Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik ustidan Rossiyada sud boshlandi
Oybek Soliyev Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan ikki marta qatnashgan va uchinchi marta qaytishga uringan. U o‘yinchoq granata bilan harbiylarga tahdid qilganlikda ayblanmoqda.
Rossiyaning Perm shahrida qurolli bezorilikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Oybek Soliyevning jinoiy ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Ukrainadagi urushga uchinchi marta jo‘natilishiga erishmoqchi bo‘lgan va «Zashchitniki Otechestva» davlat fondi mahalliy bo‘limiga o‘yinchoq granata bilan kelgan. Soliyev «bu o‘yinchoqni noto‘g‘ri olib yurganligi» bo‘yicha aybini tan olmoqda, lekin fond xodimlariga tahdid qilganlik aybini rad etmoqda.
35 yoshli Oybek Soliyevning aytishicha, u Ukrainadagi urushda ikki marta qatnashgan. Uning o‘pkasi va ikkala oyog‘i jarohatlangan. Tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi (LXR) tomonidan unga berilgan harbiy guvohnomada «xalq militsiyasida» xizmat qilgani yozilgan.
Jinoyat ishiga sudlanuvchining O‘zbekiston pasporti nusxasi ham qo‘shilgan. Hujjatning o‘zi saqlanib qolmagan. Soliyevning aytishicha, jang paytida pasporti yonib ketgan.
Ta’kidlanishicha, Rostov-Dondagi shifoxonadan Permga reabilitatsiya uchun yuborilgan Soliyev Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, yana urushga qaytishga harakat qilgan. Harbiy prokuratura va komendaturadan javob kutar ekan, payvandchi bo‘lib ishlagan. Avvaliga yotoqxonada va tashlandiq uylarda, keyin ijaraga olgan xonada yashagan.
Soliyev 2024 yil 6 iyundan beri panjara ortida. U og‘ir jinoyatda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 6 iyun kuni mast Soliyev «Zashchitniki Otechestva» davlat fondi Perm bo‘limiga borgan. Fond xodimi Vladimir Noxrin bilan suhbat chog‘ida u cho‘ntagidan yashil rangli va haqiqiysidan ajratish imkonsiz bo‘lgan granata mulyajini olgan. Noxrin o‘zi va xodimlar hayotidan xavotirlanib, Soliyevni alohida kabinetga – psixologga borishga ko‘ndirgan. U yerda Soliyev yana granatani cho‘ntagidan olgan. Uchinchi marta u granatani ko‘chada, fond boshlig‘i Konstantin Strogiy oldida ko‘rsatgan.
Soliyev bezorilik, ya’ni jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish, jamiyatga nisbatan ochiq hurmatsizlikni ifodalash va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda. U 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Mavzuga oid
23:55 / 04.01.2025
Geosiyosiy hafta tahlili: gaz tranzitini to‘xtatgan Ukraina, Rossiyadan norozi Ozarboyjon va tanlov qarshisidagi Suriya
14:01 / 04.01.2025
Bratislavada Ukraina bilan birdamlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi
19:37 / 03.01.2025
«Tramp hal qilishi mumkin». Zelenskiy 2025 yildan umidlari va ikkinchi muddati ehtimoli haqida gapirdi
14:58 / 03.01.2025