Jahon | 22:08 / 31.10.2025
10663
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya sudi mehmonxonadagi yong‘in ishi bo‘yicha 11 kishiga umrbod qamoq jazosi tayinladi

21 yanvarga o‘tar kechasi yuz bergan dahshatli yong‘inda 78 kishi halok bo‘ldi, yana 133 kishi yaralandi. Umrining oxirigacha qamalganlar orasida mehmonxona egasi va ma’muriyatining bir necha vakillari bor.

Foto: Reuters

Turkiyaning Bolu viloyatida Grand Kartal mehmonxonasida 78 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. 32 ayblanuvchidan 11 nafari, jumladan, mehmonxona egasi Xolit Ergyul umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Haberler nashri xabar berdi.

Sud hay’ati xulosasiga ko‘ra, asosiy ayblanuvchilar halok bo‘lgan 34 nafar bola uchun 34 ta umrbod qamoq jazosiga, shuningdek, fojianing boshqa qurbonlari uchun 44 ta muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ularga nisbatan hech qanday yengillik qo‘llanmadi.

Umrining oxirigacha qamalganlar orasida mehmonxona egasidan tashqari mehmonxona ma’muriyatining bir necha vakillari ham bor. Bundan tashqari, Bolu shahri meri o‘rinbosari va mahalliy o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i o‘rinbosari ham og‘ir jazo oldi.

Avvalroq prokuror mehmonxonani boshqaruvchi kompaniya direktorlar kengashi tarkibiga kiruvchi Ergyulning rafiqasi va ikki qizini 22,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan edi. Ammo oxir-oqibat ularga ham umrbod qamoq jazosi tayinlandi.

Asosiy ayblovlar qatorida qasddan odam o‘ldirish, shu jumladan, bolani yoki o‘zini himoya qilish qobiliyatiga ega bo‘lmagan shaxsni o‘ldirish, shuningdek, javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan og‘ir shikast yetkazish kabi moddalar keltirilgan.

Sudlanuvchilarning advokatlari hukmdan norozi bo‘lib, o‘z mijozlarini oqlashni talab etishini ma’lum qildi.

Grand Kartal mehmonxonasidagi yong‘in shu yil 21 yanvarga o‘tar kechasi restoran qismida sodir bo‘ldi. Yong‘in sodir bo‘lgan vaqtda mehmonxonada 238 kishi bor edi. Xodimlar darhol evakuatsiyani boshladi. Ba’zi mehmonlar choyshablarni bog‘lab, 12 qavatli binoning derazalaridan pastga tushishga uringan. O‘t o‘chiruvchilar chaqiruvdan 40-45 daqiqa o‘tib yetib kelgan, biroq bino konstruksiyasi yog‘och bo‘lgani uchun yong‘in juda tez tarqalgan. Oqibatda 78 kishi halok bo‘ldi, yana 133 kishi yaralandi. 22 yanvar Turkiyada milliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Mavzuga oid