Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyati takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3219-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:
1. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ustavi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
2. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi:
bir oy muddatda Badiiy ijodkorlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi galereyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning ta'sis hujjatlarini qayta ko‘rib chiqsin va ular qonun hujjatlari talablariga moslashtirilishini ta'minlaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.V.Nuridinov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san'at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ustaviga ko‘ra, Badiiy akademiya tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, akademik badiiy ta'limning izchilligini ta'minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etishga vakolatli bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi.
Badiiy akademiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi. Badiiy akademiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, qonun hujjatlariga muvofiq banklarda milliy va xorijiy valyutada hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
Badiiy akademiya tarkibida: Badiiy akademiyaning markaziy apparati; O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi; Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi; Xalqaro madaniyat karvon saroyi; Toshkent fotosuratlar uyi; Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san'ati muzeyi; “San'at” jurnali; Qurilish direksiyasi; “Xamar” xalqaro aloqalar markazi; O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘limlari; O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi galereyalari; Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti; P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik kolleji; Respublika dizayn kolleji; Qo‘qon tasviriy va amaliy san'at kolleji; Respublika ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internati; Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internatlari faoliyat olib boradi.
Quyidagilar Badiiy akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston tasviriy va amaliy san'atini yanada rivojlantirish, shaxsiy va ijodiy ko‘rgazmalar uchun keng imkoniyatlar yaratib berish hamda ijodkorlarning badiiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta'lim muassasalari, tashkilotlar, atoqli madaniyat va san'at arboblari bilan ilg‘or tajribani almashish maqsadida har tomonlama ijodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
ijodkorlar va iste'dodli yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish hamda Badiiy akademiya tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
xalqimizning boy madaniy merosini, tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn an'analarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasining faoliyatini muvofiqlashtirish;
tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarning milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yuksak darajadagi yorqin san'at asarlarini yaratishdagi faoliyatini rag‘batlantirish va bolalar san'atini rivojlantirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Badiiy akademiya tizimidagi ta'lim muassasalarining faoliyatida badiiy ta'lim uzviyligi hamda uzluksizligini ta'minlashga erishish maqsadida ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internatlari va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari uchun boshlang‘ich badiiy ta'limni yo‘lga qo‘yish;
O‘zbekiston madaniyati va san'atining taraqqiyoti yo‘lida tasviriy va amaliy san'at, dizayn va xalq hunarmandchiligi sohalari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Badiiy akademiya tizimidagi ta'lim muassasalarining faoliyatini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish;
tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn yo‘nalishida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, Badiiy akademiya markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini kuchaytirish, bu boradagi vazifalarni amalga oshirishning zamonaviy, ta'sirchan usul va shakllarini tizimli asosda rivojlantirib borish;
O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamli ko‘rgazmalar tashkil etish orqali milliy san'atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, konferensiya, biyennalelar va boshqa anjumanlar o‘tkazish.
Badiiy akademiya o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) ijodiy yo‘nalishda:
yosh ijodkorlar, iste'dodli rassomlar, dizaynerlar, xalq ustalarining respublika va xalqaro miqyosda shaxsiy va jamoaviy ko‘rgazmalarini belgilangan tartibda tashkil etadi;
ijodkorlar va ko‘rgazmalar badiiy salohiyatini oshirish maqsadida akademiklar, professional mutaxassislar hamda san'atshunoslar, adabiyotshunoslarni, tarix, estetika sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlarni jalb qilgan holda muhokamalar muntazam olib borilishini nazorat qiladi;
ijodkorlar va iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo‘nalishida ijodiy tanlovlar o‘tkazadi;
O‘zbekistonda tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, tashkilotlar, badiiy ijodkorlar uyushmalari, soha bo‘yicha atoqli ijodkorlar bilan har tomonlama ijodiy hamkorlikni amalga oshiradi;
ko‘rgazmali faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tizim tashkilotlari va galereyalarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy talablarga asosan takomillashtiradi;
ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq takliflarni “Ilhom” jamoat fondi va boshqa homiylarga kiritadi;
Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan birgalikda uyushma sho‘'balarining faoliyatini samarali tashkil etish, hududiy galereyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkorlarga shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘radi;
belgilangan tartibda tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo‘nalishi bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlarining buyurtmalarini amalga oshiradi.
