Sport | 02:23 / 01.08.2017
40878
2 daqiqa o‘qiladi

2028 yilgi yozgi Olimpiada o‘tadigan shahar ma'lum bo‘ldi

AQShning Los-Anjyeles shahri ma'muriyati va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bu shaharda 2028 yilgi yozgi Olimpiadani o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Bu haqda o‘z manbasiga iqtibos keltirgan holda The LA Times nashri xabar bermoqda.

Kelishuv haqida rasman keyinroq e'lon qilinadi.

Avvalroq Los-Anjyeles Parij kabi 2024 yilgi Olimpiadani o‘tkazishga da'vogarlik qilayotgandi. Parij bu kurashda favorit hisoblangan va AQSh shahriga 2028 yilgi Olimpiada mezboni bo‘lish taklif qilinishi ko‘zda tutilgan. Kelishuv esa 2024 yilgi Olimpiada Parijga tegishini anglatadi.

Nashrning ta'kidlashicha, yana 4 yil kutishga rozi bo‘lgan Los-Anjyeles qanday yon bosishlarga erishgani hozircha noaniq. Ehtimol gap ariza va bolalar sportini rivojlantirish bo‘yicha dasturning qo‘shimcha moliyalashtirilishi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Shu tariqa, ushbu shahar Olimpiya o‘yinlarini uchinchi marta qabul qiladi, avvalroq ular 1932 va 1984 yillarda o‘tkazilgan.

AQSh oxirgi marta yozgi Olimpiadani 1996 yilda Atlantada qabul qilgan. 2002 yilda AQShning Solt-Leyk-Siti shahrida qishki Olimpiada o‘tgan.

Mavzuga oid