tomon qanoti og‘a boshlaydi. Ekipaj vaziyatni o‘nglay olmaydi.

Parvozdan bor-yo‘g‘i sakkiz soniya o‘tib Tu-104 50 metr balandlikka ko‘tarilganda uning o‘ng qanoti yerga tegadi va zarb natijasida samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan 500 metr nariga qulab tushadi.

Shu paytda samolyotda bo‘lgan 20 tonna yoqilg‘i o‘t oladi osmonga tutun va olov o‘rlaydi. Shu vaziyatda hech kimni qutqarishning iloji yo‘q edi. Samolyotdagi barcha 6 nafar ekipaj a’zosi va 44 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi.

Halok bo‘lganlar orasida Tinch okeani flotining 16 nafar admiral va generallari va yana boshqa ko‘plab yuqori lavozimli harbiylar bor edi. Ular orasida besh nafar ayol ham bo‘lgan.

Bundan tashqari, Primore o‘lkasi partiya qo‘mitasi birinchi sekretarining rafiqasi, Spiridionovning xotini, Tinch okeani floti aloqa bo‘limi boshlig‘ining qizi, shuningdek, Primore o‘lkasi ijroqo‘mi raisi, uning xotini va o‘g‘li bor edi.

Halokat sodir bo‘lgan joyga zudlik bilan o‘t o‘chiruvchilar, qutqaruvchilar, tez tibbiy yordam shifokorlar yetib keladi. Olov o‘chirilgandan so‘ng ekipaj a’zolari va harbiylardan bir kishi – Tinch okeani floti 570 aviapolk texnik xodimi tirik ekani ma’lum bo‘ladi. Biroq u ham shifoxonaga yetmasdan jon beradi.

Pushkin aerodromida qulab tushgan Tu-104 Foto: ukrainianwall.com

Halokat sabablari

Halokat sodir bo‘lganidan so‘ng darhol hukumat komissiyasi tashkil etiladi. Avvaliga samolyot xorij maxfiy xizmatlari yollagan diversantlar tomonidan portlatilgan degan taxminga kelinadi. Biroq tezda bu taxmin rad etiladi. Chunki Pushkin shaharchasidagi harbiy aerodromga yashirincha kirish va diversiyani amalga oshirishning mutlaqo imkoni yo‘q edi.

«Aerodromni alohida batalon va kontrrazvedka xizmatining maxsus zobitlari qo‘riqlashar va u yerga kirib chiquvchi barchani deyarli mikroskopda tekshirganday tekshirib o‘tkazardi. Xorij maxfiy xizmatlari xodimlarining qattiq qo‘riqlanadigan bunday obektda turgan samolyot bortiga portlovchi moddalarni olib kirishi deyarli mumkin emas edi», degandi harbiy tarixchi Aleksandr Zimovskiy keyinchalik o‘z estaliklarida.

Samolyot qora qutisidagi yozuvlar eshitib ko‘rilganda tajribali uchuvchi boshqaruvidagi Tu-104 havoda o‘zini o‘zi ko‘tara olmaydi va pastlab qulab tushadi. Bu holat komissiya a’zolarini hayron qoldiradi.

Shundan so‘ng samolyotda necha kishi bo‘lgani va qancha yuk ortilgani taftish qilinganda barchasi oydinlashadi. O‘sha paytda SSSRda yaxshi mahsulotlar barcha joylarda topilmas, ayniqsa Uzoq Sharqda sifatli narsalarni topish mushkul edi.

Shu sababli Leningradga kelgan harbiylar bo‘sh vaqtlarida magazinma-magazin kezishadi va o‘zlariga juda ko‘plab narsalarni xarid qilishadi. So‘ng ularni Pushkindagi harbiy aerodromga olib borib, Vladivostokka uchib ketishlari lozim bo‘lgan Tu-104 ga ortishadi.

Tu-104 ekipaj komandiri Anatoliy Inyushin Foto: Geroi-vmf.ru

Surishtiruvlar davomida ekipaj komandiri Inyushin o‘z rahbarlariga parvozdan avval samolyotga belgilangandan ortiqcha yuk ortilgani haqida xabar bergani va ular bunga parvo qilishmagani oydinlashadi.

Samolyot qoldiqlari o‘rganilganda u yerdan juda ko‘p narsalarning, jumladan mebellar, televizorlar, qog‘oz rulonlari va boshqa ko‘plab mahsulotlar qoldiqlari chiqadi. Ularning barchasini harbiylar xarid qilishgan edi.

