Kramatorksdagi restoran xarobalari va Antonov ko‘prigidagi rossiyalik harbiylar. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 491-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- General Sergey Surovikin, «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning tarafdorlaridan «tozalash» doirasida qo‘lga olingan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Financial Times o‘z manbasiga tayanib xabar bergan. Nashrning qayd etishicha, hozircha Surovikin isyonga aloqadorlikda ayblanayotgani yoki uni so‘roq qilish uchun qo‘lga olishgani ma’lum emas.
- Jurnalistlar Dmitriy Peskovdan Surovikin qayerdaligi va u bilan nima bo‘layotganini so‘rashgan. RF prezidenti matbuot xizmati bu savolni mudofaa vazirligiga berishni tavsiya qilgan.
- The Wall Street Journal xabar berishicha, AQSh Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalarini berishga yaqin.
- RF hukumati «Vagner» XHKning xorijdagi yollanma kuchlarini nazoratga olishga qaror qilgan, Yevgeniy Prigojinning mediaaktivlari uchun esa yangi xo‘jayin izlashmoqda.
- Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi xabar berishicha, Prigojinning isyoni vaqtida Il-22M samolyoti urilib tushirilgani Rossiya amaliyotlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
- Polsha vagnerchilar Belarusga joylashtirilishi munosabati bilan chegalarini mustahkamlashga qaror qildi.
Kunning asosiy voqeasi. Xersonga zarba
29 iyun kuni kunduzi Rossiya Xerson bo‘ylab zarba berdi — turar joy binolari, tibbiy muassasalar, xizmat avtomobili, shuningdek shahar maktabi o‘qqa tutilgan, bu yerda «yengilmas punkt» (aholi elektr uzilgan vaqtda isinishi va tokdan foydalanishi mumkin bo‘lgan joy). Xerson oblasti ma’muriyati rahbari Oleksandr Prokudin xabar qilishicha, ikki kishi halok bo‘lib, ikki kishi jabrlangan (ularni kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirishgan).
Kramatorskdagi pitssaxona xarobalari
Kramatorskda Rossiya qo‘shinining 27 iyun kungi zarbasi oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda. RF mudofaa vazirligi tasdiqlashicha, bu yerda ikki ukrain generali, Ukraina qurolli kuchlarining 50 nafarga yaqin zobitlari hamda 20 nafargacha xorijlik yollanma jangarilar o‘ldirilgan, deb yozadi RIA Novosti. Vazirlik Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari 56-alohida motoo‘qchilar brigadasining yig‘ilish vaqtidagi vaqtincha dislokatsiya punkti yo‘q qilinganini iddao qilgan, lekin bu ma’lumot uchun hech qanday dalil keltirilmagan.
Shahar markazida Ria Pizza restorani vayron bo‘lgan — zarba vaqtida bu yerda o‘nlab kishilar bo‘lgan, 12 kishi halok bo‘lgan, 60 kishi jabrlangan. Qurbonlar orasida — 14 yoshli opa-singillar va 17 yoshli yana bir qiz bo‘lgan, degan bosh prokuror Andrey Kostin. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujum oqibatida mehmonxona, turar joylar va boshqa binolari ham shikastlangan.
Antonov ko‘prigi atrofidagi rossiyalik harbiylar
2022 yil noyabrida rossiyalik harbiylar Xersondan chekinish chog‘ida Antonov ko‘prigini portlatgandi. Ammo Ukraina armiyasining bir qismi katerlarda Dnipro daryosining chap sohiliga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Kaxovka GES to‘g‘onidagi portlashdan keyin Ukraina qurolli kuchlari platsdarmini suv bosgandi, ammo hozirga kelib suv chekingan — va ukrain desanti ko‘prik atrofiga qaytgan. Desantga qarshi turish zarurati Rossiya armiyasiga bu yerdagi kuchlarning bir qismini Zaporijjya frontiga tashlashga to‘sqinlik qiladi.
Xerson oblastining anneksiya qilingan qismining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo 29 iyun kuni o‘z telegram-kanalida ko‘prik atrofida ukrainlar platsdarmi mavjud emasligi haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki kunda Rossiya kuchlari «chap sohildagi tayanch punktiga yetib kelish uchun o‘ttizdan ortiq ukrain harbiylari suzib kelayotgan oltita qayiq cho‘ktirib yuborilgan». Shuningdek, Saldoning bayonotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini o‘ng sohilda daryoni kechib o‘tishga taraddudlanib turgan Ukraina qurolli kuchlari otryadini yo‘q qilgan.
Lekin bir hafta muqaddam Ukraina qurolli kuchlari Dniproning so‘l sohilida ko‘prikka kirish qismini nazorat qilayotgani aks etgan ko‘p sonli videolar tarqalgandi.
Mavzuga oid
05:07
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
16:28 / 17.11.2024
Frontdagi vaziyat: Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi ko‘plab uchastkalarda qulamoqda
14:24 / 17.11.2024
«Eng yirik havo hujumlaridan biri». RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar uyushtirdi
10:05 / 17.11.2024