b) ta'lim yo‘nalishida:
Badiiy akademiya tizimidagi ta'lim muassasalarining badiiy ta'lim bo‘yicha faoliyat yo‘nalishini belgilaydi;
badiiy ta'limning izchilligini kuchaytirish, ta'limning uzviyligi va uzluksizligini ta'minlash maqsadida boshlang‘ich, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy va undan keyingi ta'lim tizimini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi hamda tasviriy va amaliy san'at, dizayn hamda san'atshunoslik sohasida yetuk mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ta'lim tizimini muntazam takomillashtirib boradi;
jahondagi ta'lim muassasalari bilan Badiiy akademiya tizimidagi ta'lim muassasalarining o‘zaro hamkorligi, tajriba almashuvini muvofiqlashtiradi;
Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san'at maktab- internatlarida boshlang‘ich badiiy ta'limni izchil yo‘lga qo‘yishni, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlanishini nazorat qiladi;
Badiiy akademiya tizimidagi ta'lim muassasalarida yoshlarning ta'lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, badiiy ta'lim sifatini oshirish bilan bog‘liq loyihalarni tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
v) ilmiy yo‘nalishda:
Badiiy akademiyaning ilmiy-tadqiqot faoliyati yo‘nalishlarini belgilaydi hamda tasviriy va amaliy san'at, dizayn sohasida davlat dasturi va loyihalarini hamda boshqa turdagi dastur va loyihalarni amalga oshiradi;
tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo‘nalishidagi faoliyat va uni rivojlantirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
Badiiy akademiyaning “San'at” jurnalida yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlari natijalari, mutaxassis olimlarning san'at sohasiga doir maqolalari sifati va salohiyatini nazorat qiladi;
dolzarb ilmiy-ijodiy muammolar hamda buyuk mutafakkirlar, mashhur fan, adabiyot va san'at arboblari sharafiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy kongresslar, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlarni tashkil etishda ishtirok etadi;
tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etadi va amalga oshiradi hamda Badiiy akademiya tizimiga kiruvchi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan ilmiy xodimlar va mutaxassislarning samarali faoliyatini tashkil etadi;
g) targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishida:
o‘zbek tasviriy va amaliy san'atini targ‘ib etish, iste'dodli yoshlar va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida an'anaviy tasviriy va amaliy san'at festivalini tashkil etadi va o‘tkazadi;
keng ko‘lamda ko‘rgazmalar tashkil etish orqali milliy san'atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, tarixiy va zamonaviy o‘zbek amaliy san'atini respublikada hamda xorijda keng targ‘ib qilish, jamoatchilikni milliy va chet el madaniyati va san'ati bilan yaqindan tanishtirish va targ‘ib qilish ishlarini yuksak pog‘onaga ko‘tarish maqsadida “Toshkent Xalqaro amaliy san'at Biyennalesi” va “Zamonaviy san'at Biyennalesi”ni xar ikki yilda bir marta o‘tkazadi;
o‘zbek tasviriy va amaliy san'atining o‘ziga xos jihatlarini namoyish qilish, turli xildagi yo‘nalishlarni, yangi tendensiyalarni, zamonaviy san'atda yangi nomlar va yo‘nalishlar integratsiyasini amalga oshirish, xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish, iste'dodli bolalar va yoshlarni ko‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro darajadagi biyennalelarni, shu jumladan, bolalar biyennalelarni o‘tkazishni tashkil etadi;
tasviriy va amaliy san'at, dizayn sohasida samarali faoliyat olib borayotgan, milliy madaniyatni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, ma'naviy boy, jismonan baquvvat, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida Badiiy akademiyaning “Oltin”, “Kumush” medallari va diplomlarini ta'sis etadi.
Badiiy akademiya faoliyatiga Rais rahbarlik qiladi. Rais Badiiy akademiya Boshqaruv kengashi va Badiiy ijodkorlar uyushmasining raisi hisoblanadi va belgilangan tartibda lavozimga Bosh vazirning taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3219-son qaroriga muvofiq Rais maqomi, moddiy, maishiy, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari bo‘yicha vazirga, uning o‘rinbosari va bosh ilmiy kotib - vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
Badiiy akademiya markaziy apparatini, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limini, shuningdek byudjyetdan mablag‘ bilan ta'minlanadigan muassasalarini saqlab turish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi. Badiiy akademiya xodimlarining ish haqiga lavozim maoshlari, qo‘shimchalar, ustama, mukofotlar va boshqa to‘lovlar kiradi. Badiiy akademiya xodimlarining lavozim maoshlariga qo‘shiladigan oylik ustama va qo‘shimcha haqlar Rais tomonidan belgilanadi.
Mavzuga oid
14:39 / 05.01.2026
Elektron hisobvaraq-fakturalar “past” va “yuqori” xavf toifalariga ajratiladi
12:31 / 11.12.2025
Barcha dorixonalar “Elektron retsept” orqali ishlashga o‘tadi
13:11 / 18.11.2025
Binolar zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etilmoqda
12:59 / 06.11.2025