Mutaxassis Tu-104 parvozni boshlab, shassilar yerdan uzilgan paytda samolyotga tartibsiz tarzda joylashtirilgan yuklar o‘ng tomonga og‘ib ketganini aniqlashadi. Shu holat samolyotning o‘ng tomoni bilan yerga qulashiga sabab bo‘lgan.

Halokat yuzasidan komissiya xulosasi berilgandan so‘ng Tu-104 xizmat qilgan harbiy qism komandiri o‘z vazifasidan ozod qilinadi.

Biroz o‘tib SSSR ministrlar sovetining qarori bilan halok bo‘lgan harbiylarning bevalariga va bolalariga nafaqalar tayinlanadi. Ularga turli shaharlardan uylar beriladi.

Halokatning yashirilishi

Garchi hodisaning ko‘lami katta va butun boshli Tinch okeani floti komandirlari halok bo‘lgan bo‘lsa-da halokat qattiq sir saqlanadi.

Sovet rahbariyati 16 nafar admiral va generallar halok bo‘lgan hodisa haqida g‘arblik raqobatchi davlatlar xabar topishini mutlaqo istamasdi.

Shu sababli markaziy televideniye, radio va SSSRda chop etiladigan ommabop gazetalar hodisa haqida lom-lim demaydi. Faqat oradan bir necha kun o‘tgach, harbiylarning «Krasnaya zvezda» gazetasida SSSR Mudofaa vazirligi va harbiy dengiz floti bosh shtabi nomidan kichik ta’ziyanoma e’lon qilinadi.

Ta’ziyanomada halokatda o‘lganlarning soni, ularning kimligi va ism-sharifi ma’lum qilinmaydi.

«1981 yil 7 fevral kuni sodir bo‘lgan aviahalokatda o‘z xizmat burchini bajarayotgan Tinch okeani flotining bir guruh admirallari, generallari, zobitlar, michmanlar, praporshiklar, matroslar halok bo‘ldi. SSSR Mudofaa vazirligi, Sovet armiyasi siyosiy bosh boshqarmasi va Harbiy-dengiz floti bosh shtabi halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildiradi», deyilgan edi gazetadagi ta’ziyanomada.

Garchi hodisa ommadan yashirilgan bo‘lsa-da, halok bo‘lganlarning yaqinlariga bu haqda xabar beriladi. Harbiylarning jasadlari yaqinlariga berilmaydi va imi-jimida Leningraddagi qabristonga ko‘mib yuboriladi. Dafn marosimida faqat harbiylar qatnashadi.

Aviahalokatda vafot etganlar ko‘milgan qabriston, Sankt-Peterburg.

O‘sha paytda sovet armiyasi Afg‘onistonda urush olib borayotgan edi. Dafn marosimiga guvoh bo‘lgan oddiy fuqarolar Afg‘onistonda halok bo‘lgan harbiylarni dafn etishyapti deb o‘ylaydi va shu tariqa hodisa maxfiy holda qolib ketadi.

SSSR parchalanib ketgach Pushkindagi aerodromda sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlari oshkor qilinadi. Omma o‘shanda nima bo‘lgani haqida xabar topadi.

«Harbiy-dengiz floti boshsiz qoldi» – Halokat oqibatlari

Pushkin aerodromida sodir bo‘lgan halokatning ko‘lami juda katta edi. 13 nafar admiral, 3 nafar general va boshqa yuqori lavozimli zobitlardan iborat butun boshli flotning barcha komandirlari bir vaqtda halok bo‘lish hodisasi hech qachon sodir bo‘lmagandi.

O‘shanda SSSR Mudofaa vazirligi tarkibidagi eng yirik bo‘lgan Tinch okeani harbiy-dengiz floti tom ma’noda boshsiz qoladi. Ma’lumot uchun ikkinchi jahon urushida sovet armiyasi to‘rt nafar admiraldan ayrilgan.

Halokatni xorij maxfiy xizmatlari sodir etgan deb taxmin qilingani uchun hodisa sodir bo‘lgandan boshlab bir muddat butun SSSRdagi barcha harbiy kuchlar jangovar holatga o‘tkaziladi.

Ko‘p o‘tmay halokatga harbiylarning o‘zlari sababchi bo‘lganlari oydinlashgach qo‘shinlarning jangovar holati bekor qilinadi.

Halokatdan so‘ng harbiylar foydalanib kelayotgan barcha Tu-104 samolyotlarining parvozi taqiqlanadi (fuqaro aviatsiyasida ulardan foydalanish 1979 yilda Moskva yaqinidagi halokatdan so‘ng to‘xtatilgandi).

