O‘zbekiston | 14:51 / 07.07.2022
21831
3 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2022: Ko‘p berilayotgan ayrim savollarga javoblar

20 iyuldan boshlangan OTMlarga qabul jarayonida, 6 iyul soat 18:00 holatiga 355 153 nafar abituriyent my.dtm.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan. Quyida qabul jarayoni bilan bog‘liq ko‘p kelib tushayotgan savollardan uchtasiga to‘xtalib o‘tamiz.

Foto: Kun.uz

Maqsadli qabul nima degani?

Maqsadli qabul – qaysidir hudud va yo‘nalishlarda kadrlar yetishmovchiligi sabab ajratiladigan kvota hisoblanadi.

Maqsadli kvotaga da’vogarlik qilish yoki qilmaslik abituriyentning o‘ziga havola: agar xohlasa, hujjat topshirayotgan paytda maqsadli qabulda ishtirok etmoqchiligini belgilashi lozim.

Maqsadli kvotaning umumiy kvotadan farqli jihati, unda pastroq ball bilan ham davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoni bor. Ammo keyinchalik talaba ma’lum muddat o‘z hududida ishlab berishi kerak va shundan keyingina diplomini qo‘liga oladi.

Maqsadli kvota uchun ajratilgan qabul parametrlari bilan shu yerda tanishish mumkin.

Texnikumni bitirganlar OTMga kira olmaydimi?

O‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda 2023 yildan boshlab texnikumlarning a’lochi bitiruvchilari oliygohlarga imtihonsiz kirish tartibi bekor qilinishini aytgandi.

Ayrim abituriyentlar orasida bu xabar tushunmovchiliklarga sabab bo‘lyaptiki, ya’ni endilikda texnikumlarni bitirganlar OTMga kira olmaydimi?

DTMning ma’lum qilishicha, maktab, akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum kabi umumiy o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tugatgan barcha o‘quvchilar OTMda o‘qishi mumkin.

Demak, istovchilar, talabgorlar qo‘rqmasdan bu yilgi imtihonlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Maktabni shu yil tugatganlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishda bitirgan ta’lim muassasining ma’lumotlarini kiritmaydimi?

Abituriyentlar OTMga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tayotganda bitirgan ta’lim muassasalari haqidagi ma’lumotlarni saytga kiritishadi, lekin shu yil 11-sinfni tamomlaganlar bundan mustasno. Ularning ma’lumotlari tahsil olgan ta’lim muassasasi qaysi vazirlik tasarrufida bo‘lsa, ushbu vazirlikning elektron bazasidan olinadi.

Biroq ayrim ta’lim muassasalari o‘z bitiruvchilarining ma’lumotlari tegishli bazaga to‘liq kiritilmagani sababli abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan vaqtda tegishli ma’lumotlari chiqmayapti.

Davlat test markazi bunday holatlarda abituriyentlardan tugatgan ta’lim muassasasi ma’lumotlarini kiritmasdan, o‘zlari tahsil olgan ta’lim muassasasi (maktab, litsey, kasb-hunar maktabi)ga murojaat qilishlarini so‘ramoqda.

Ta’lim muassasasi tegishli ma’lumotlarni bazaga kiritgach, abituriyentlar “Tugatgan ta’lim muassasasi” bo‘limidan “Yangilash” yoki “Yuklab olish” tugmasini bosish orqali tamomlagan ta’lim muassasasi ma’lumotlarini yangilab olishlari mumkin.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid