Jahon | 16:10 / 11.10.2024
3153
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Gurjiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni kengaytirdi

Putin Gurjiston fuqarolariga Rossiyada 90 kundan ortiq vizasiz qolishga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun vizasiz kirishga ruxsat berdi. Yevroparlament Gurjistondagi Rossiya ta’sirining kuchayishi va mamlakatning yevrointegratsiya istiqbollaridan xavotirda.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gurjiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni kengaytirish haqidagi farmonni imzoladi. Mazkur farmon 10 oktyabr, payshanba kuni huquqiy axborot rasmiy internet portalida e’lon qilindi va darhol kuchga kirdi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda RFga kirish uchun vizasiz rejim Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida yoki vaqtincha bo‘lish uchun 90 kundan ortiq muddatga kelgan Gurjiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi. Ilgari ushbu toifadagi Gurjiston fuqarolari vizasiz Rossiyaga kirish yoki Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketish huquqiga ega emas edi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Gurjiston fuqarolari uchun vizasiz rejim kengaytirilishini ikki davlat munosabatlari dinamikasi bilan bog‘lamaslikka chaqirdi.

Rossiyaning Gurjistondagi ta’siri kuchaymoqda

9 oktyabr kuni Yevroparlament «Rossiyaning Gurjistondagi ta’siri kuchayishi»dan xavotir bildiruvchi rezolyutsiyani e’lon qildi. Yevroparlament deputatlari ta’kidlaganidek, bu, jumladan, Tbilisi va Moskva o‘rtasidagi savdo aloqalarining mustahkamlangani, shuningdek, Tbilisidagi hukumatning «Rossiya Gurjiston suveren hududining beshdan bir qismini bosib olgani va Kreml tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlanganiga qaramay, Rossiya Federatsiyasi bilan yarashishga tayyorligidan dalolat beradi».

«Biz o‘z rezolyutsiyamiz bilan Bidzina Ivanishvili va uning «Gurjiston orzusi»dagi hamkorlariga aniq xabar yubormoqchimiz: Yevropa Ittifoqiga a’zolik bu siyosatga to‘g‘ri kelmaydi, bir vaqtning o‘zida yevropaparast va kremlparast bo‘lish mumkin emas, Yevropa turmush tarzini qo‘llab-quvvatlab, shu bilan birga, Stalinni ulug‘lashning imkoni yo‘q», — dedi Yevropa xalq partiyasining litvalik vakili Rasa Yuknyavichene ovoz berish arafasida bo‘lib o‘tgan munozarada. Siyosatchining ishontirishicha, YeP Gurjistondagi parlament saylovlarining borishini diqqat bilan kuzatib boradi va agar mamlakat hukumati «Lukashenkodan o‘rnak olishga qaror qilsa, YeI Gurjiston bilan munosabatlarni, jumladan, viza rejimini liberallashtirishni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi».

Yevroparlamentdagi ko‘plab ma’ruzachilar Gurjiston jamiyatining Yevropa g‘oyalariga sodiqligini va shu tariqa mamlakat hukumatining xatti-harakatlari «fuqarolarning umidlariga mutlaqo zid ekanini» qayd etdi.

Gurjiston YeI yordamidan mahrum bo‘lish xavfi ostida

Shuningdek, Yevroparlamentning yangi rezolyutsiyasida Yevropa Ittifoqini Tbilisi «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni bekor qilmaguncha, Gurjiston hukumatiga ajratilgan barcha mablag‘larni muzlatib qo‘yishga chaqiriladi. Deputatlar, shuningdek, Yevrokomissiyadan 26 oktyabr kuni Gurjistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari jarayoni va yangi qonunlar «Tbilisining Yevropa Ittifoqiga nomzod davlatlar uchun belgilangan mezonlarga davom etishiga qanday ta’sir qilishini» baholashni so‘radi.

Hujjatda qayd etilishicha, Gurjistonda yaqinda qabul qilingan qonun Tbilisining Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvini haqiqatda to‘xtatib qo‘ygan. Shu munosabat bilan Yevroparlament Yevropa Ittifoqi davlatlarini «Gurjistonda demokratiyaga putur yetkazishda aybdor bo‘lganlarga, muxolifat va tinch namoyishchilarni ta’qib qilishda ishtirok etganlarga, shuningdek, «G‘arbga qarshi dezinformatsiya» tarqatganlarga qarshi shaxsiy sanksiyalar qo‘llashga chaqiradi».

Mavzuga oid