Samolyotlarning barchasi yig‘ishtirib olinadi turli muzeylarga, ko‘rgazmalarga va aviamaktablarga berib yuboriladi. Bir qismi utilizatsiya qilinadi.

Pushkin aerodromidagi halokatda vafot etgan admirallar, generallar va boshqa zobitlar

Halokatdan so‘ng joriy qilingan yangi qoidalar

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng halokatning yangi tafsilotlari chiqdi. 2008 yilda Boltiq floti sobiq qo‘mondoni general-leytenant Viktor Sokerin harbiy gazetalardan biriga bergan intervyusida Pushkin aerodromida sodir bo‘lgan halokatning yangi tafsilotlarini oshkor qiladi.

Unga ko‘ra parvoz kuni ertalab harbiylar o‘zlari xarid qilgan turli buyum va narsalarni samolyotga joylashtirishda ekipajga quloq solishmagan, ularni do‘q-po‘pisa bilan juda tartibsiz joylashtirishgan.

Samolyotga ortilgan yuklarning asosiy qismini mebel to‘plamlari, televizorlar, muzlatkichlar, chinni buyumlar to‘plamlari va boshqa ko‘plab og‘ir buyumlar tashkil etgan. Ular orasida hatto «Jiguli», «Moskvich», «Volga» mashinalarining turli ehtiyot qismlari ham bo‘lgan.

Shuningdek, ular samolyotga chiqqan vaqtlarida ekipaj komandiriga quloq solishmagan va unga to‘ralarcha munosabatda bo‘lishgan. Jumladan, Tinch okeani floti qo‘mondoni Spiridonov samolyotning old qismida joylashgan o‘n kishilik kabinada bir o‘zi uchishni xohlagan.

Oqibatda, bir qancha harbiylar Tu-104 ning ort qismiga o‘tirishga majbur bo‘lgan. Bu esa shundoq ham turli yuklar tartibsiz yuklangan samolyotdagi muvozanatni izdan chiqargan.

Uchish qoidalariga ko‘ra yuklar og‘ir bo‘lgan bunday paytda yo‘lovchilar ko‘proq samolyotning old qismiga o‘tirishi kerak. Shunda samolyot havoga bemalol ko‘tarilib oladi. Tu-104 da esa admiralning o‘zini to‘ralarcha tutishi tufayli teskarisi bo‘lgan.

Viktor Sokerin o‘sha paytlarda sovet armiyasi komandirlari orasida to‘rachilik, xizmat vaqtida mast qiluvchi ichimliklarni iste’mol qilish juda avj olganini va ekipaj komandiri har qanday holatda ularning buyrug‘ini bajarishga majbur bo‘lganini aytgan.

Admiral Emil Spiridonov rafiqasi bilan. Halokatga asosan uning o‘zini to‘ralarcha tutishi va mas’uliyatsizligi sabab bo‘lgan.

O‘shanda ekipaj komandiri Inyushin admiral Spiridonov va boshqalarning qoidalarga zid buyruqlarini bajarishga majbur edi. Agar Inyushin buyruqlarni bajarishdan bosh torsa u bilan istalgan narsa sodir bo‘lishi mumkin edi.

Shunday holatda Inyushinga rahm qilishsa nafaqadan mosuvo qilib, ishdan haydashar, agar qo‘mondonlarning jahli qattiqroq chiqsa istalgan ayb bilan jinoiy javobgarlikka ham tortishlari mumkin edi.

Sokerinning aytishicha, halokatdan so‘ng bir muddat SSSR armiyasidagi barcha samolyotlarga ortiladigan yuklar tortiladigan qoida joriy qilinadi.

«O‘shanda admirallar va generallarni bir narsa muqarrar halokatdan asrab qolishi mumkin edi. Ular samolyotga yana bir juft qog‘oz ruloni va yana 2-3 ta mebel jamlanmasini ortishganda yukning og‘irligidan Tu-104 havoga ko‘tarila olmasdi va shu ularning hayotini saqlab qolardi», degan edi Sokerin.

Harbiy samolyotlarga oddiy buyumlarni ortib yurishga taqiq qo‘yiladi. Shuningdek, qo‘mondonlarga o‘z qo‘l ostidagilar bilan bitta samolyotda uchish taqiqlanadi. Biroq ko‘p o‘tmay bu qoidalar «unut bo‘ladi» va yana hamma o‘z bilganini qila boshlaydi. Shuningdek, yuklarni ham tortmay qo‘yishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid