Light | 22:15 / 28.12.2017
13563
14 daqiqa o‘qiladi

ZoodMall "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" belgisi nufuzini oshirishga bel bog‘ladi

Qahramonimiz asli o‘zbek, Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sgan Sardor Muhammadaliyev taqdir taqozosi bilan o‘z faoliyatini boshqa davlatlarda davom ettirmoqda. Bugungi kunda u Amazon va Alibaba yo‘nalishidagi ZoodMall (www.zoodel.com) elektron tijorat kompaniyasining bosh direktori lavozimida faoliyat yuritadi.

ZoodMall - Ipak yo‘li mamlakatlari (O‘zbekiston, Qozog‘iston,  Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjon, Afg‘oniston, Eron, Iroq, Turkiya, Armaniston, Gruziya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Turkmaniston, Ummon, Livan, Suriya, Xitoy, Hindiston) va Rossiya Federatsiyasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar savdosini yengillashtiruvchi yetakchi B2B (Business to business) onlayn-savdo maydoni.

KUN.UZ muxbiri Olmaota shahriga safari chog‘ida vatandoshimiz bilan uchrashib, u bilan elektron kommersiya, O‘zbekiston va unda ro‘y berayotgan iqtisodiy islohotlar haqida suhbatlashdi.

"Men butun hayotim davomida yetakchi xalqaro kompaniyalarda ishlab kelmoqdaman. Albatta, barchasi Toshkentda bank sohasidan  boshlangan. Qozog‘istonga ko‘chib o‘tganimdan so‘ng Procter&Gamble, Samsung Electronics, Huawei Technologics kabi kompaniyalarda ishladim. Procter&Gamble’da - MDH mamlakatlari bo‘yicha market-planner, Samsung Electronics'da MDH mamlakatlari bo‘yicha mobil segmentga javobgar edim, undan keyin ishlagan Huawei Technologics'ning iste'molchilar segmenti bo‘yicha Qozog‘iston va Qirg‘iziston uchun mas'ul bo‘ldim. Hozir esa internet-biznesdaman. Nima uchun? Chunki bugungi kunda elektron kommersiya shiddat bilan o‘sib bormoqda va u juda katta salohiyatga ega.

ZoodMall

ZoodMall'da boshqa elektron savdo maydonlariga nisbatan o‘ziga xos noyob imkoniyatlar mavjud, chunki biz boshqalar taklif qilmaydigan qator xizmatlarni taqdim etamiz.

  1. Portalimiz 6 tilda, ko‘p tilli portal;
  2. 15 ta davlatdan mingdan ortiq kundalik yangi tenderlar;
  3. 2 mingdan ziyod logistik kompaniyalarga chiqish va ulardan eng hamyonbop narxlarga erishish imkoniyati.

Portalimiz funksionali va imkoniyatlari juda keng. "Biz o‘z sohamizda eng yaxshisimiz" demaymiz, lekin shu maqsad yo‘lida harakat qilamiz.

Bizning eksport uchun ikki maydonimiz bor: ZoodMall - bu Ipak yo‘li mamlakatlari tovar ishlab chiqaruvchilarini birlashtiruvchi B2B onlayn savdo maydoni. Biz ularga mamlakat ichida savdo qilish, shu bilan birga, eksportni amalga oshirish imkoniyatlarini beramiz. Bu ulgurji savdo maydoni bo‘yicha.

ZoodMall

Shu yilning dekabr oyida Qozog‘iston pochtasi hamkorligida chakana savdo, chakana eksport bilan shug‘ullanuvchi ZoodMall elektron savdo maydonini ishga tushirdik. Bu degani savdo bilan shug‘ullanuvchi har qanday ishbilarmon yoki ishlab chiqaruvchi o‘z mahsuloti haqidagi ma'lumotni bizning shu nomli mobil ilovamizga joylashi mumkin. Shuningdek, ular zarur talablarga javob bergan taqdirda, yirik global maydonlarga ham chiqishi mumkin - mana bu ham noyob imkoniyat. Bu ishbilarmonlarga o‘z mahsulotlarini 300 milliondan ortiq salohiyatli xaridorga chiqarish imkonini beradi.

