Decos, MFaktor, Impulse Business Hub asoschisi bundan 25 yil avval 10 ming dollar qarz evaziga boshlangan biznesi, qimmatga tushgan xatolari va muvaffaqiyatli biznesining sirlari haqida gapirib berdi.

Biznesda strategik xatolar

Biznesda kecha foyda bergan strategiya bugunga kelib natija bermasligi mumkin. Yirik oilaviy biznes egasining aytishicha, 25 yillik faoliyat davomida 8 marotaba transformatsiya amalga oshirilgan. Birgina MFactor loyihasining har bir sonida bunga alohida e’tibor beriladi: “Bizda tinimsiz transformatsiya olib boriladi. Kechagi qo‘llanmalarimizdan bugun qoniqmasligimiz kerak. Ishimizdan qoniqish hosil qilsak to‘xtab qolishimiz mumkin.

Biznesda strategiyani to‘g‘ri qo‘yish transformatsiya bilan bog‘liq. Shuncha yillik faoliyatimizda har 2-3 yilda ham botiniy (ichki), ham zohiriy (tashqi) transformatsiyani amalga oshirib kelamiz.

Transformatsiya aslida bu krizis degani. Inqirozga duch keldingmi, o‘zgarishing shart. Transformatsiya qilmasang sinasan! Dunyo o‘zgarishi uchun avvalo o‘zimiz o‘zgarishimiz zarur”.

Oilaviy biznesda ahillik va oqibat – konstitutsiyaning birinchi moddasi!

Oilaviy tarzda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish oson emas, balki boshqalariga nisbatan mushkulroq ish. Ammo o‘zaro insoniylik qoidalariga amal qilinsa ortiqcha ko‘ngilsizliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Mamasaidovlar oilasining oilaviy kengashlari doim yozib olinadi va shu kunga qadar biror marta bu yozuvlarni qayta ko‘rishga sabab bo‘lmagan. Chunki o‘zaro qadriyatlar doim ustuvor hisoblanadi.

“Oilaviy kengashimizning videotasmalarga yozilishi esa bizdan keyingi avlodlarimiz uchun dastur bo‘lib xizmat qilsin deymiz. Ular ko‘rib kerakli ma’lumotlar olishi uchun yozuvlarni saqlab qo‘yamiz. Bu biz farzandlarning o‘rtamizda konfliktlar bo‘lmaydi degani emas. Ammo shunday vaziyatda boshqalar adolat nuqtayi nazaridan bahsga o‘rin qoldirishmaydi” deya izoh beradi Hasan Mamasaidov.

Biznesda olingan eng katta zarba – 400 000 dollarga tushgan 

Bugun yetakchi tadbirkorlardan biri bo‘lgan katta Mamasaidov oz emas, ko‘p emas naq 400 000 AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgani va bu paytda yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashgani haqida eslab o‘tdi.