Jahon | 16:30 / 01.11.2017
10445
9 daqiqa o‘qiladi

Tehrondagi uchrashuv: Rossiya, Eron va Ozarboyjon yo‘lboshchilari nima haqida gaplashishadi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eronga rasmiy tashrifni amalga oshirmoqda. Tehronda u islom respublikasining oliy rahbariyati bilan uchrashadi. Taxmin qilinishicha, yetakchilar Suriyadagi vaziyat va Eron yadroviy dasturiga baho berishadi va ikkitomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama etishadi. Bundan tashqari, Rossiya, Ozarboyjon va Eron rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi. Bu davlatlarning hamkorligi mintaqadagi vaziyatga qay tariqa ta'sir o‘tkazishi haqida RT ma'lumot to‘pladi.

Strategik sheriklik

Putinning bu galgi tashrifi Eron va AQSh munosabatlaridagi taranglik yanada kuchaygan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. AQSh prezidenti ma'muriyati Eronni Yaqin Sharqdagi eng bosh aybdorga aylantirish niyati borligini avval ham yashirmagan. Shu yilning may oyida Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifi chog‘ida Donald Tramp Tehronni terrorizmni dastaklashda ayblab chiqdi. Ayni paytda ikki davlat munosabatlaridagi eng qizg‘in mavzu 2015 yilda tuzilgan Eron o‘z yadroviy dasturidan voz kechsa, unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilish imkonini beruvchi umumqamrovli qo‘shma harakatlar rejasi (UQHR) evaziga yuzaga kelgan Eron yadroviy bitimi taqdiriga bog‘liq.  

13 oktabr kuni Tramp Vashington bitimni takomillashtirish yoki undan chiqish istagini bildirgan (shartnomaning ishtirokchilari shuningdek Rossiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Eron hisoblanadi). Rossiya bir necha bor UQHRga amal qilishni ta'kidlagan. Kreml matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu jihat ham Putinning muzokaralarida tilga olinadi.

«Taxminimcha, bu tashrif Moskva tomonidan Eron rahbariyatining qo‘llab-quvvatlanishini yana bir bor namoyish etadi», — degan Deutsche Welle’ga bergan intervyusida Germaniya tashqiy siyosat jamiyati (DGAP) ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo dasturlari rahbari Shtefan Mayster.

«Rossiya prezidentining Eronga tashrifi bugungi kunda tarixiy cho‘qqisida turgan Rossiya-Eron munosabatlarining strategik xarakterini ta'kidlashi shubhasiz», — degan RT bilan suhbatda «Strategik kommunikatsiyalar» byurosi bosh direktori Yevsey Vasilev.

Ekspert «Hozirgi sharoitlarda — AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan davlatlarimizning tashqi bosim va «xalqaro izolyatsiya»ga duchor qilishga urinish bo‘layotgan bir paytda Moskva va Tehronning harakatlari mushtarak bo‘lishi kerak»ligini qayd etdi.

Vladimir Putin Eronda prezident Hasan Ruhoniy va oliy rahbar Ali Xominaiy bilan uchrashadi.

Foto: Oyatulloh Ali Xominaiy / Reuters

Vasilevning fikricha, Vladimir Putinning Tehronga tashrifi Suriya bo‘yicha Ostona muzokaralarining yettinchi raundiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ostonada o‘tgan tinch muzokaralar mobaynida imzolangan kelishuvlarga amal qilinishida Eron muhim rol o‘ynaydi, dedi Vasilev. «Eron O‘rta Sharqda bizning asosiy hamkorimiz, Suriya muammosini yechishda bosh sherigimiz va uzoq vaqt mobaynida o‘zini ishonchli ittifoqchi sifatida namoyon qilgan davlat», — degan RT’ga «Xalq diplomatiyasi» fondi eksperti Vladimir Kireyev.

Istiqbolli loyihalar

Rossiya-Eron muzokaralari chog‘ida istiqbolli iqtisodiy hamkorlik masalalari ham e'tibordan chetda qolmaydi.

«Rossiya va Eron o‘rtasidagi tovar aylanmasi o‘tgan yili 70 foizga oshgan», — degan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Ekspertlarning fikricha, iqtisodiy munosabatlarning rivojlantirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni «nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham manfaatli» qiladi. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari — Eronga energetika, transport, mashinasozlik va aviakosmik sohalar uchun yuqori texnologiyalik asbob-uskunalar yetkazib berish. Eron esa o‘zining qishloq xo‘jaligi va dengiz mahsulotlari bilan ta'minlaydi.

«Yaqin o‘rtada Rossiyaning «Mir» va Eronning «Shetab» to‘lov tizimlarini integratsiya qilish rejalashtirilgan», — deydi Vasilev.

 

Yevroosiyoni birlashtirib…

Transport-logistika masalalari Rossiya va Eron muloqotiga Ozarboyjonning ham qo‘shilishini taqozo etadi, chunki hududiy jihatdan Rossiya va Eron Ozarboyjon orqali bog‘langan. Barcha uch mamlakat Hindistonni Eron va Ozarboyjon orqali Rossiya va Yevropa bilan birlashtiruvchi 1700 kilometrlik «Shimol-Janub yo‘lagi» infrastrukturaviy loyihasida qatnashmoqda.

«Hozir Rossiya, Ozarboyjon va Eronni birlashtiruvchi temiryo‘l uchastkasi barpo etilmoqda, — deydi ekspert. — Parallel ravishda Kaspiy orqali dengiz yo‘li ham faoliyat ko‘rsatadi».

Har uch davlat ishtirok etayotgan yana bir muhim loyiha — Xitoy tomonidan ilgari surilgan Yevroosiyoni sharqdan g‘arbga qadar bog‘lovchi «Bir makon, bir yo‘l» infrastrukturaviy loyihasidir.

Rossiya, Eron va Ozarboyjonni yana bir omil bog‘lab turadi. Yetakchilari Tehronda uchrashadigan har uch mamlakat neft va gaz bozorida muhim o‘yinchilardir va uglevodorodlarga boy Kaspiy dengizi tubini bo‘lishib turishibdi. Demak, kun tartibida Kaspiy dengizidagi neft konlaridan foydalanish masalasi ham bo‘ladi.

«Eron gazi bilan Ozarboyjon magistrallari ham to‘la boshlaydi, — deydi ekspert. — Rossiya uchun bu Eron ham raqobatchi, ham sherik bo‘la olishini ko‘rsatadi. Rossiya o‘zi Ozarboyjon tarmoqlari orqali, birinchi navbatda Boku — Jayxon gaz quvuri vositasida o‘z gazini yetkazib berishi mumkin, ma'lum bir sharoitlarda Ozarboyjon va Eron o‘z gazini Yevropa bozorlariga yetkazib, u yerda narxlarni tushirib yuborishi ham mumkin. Shu sababli Moskva bu sohada ham Boku va Tehron bilan kelishib, hamkorlik qilishi kerak bo‘ladi».

 

Xavfsizlik eksporti

Har uch davlat rahbarlarining uchrashuvi doimiy tus olmoqda. 2016 yil avgustida ular Bokuda uchrashishgan, o‘shanda yetakchilarning diqqat-eʼtibori «Shimol-Janub» loyihasi, minatqaviy muammolar, jumladan, Afg‘oniston va Suriyadagi vaziyat, terrorizm va narkotrafikka qaratilgan edi.

Endi bu muammolarning muhokamasi davom etadi. Terrorizmning o‘sishi har uch davlatga tahdid soladi. Ekstremistlar o‘z nuqtai nazarlariga ko‘ra bid'atchi hisoblovchi Eronning shia rejimini ham, Rossiya va Ozarboyjonning dunyoviy rejimini hg‘am dushman bilishadi.

Foto: Ilhom Aliyev / RIA Novosti

Ozarboyjon o‘zining asosan shia mazhabidagi aholisi va dunyoviy siyosiy rejimi bilan bu masalalarda mintaqaviy muloqotning bog‘lovchi bo‘g‘ini bo‘lishi mumkin.

Vladimir Putinning Ilhom Aliyev bilan ikki tomonlama uchrashuvi ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ikki yetakchining an'anaviy suhbat mavzusi ikki tomonlama iqtisodiy va siyosiy hamkorlik, shuningdek Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi vaziyat bo‘lib kelgan. Rossiya Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi va bir vaqtning o‘zida KXShT bo‘yicha ittifoqchisi Yerevan bilan ham faol hamkorlik qiladi. Ekspertlarning qayd etishicha, Moskva mintaqada tinchlik hukmron bo‘lishidan manfaatdor.

«Rossiyaning mintaqadagi barcha davlatlar bilan hamkorlik qilishi o‘yinchilarning strategik jihatdan paypaslab ko‘rib, xavfsizlik soyaboni bo‘lishga xizmat qiladi», — deydi ekspert.

Ekspertning fikricha, Boku va Tehronning Shanghay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlik qilish borasidagi qiziqishi (Eron — nomzod statusiga ega, Ozarboyjon esa muloqot bo‘yicha sherik) Rossiya va Xitoyning «mintaqada xavfsizlik eksportchilari» sifatida ko‘rilayotganidan dalolat beradi.

«Ozarboyjon va Eron o‘rtasida keskin nuqtalar ham bor: Bu Janubiy Eron Ozarboyjoni va Eronda ozarboyjon ayirmachiligi istiqbollari, hamda Ozarboyjon Respublikasining Isroil bilan do‘stona munosabatlaridir», — deydi ekspert.

Mavzuga oid