ZoodMall va O‘zbekiston

O‘zbekiston, albatta, biz uchun juda qiziq mamlakat. Yaqindagina O‘zbekistondan qaytdim, u yerda respublika eksporti uchun javob beruvchi tashkilotlar, shuningdek sohalar bo‘yicha eksport o‘yinchilari, rahbarlar bilan ko‘plab yuqori darajali uchrashuvlar o‘tkazildi. Yaqin orada biz O‘zbekistondagi faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz va bu bizning faoliyatimizga yangicha ruh bag‘ishlaydi, deb umid qilamiz.

Biz 2018 yilning birinchi choragidan O‘zbekistondagi faoliyatimizni boshlashni va dastlabki 6 oy muddatga savdo maydonimizdan bepul foydalanishni taklif qilishni rejalashtiryapmiz.

Kompaniyada umumiy 200 nafardan ortiq kishi faoliyat yuritadi. Biz tezkor rivojlanayotgan kompaniya hisoblanamiz. Shunday ekan, ishchilarimiz soni muntazam ravishda oshib boradi. ZoodMall yaqin orada O‘zbekistonda ishchi o‘rinlar yaratishni rejalashtirmoqda, nasib qilsa, u yerda bizning vakillarimiz va jamoamiz ishlaydi.

Noyabr oyi oxirida Toshkent viloyati tadbirkorlari va vakillari bilan taqdimotlar o‘tkazdik, taxminan 200 kishi ishtirok etdi. Ular tomonidan bizning savdo maydonimizga qiziqish katta bo‘ldi, qator savollar berildi. Shundan so‘ng Jizzaxda ham taxminan 100 kishi ishtirokida uchrashuv o‘tkazdik, u yerda ham kompaniya faoliyatiga katta qiziqish bildirildi. Biz ularga kompaniyamizda qanday imkoniyatlar borligi, elektron kommersiya qanday rivojlanayotgani haqida ma'lumotlar berdik.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 2020 yilga borib, transchegeraviy elektron savdo bozori 1 trillion dollarni tashkil etadi, bu esa ulkan salohiyat va O‘zbekiston eksporti uchun juda katta imkoniyat.

Bugungi kunda O‘zbekistonning dunyoga ochilayotgani yaqqol sezilmoqda. Biz bu yerda bo‘layotgan islohotlarni kuzatib kelmoqdamiz. Aytish mumkinki, vatanimda juda yaxshi islohotlar amalga oshirilmoqda - investitsion iqlim yaxshilanmoqda, valuta islohotlari amalga oshirilmoqda - tabiiyki, bularning bari O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi. Fikrimcha, yaqin yillarda O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati yanada o‘sadi, kelgusida uning sohada yetakchi bo‘lish uchun katta imkoniyatlari bor.

O‘zbekistonda investitsion muhitni yaxshilashga doir tavsiyalar

1. Sarmoyadorlar uchun imtiyozlarni oshirish kerak;

2. Erkin iqtisodiy zonalar sonini oshirish, sharoitlarni yaxshilash kerak;

3. Zarur kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish kerak, ya'ni O‘zbekistonning dunyoga ochiq ekanini, u yerda shart-sharoitlar yaratilayotgani haqida boshqa mamlakatlardagilarning xabardorligini oshirish uchun Invest in Uzbekistan milliy promousheni yo‘lga qo‘yilishi lozim;

4. Global ekspertlar - sarmoyachilar, venchur fondlarni O‘zbekistonga taklif qilish, qanday imkoniyatlar borligini muhokama qilish;

5. Investitsion loyihalar va forumlar, ishchi doiralar muhokamasini yo‘lga qo‘yish;

6. Asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha maslahat va tavsiyalar beruvchi yuqori malakali xorijiy konsultantlarni taklif qilish;

7. Investitsiyalar bo‘yicha kafolatlar bo‘lishi kerak, chunki sarmoyadorning ham o‘z manfaatlari bo‘ladi. Bu yerda davlat tomonidan kafolat va maksimal imtiyozlar berilishi kerak;

8. O‘zbekiston Doing Business'dagi ko‘rsatkichini yanada yaxshilashi, aniq maqsad qo‘yib, kamida Top-50 ro‘yxatidan joy olishi maqsadga muvofiq;

9. Qonunchilikda muayyan o‘zgartirishlar kiritish.

Biznesda eng asosiysi nima?

