Jahon | 14:58 / 03.11.2024
18977
7 daqiqa o‘qiladi

G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori

1978 yilda BMTning Jyenevadagi qarorgohida SSSRning doimiy vakili niqobi ostida ishlab kelayotgan sovet josusi ikki farzandi va xotini bilan Britaniyaga qochib ketadi. Ko‘p o‘tmay unga sirtdan o‘lim jazosi tayinlandi.

1970-1980-yillar KGB va SSSR Mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi Tashqi razvedka boshqarmasi uchun og‘ir yillar bo‘ldi. Bu davr mobaynida ko‘plab KGB xodimlari va harbiy razvedkachilar, G‘arb davlatlarida ishlayotgan sovet josuslari G‘arb tomonga qochib o‘tishdi.

Ularning ba’zilari pul uchun MRB va MI kabilar bilan hamkorlik qilgan bo‘lsa, boshqalari shunchaki sovet tuzumiga nisbatan nafrati tufayli bu ishga qo‘l uradi.

Tashqi razvedka boshqarmasi mayori Vladimir Rezun ham G‘arbga qochganlardan biri edi. Uni ham katta pullar emas, sovet tuzumiga nisbatan nafrat shu ishga undagan edi.

Harbiylar oilasining vakili

Vladimir Rezun 1947 yilda Uzoq Sharqdagi Barabash shahrida harbiylar oilasida tug‘iladi. O‘sha paytda uning otasi o‘sha yoqda xizmat qilayotgandi.

Vladimir maktabni tugatgach Voronejdagi harbiy bilim yurtida o‘qiy boshlaydi. Ko‘p o‘tmay uning o‘qish joyi Tverga ko‘chadi. So‘ng Kiyevdagi oliy harbiy komandirlar tayyorlash bilim yurtida ham tahsil oladi.

U avvaliga armiyada turli vazifalarda ishlab yuradi. Keyin tashqi razvedka xizmati bo‘limiga o‘tadi. 1970 yilda u Moskvaga KPSS markaziy qo‘mitasiga ishga keladi.

Vladimirning muhim lavozimga tayinlanishiga u xizmat qilgan Karpat harbiy okrugi qo‘mondoni general-leytenant Gennadiy Obaturov sababchi bo‘ladi.

Viktor Suvorov yoshligida

1956 yilda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonini ayovsiz tarzda bostirgani bilan nom qozongan bu generalga Vladimirning xizmatlari yoqib qolgandi.

Shu sababli general Vladimir muhimroq lavozimlarda ishlashi kerak degan fikrga keladi va tanishlari orqali uni KPSS markaziy qo‘mitasidagi muhim ishga tayinlashga muvaffaq bo‘ladi.

Vladimir Rezun yanada ko‘tarilishi uchun birgina harbiy bilim yurtining diplomi kifoya qilmasdi. Shu sababli u 1971-1974 yillarda Moskvadagi harbiy diplomatiya akademiyasida tahsil oladi.

Bu akademiya Mudofaa vazirligi qoshidagi Tashqi razvedka boshqarmasi tasarrufida bo‘lib, uni bitirib chiqqanlar asosan xorijda josuslik bilan shug‘ullanardi.

Nufuzli diplomga ega bo‘lgan Vladimirni ham shu taqdir kutayotgandi va u ham Shveytsariyaga yuboriladi. Vladimir Rezunni BMTning Jyenevadagi vakolatxonasiga SSSRning doimiy vakili etib tayinlashadi. U shu niqob ostida josuslik faoliyatini boshlaydi.

Britaniyaga qochish

1978 yil 10 iyun kuni Vladimir Rezun ikki bolasi va xotini bilan Jyenevada yashab turgan kvartirasidan yo‘qoladi.

Moskvadagilar Jyenevadagi muhim xodimning yo‘qolishidan tashvishga tushib uni izlay boshlashadi. Bu orada Shveytsariya elchixonasiga sovet diplomati bedarak yo‘qolgani haqida ariza beriladi. Bir tomondan Shveytsariya politsiyasi, ikkinchi tomondan KGB ularni qidira boshlaydi.

Oradan 18 kun o‘tgach, Britaniya gazetalari Vladimir Rezun oilasi bilan Londonga qochib kelgani haqida xabar tarqatadi.

Unga ko‘ra, Vladimir Rezun Jyenevada ishlab yurgan paytlaridayoq Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan.

U Moskvaga qaytishni xohlamay, Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ragan. MI maxsus reys tashkillashtirib, Rezunni Jyenevadan Londonga olib ketgan.

Xabar tasdiqlangandan so‘ng unga nisbatan SSSRda jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Keyinroq Vladimir Rezun sirtdan sud qilinib, u o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Viktor Suvorov xotini bilan birga

Taniqli yozuvchi

Vladimir Rezun Britaniyada ism-sharifini Viktor Suvorov deb o‘zgartiradi. U Londonda yashar ekan, Britaniya xavfsizlik xizmatiga o‘zi bilgan barcha maxfiy ma’lumotlarni taqdim etadi.

So‘ng boshidan kechirgan hodisalar haqida avtobiografik asar yoza boshlaydi va taniqli yozuvchiga aylanadi. Shu paytgacha uning o‘ndan oshiq kitoblari chop etilgan.

Viktor Suvorovning asarlari Britaniyada va Yevropaning boshqa davlatlarida juda ommabop hisoblanadi. Ular millionlab nusxada chop etiladi.

Sobiq josus o‘z asarlarida Ikkinchi jahon urushidan boshlab 1991 yilgacha bo‘lgan davrda SSSR tarix kitoblarida yozilmagan, sovetlar yashirgan ko‘plab voqea-hodisalarni hikoya qilgan.

Shu sababli avvallari sovet matbuoti, keyinchalik Rossiya OAV uning asarlarini to‘qima, yolg‘ondan iborat deb chiqishgan.

Masalan, u asarlaridan birida Ikkinchi jahon urushining boshlanishi va Yer yuzida 40-50 mln odamning nobud bo‘lishiga Hitler va Stalin birday aybdor ekanini yozgan.

Suvorovga ko‘ra, agar 1939 yil 23 avgustda Moskvada Molotov-Ribbentrop pakti imzolanmaganda, oradan bir hafta o‘tib nemislar Polshaga bostirib kirganda sovetlar bunga qarshi chiqqanida Ikkinchi jahon urushi yuz bermasdi.

Viktor Suvorovning rus tilida chop etilgan asarlari

Shuningdek, Viktor Suvorov o‘z asarlarida sovet hukumatini nafaqat o‘zi yoqtirmaganini, balki otasi va bobosi ham xushlamaganini, shunchaki qattiq ichki siyosat tufayli ular buni oshkor qilishmaganini yozgan.

Adib millionlab nusxada chop etilgan asarlari uchun salmoqli miqdorda gonorarlar olgan. Shu sababli o‘zi va oilasi Britaniyada qiynalmasdan, aytish mumkinki shohona hayot kechirgan.

Viktor Suvorov SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiyaga umuman kelmagan, biroq Ukrainaga kelib turgan. U 2010 yilda ukrainalik taniqli jurnalist Dmitriy Gordonga intervyu bergandi.

Viktor Suvorovning Dmitriy Gordon bilan intervyusi uchun tayyorlangan banner

2014 yilda Rossiya Ukraina sharqiga bostirib kirib, so‘ng Qrimni kuch bilan o‘ziga qo‘shib olganda Suvorov bunga qarshi chiqadi. Rossiyaning Ukrainaga agressiyasini qoralaydi. Shu sababli Rossiyada uni yanada battarroq yoqtirmay qolishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid