O‘zbekiston | 17:20 / 05.10.2017
16131
3 daqiqa o‘qiladi

Erkin iqtisodiy zonalar uchun imtiyozlar qancha muddatgacha beriladi?

4 oktabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasida OAV xodimlari uchun "Respublikamizda yangi tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirishda bojxona imtiyozlarining roli" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi. 

Bugungi kunda respublikamizning 10 hududida 14ta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritmoqda. Hozirda bu zonalarda 62 loyiha amalga oshirilgan, 87 loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda. 

Foto: Kun.uz

"Mamlakatimizda qabul qilingan bir necha me'yoriy hujjatlar erkin iqtisodiy zonalarning samarali faoliyat yuritishiga yordam bermoqda. Prezidentimizning 26 oktabrdagi 4853-sonli farmonining 3-bandiga ko‘ra, erkin iqtisodiy zona  ishtirokchilari o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun chetdan keltiriladigan asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar bojxona to‘lovidan ozod etildi. Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalarni  eksportga yo‘naltiriladigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan xom ashyo, material va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etish ko‘zda tutilgan. 2017 yilning o‘tgan 9 oyi davomida EIZlar ishtirokchilariga bojxona to‘lovlaridan jami 260,9 mlrd. so‘m miqdoridagi imtiyozlar berildi", deya qayd etdi  O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Matalibjon Soliyev. 

Foto: Kun.uz

Shu bilan birga, imtiyozlar investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yil muddatgacha beriladi. Jumladan, 300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha hajmdagi investitsiyalar - 3 yil muddatga; 3 million AQSh dollaridan 5 million AQSh dollarigacha hajmdagi investitsiyalar - 5 yil muddatga; 5 million AQSh dollaridan 10 million AQSh dollarigacha hajmdagi investitsiyalar - 7 yil muddatga; 10 million va undan ko‘p AQSh dollari hajmidagi investitsiyalar - 10 yil muddatga beriladi.

Foto: Kun.uz

Ma'lum bo‘lishicha, 2017 yilda “Navoiy” erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga - 20,1 mlrd. so‘m, “Jizzax” erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga 43,1 mlrd. so‘m, “Angren” erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga esa 197,7 mlrd. so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanilgan.

Shuningdek, Koreya Respublikasining beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘lari asosida olib kiriladigan uskunalar, materiallar, adabiyotlar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lanmaydi.

Mavzuga oid