Men uchun eng asosiysi:

  1. Jamoamiz;
  2. Motivatsiya;
  3. Maqsadga erishish.

Biznes odamlar tomonidan yo‘lga qo‘yiladi. Shunday ekan, asosiy qadriyatlar - odamlar va ulardagi yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish va rag‘batlantirish.

Ishbilarmonning bir kuni...

Albatta, har doim ham 8 soat uxlashning uddasidan chiqa olmayman. Ertalabki soat 5:00da uyqudan turib, nonushta qilaman-da, shundan so‘ng sport bilan shug‘ullanaman - odatda yuguraman, avval boshqa sport turlariga ham vaqt ajratar edim, hozir esa bunga vaqt yo‘q. Zero kompaniyamiz juda katta maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan - biz o‘z segmentimizda yetakchi bo‘lishni ko‘zlaganmiz va shu yo‘nalishda ishlamoqdamiz. Biz 3-5 yilda kompaniyamizni xalqaro IPO'ga olib chiqishni niyat qilganmiz.

Ish jarayoni juda intensiv boshlanadi, odatda soat 9:00da kompaniya xodimlari bir joyda to‘planib, o‘zaro tajriba almashishga 5 daqiqa vaqt ajratamiz, biror yangi bilimga ega bo‘lamiz. Har kuni ertalab albatta e-mail'larni ko‘zdan kechirib chiqaman. Shundan so‘ng uchrashuv va muzokaralar boshlanadi, jamoa bilan ishlaymiz va h.k. Kechqurun ham ishlayman, ba'zan uchrashuvlarni kechki payt o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Ish kuni tugagandan keyin ham ishlayman, chunki men sevimli ishim bilan shug‘ullanaman va bundan zavq olaman. Erishayotgan natijalarimiz bizga yanada ko‘proq ilhom bag‘ishlaydi. Biz undan-da yuksak maqsadlar qo‘yib, kun sayin unga erishish uchun harakat qilamiz. Biz hozircha raqiblarimiz kabi yirik kompaniya emasmiz, biroq bizning o‘zimizga yarasha yutuqlarimiz bor, biz oldinga qarab harakat qilmoqdamiz.

Bugungi kunda bizning vazifamiz o‘zbekistonlik tovar ishlab chiqaruvchilarga "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" belgisi nufuzini oshirish hamda ularning mahsulotlarini Ipak yo‘li mamlakatlarida va umuman global darajada ilgari surishda yordam berishdan iborat.

Sport

Avvallari sportning har xil turlari bilan shug‘ullanar edim. So‘nggi vaqtlarda esa havaskor triatlon, skayranning va xayking bilan shug‘ullanaman. Triatlon juda ko‘p vaqt talab qiladi, zero u uch yo‘nalishni o‘z ichiga olgan - suzish, velosiped haydash, yugurish. Triatlon bo‘yicha Olimpiya masofasini bosib o‘tganman - bu 1,5 kilometrga suzish, 40 kilometrni velosipedda bosib o‘tish va 10 kilometr masofaga yugurish - bularning barini to‘xtamasdan amalga oshirish kerak.

Mutolaa

Har kuni biznes-materiallarni mutolaa qilaman. Har doim ham kitob o‘qish uchun imkon bo‘lmaydi, shuning uchun men kitoblarning audioversiyalarini tinglayman. Har kuni ertalab yugurish va badantarbiya bilan shug‘ullanish barobarida audiokitoblarni tinglayman va o‘zim uchun yangi foydali ma'lumotlarga ega bo‘laman.

Oila

Har doim uddasidan chiqmasam-da, imkon qadar oilam bilan birga vaqt o‘tkazishga harakat qilaman. Odatda haftada bir kun - shanba yoki yakshanbani oila a'zolarim bilan tabiat qo‘ynida o‘tkazish uchun ajrataman, chunki oila - men uchun muqaddas va muhim. Oilam menga doim yordam beradi, qo‘llab-quvvatlaydi, ilhom bag‘ishlaydi. Oilam, qizlarimning erishayotgan yutuqlarini ko‘rib, xursand bo‘laman, ularni qo‘llab-quvvatlayman.

Ishbilarmonning yoshlarga tavsiyalari

  1. Har bir yosh o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yish kerak - kim bo‘lmoqchi, qanday maqsadlarni ko‘zlamoqda va qachon hamda qanday qilib ularga erishishni rejalashtirmoqda;
  2. O‘z sohasida yetuk va yuqori malakali mutaxassis bo‘lish kerak.  Biror sohani egallash uchun inson shu narsaga kamida 10 ming soat sarflashi kerak. Shuni ham ta'kidlash joizki, hech qachon o‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang, shunchaki kechagi o‘zingizdan yaxshiroq bo‘lishga intiling;
  3. To‘xtovsiz bilim olish (internet, TV, kitoblar va b. orqali). Inson har kuni tishini tozalashga odatlangandek yangi bilim olishga chanqoq bo‘lishi kerak. Shunda miya yaxshi faoliyat yuritadi, inson esa o‘sishdan to‘xtab qolmaydi. Shunday insonlar borki, 75 yoshda bo‘lsa-da, miyasi 25 yoshda rivojlanishdan to‘xtagan. Maslahatim - 75 yil bir xil umr kechirmang - o‘sing, o‘qib-o‘rganing, rivojlaning;
  4. Sportni hayot mazmuniga aylantirish, chunki sog‘lom tanda - sog‘ aql. Har bir insonning sportda o‘z yo‘nalishi, o‘z qiziqishlari bo‘lishi kerak. Keyinchalik barcha topilgan pullarni davolanishga sarflagandan ko‘ra, hozirdan sport bilan shug‘ullanishni odat qilish kerak, chunki sog‘liqni pulga sotib olib bo‘lmaydi, hatto bitkoinga ham...
  5. To‘g‘ri ovqatlanish ham muhim ahamiyatga ega. Ha, O‘zbekiston sharoitida bu juda qiyin, chunki o‘zbek xalqi mehmondo‘st xalq - har kuni to‘y-hashamlar va ziyofatlar, boz ustiga, o‘zbek milliy taomlari bir-biridan mazali. Shunday bo‘lsa-da, inson sog‘lom bo‘lishi va o‘zini yaxshi his qilish uchun ko‘proq meva va sabzavotlardan iste'mol qilishi kerak. Ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan meva va sabzavotlar juda mazali, shuning uchun ham Made in Uzbekistan brendi ostidagi meva-sabzavotlar boshqalardan qimmatroq bo‘ladi;
  6. Yaqinlaringiz bilan munosabatlaringizni qadrlang. Ota-ona, oila a'zolaringiz, qarindosh-urug‘ va do‘stlaringiz bilan hamisha yaxshi aloqada bo‘ling, chunki hayot turli sinovlarga to‘la, yaxshi-yomon kunlaringizda shu insonlar yoningizda bo‘lib, sizga dalda beradi.
  7. Asosiysi – HardWorking (mehnatsevarlik). Yaxshi bilamizki, o‘zbek xalqi juda mehnatkash xalq. Inson butun umrini muayyan sohaga baxshida etsa, albatta, bu o‘z natijasini beradi. Dangasalik qilmay, o‘zida bor resurslarni shu sohaga "tikib" ishlasa, natija bo‘ladi. Kichkina bo‘lsa-da g‘alabalaringizni jamoangiz bilan birga nishonlang, qandaydir natijaga erishganingizni e'tirof eting, chunki bugun kechagidan yaxshiroqsiz!

Mavzuga oid