O‘zbekiston | 13:27 / 07.01.2022
5436
3 daqiqa o‘qiladi

«Biror fikrni qabul qilish uchun, qalb ochilishi kerak» - g‘oyalarni yetkazish haqida

Kun.uz’ning biznesmenlar uchun mo‘ljallangan “Transformatsiya” loyihasi mehmoni Hasan Mamasaidov xodimlarga qanday qilib ta’sir o‘tkazish va g‘oyalarni yetkazish mumkinligi haqida to‘xtaldi.

«Kino sanoati ham sifatsiz mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshlab, keyin sifatli filmlarni olishga transformatsiya bo‘ladi. Muvaffaqiyat tajribaning, tajriba esa xatolarning natijasidir. Har bir tadbirkor xato qilish jarayonidan o‘tishi kerak. Albatta, vaziyatni o‘zgartirib borish lozim. Masalan, siz kecha gapirgandingiz, bugun o‘sha gaplarni men ishonadigan va ko‘proq hurmat qiladigan odam ham aytyapti. Tabiiyki, ikkinchi holatda bu fikrlarni qabul qilishim va amaliyotga tatbiq qilish ehtimolim ko‘payadi. Oiladami, biznesdami yoki ishxonadagi xodimlar orasidami, qaysidir g‘oyalar amalga oshmayaptimi, demak kontakt soni yetmagan. Besh kilo kartoshka tortmoqchisiz, ozgina yetmayapti va oxirida qo‘shgan bir dona kartoshkangiz besh kilo bo‘lishini ta’minlayapti. Bu yerda oxirgi kartoshka besh kiloni tashkil etmaydi, shunchaki o‘sha narsaga sababchi bo‘lib qolyapti.

Biror fikrni qabul qilish uchun, qalb ochilishi kerak. Ba’zida hatto farzandlarimiz yoki xodimlarimizga biror narsa aytsak, qilish shart bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Shunday paytda ularni fikrlarni qabul qilishi mumkin bo‘lgan joylarga, tadbirlarga jo‘natish yoki o‘sha sohada tajribasi bor va ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan odamni mehmon sifatida chaqirib, korporativ master-klass qilib bersangiz, reja qilingan ishlarning amalga oshishi osonlashadi. Chunki u odam xodimlar uchun oq qog‘oz, nuqsonlarini bilishmaydi. U insondayam ma’lum kamchiliklar bor aslida, lekin gaplari xodimlarning qalbidan joy olgani uchun, ertasi kuni indamay tursangiz ham, bir oy, bir yildan beri aytib kelayotgan ishingizni qilmayotgan odam, birdan shu narsalarni boshqacha ishtiyoq bilan bajara boshlaydi. Bu SMM bobidami, savdo bobidami, albatta, o‘z samarasini beradi. Kontakt bo‘lmasa, kontrakt ham bo‘lmaydi degan gap bejiz aytilmagan», deydi tadbirkor.

Mavzuga oid