O‘zbekiston | 11:13 / 21.09.2021
14396
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tarixida ilk bor AI-98 markali benzin ishlab chiqarish boshlandi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI–98 yuqori sifatli etillanmagan benzin ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati ma'lumot bermoqda.

AI–98 markali avtomobil benzini, asosan siqish darajasi 12dan 14gacha bo‘lgan dvigatelli avtomobillarda ishlatiladi. Ushbu mahsulot yuqori detonatsiyaga qarshi xususiyat (oktan xarakteristika)lari tufayli dvigatel quvvatini oshiradi hamda tezlanish dinamikasini yaxshilaydi, tebranish, shovqin darajasini pasaytiradi, shuningdek, yonilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish agentligidan AI–98 markali avtomobil benzini ishlab chiqarish bo‘yicha muvofiqlik sertifikati ham olingan. 380 tonna hajmdagi benzinning fizik-kimyoviy xususiyatlari standartga binoan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan joriy yilning sentabr–dekabr oylarida 36,5 ming tonna AI–91, 13,1 ming tonna AI–92 1,4 ming tonna AI–95 yuqori oktanli avtobenzin ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, respublikada jami 729,4 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Shuningdek, joriy yilning dastlabki 7 oyida 74,6 mln litr avtomobil benzini import qilingan.

Mavzuga oid