Amirning nutqi, Morgan Frimanning chiqishi, qatarlik qoridan tilovat. JCh-2022 ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 20 noyabr kuni Qatar poytaxti Dohada har to‘rt yillikning eng yirik futbol bayrami – 2022 yilgi jahon chempionati ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
JCh-2022ni Dohadan turib yoritib borayotgan Tribuna.uz va Kun.uz muxbirining ma’lum qilishicha, «Al-Bayt» stadionida o‘tgan marosim yuqori tashkilotchilik va tayyorlangan turli sahna ko‘rinishlari bilan o‘tgan.
Marosimda janubiy koreyalik qo‘shiqchi va Bs guruhi a’zosi Chonguk va qatarlik qo‘shiqchi Fahad Al-Kubaysi «Dreamers» kompazitsiyasi bilan chiqish qilishdi.
Qatar amiri Tamim bin Hamad At-Tani ochilish nutqi bilan chiqish qilib, barchani mundial bilan tabrikladi.
«Qatardan, arab mamlakatidan barchani jahon chempionatidan qutlayman. Biz bu turnirni jahon chempionatlari tarixidagi eng muvaffaqiyatlisi bo‘lishi uchun birgalikda mehnat qildik. Buyuk futbol festivalidamiz. Turli irq, millat, e’tiqod va qarashlardan qat’i nazar futbol barchamizni birlashtiradi. Bu yerda butun insoniyat manfaati uchun ham bor kuchimizni sarflab, sarmoya kiritdik.
Nihoyat, bugun biz-u, siz kutgan damlarga yetib keldik. Bugundan boshlab, Xudo xohlasa, 28 kun davomida butun dunyo biz bilan ajoyib futbol bayramini kuzatib boradi. Barcha ishtirokchi jamoalar, muxlislarni qutlayman», - deydi Qatar amiri o‘z nutqida.
E’tiborli jihati, JCh-2022 ochilish marosimida qatarlik qori yigit G‘anim Mufah Qur’oni Karim oyatlaridan tilovat qildi. «Al-Bayt» stadionida Xujurot surasi 13-oyat o‘qildi:
«Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir..»
Hollivudning mashhur aktyori Morgan Friman futbol insoniyatni birlashtirishi haqida gapirdi.
Ochilish marosimidan keyin, Qatar - Ekvador uchrashuvi startidan avval «Al-Bayt» stadioniga JCh bosh sovrini maketi ko‘rsatildi. Shu tariqa, ushbu o‘yin bilan JCh-2022 rasman start oldi.
Ma’lumot uchun, Tribuna.uz va Kun.uz muxbiri deyarli bir oy davomida Qatardan JCh-2022 atrofidagi voqealar, jonli efir va reportajlarni taqdim etib boradi.
Mavzuga oid
11:16
«Qatarga Osiyo chempioni sifatida qaramasligimiz kerak»
20:17 / 12.11.2024
G‘azodagi urush: Qatar o‘rtadan chiqdi, lekin HAMAS ofisini yopmaydi
17:46 / 10.11.2024
Qatar Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachilikni to‘xtatdi
23:01 / 06.11.2024