O‘zbekiston | 07:26 / 25.07.2018
11235
7 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zbekfilm” AJ aksiyadorlarining quyidagi takliflariga rozilik berildi:

“O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyatini jamiyat tarkibidan chiqib ketadigan aksiyadorlar bilan hisob-kitobni amalga oshirgan holda “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasini qayta tashkil etish;

“Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasini mamlakatning davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining eng muhim yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlarni tasvirga olish va ularni keyinchalik arxivlashtirish bo‘yicha vazifalarni yuklagan holda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlash;

“O‘zbekkino” MAning hududiy bo‘linmalari negizida ularning shtatlar soni, bino va boshqa moddiy-texnika bazasi, shuningdek, 2020 yilning 1 yanvariga qadar muddatda amaldagi moliyalashtirish manbalarini saqlagan holda “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasining filiallarini tashkil etish;

“O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” davlat muassasasini uning balansida bo‘lgan mol-mulk va boshqa moddiy-texnik qimmatliklarni (ko‘chmas mulkni bepul foydalanishga) topshirish orqali nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil etish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, “O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kinomahsulotlarning yillik tematik rejasi yuzaga kelayotgan vaziyat, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi;

ishlab chiqariladigan badiiy filmlarni davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar bo‘yicha kvotalash tizimi joriy etiladi;

2019 yil 1 yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, mamlakatdagi barcha kinoteatrlarda namoyish etiladigan mahalliy badiiy filmlar namoyishi hajmlarini – sutkada ikkitadan kam bo‘lmagan shu kabi to‘liq metrajli filmlar bilan, 2021 yil 1 yanvardan esa oylik ekran vaqtining 25 foizidan kam bo‘lmagan, bayram kunlari 40 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda kvotalash tizimi joriy etiladi;

davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning smeta xarajatlarida ko‘rsatilgan mablag‘ning 10 foizi faqatgina ularning reklamasi va televideniye, radio va Internet tarmoqlaridagi piar-kompaniyasiga, shuningdek, tashqi reklamasini joylashtirish uchun foydalaniladi;

davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda reklama qilish, milliy teleradiokompaniya telekanallarida namoyish qilishda “O‘zbekkino” MAning shaxsiy koni mahsulotlari uchun mualliflik va mulkiy huquqlariga rioya qilgan holda, imtiyozli shartlarda amalga oshiriladi;

kinokompaniyalarning, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi ishtiroki faqat “O‘zbekkino” MA tomonidan qonun hujjatlariga asosan tashkil etiladigan tanlov asosida amalga oshiriladi;

“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tarkibi prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislardan shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda “O‘zbekkino” MA tomonidan tasdiqlanadi;

“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tarkibiga, Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi bo‘yicha kinomahsulotni ishlab chiqarish yuzasidan shartnomada belgilangan kinomahsulotlar ishlab chiqarishning har bir bosqichi yakunida, tayyor mahsulot, rejissyorlik ssenariysiga, xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligini hamda boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholangandan so‘ng, ushbu kinomahsulot (uning qismlari) qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi PQ–3176-son qarori bilan tashkil etilgan Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasining:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining iqtidorli bitiruvchilarini hamda institutda “Ijro etuvchi prodyuser” va “Kinorejissura va kinodramaturgiya” yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki saralashdan o‘tgan bakalavr darajasiga ega milliy kinematografiya sohasining mutaxassislarini S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (keyingi o‘rinlarda – BKDI) qoshidagi “Kino va televideniye”ning oliy kurslariga o‘qishga yuborish;

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti bakalavriatining ixtisoslashgan yo‘nalishlari iqtidorli bitiruvchilari uchun BKDI assistentura-stajirovkasida “Ijro etuvchi prodyuser”, “Dramaturgiya” va “Audiovizual san'at rejissurasi” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishlarni tashkil etish;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida kinematografiya sohasining malakali kadrlarini tayyorlash bo‘yicha BKDI filialini (qo‘shma fakultetini) ochish, o‘qituvchilik faoliyatiga BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida avval tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislarni, shuningdek, master-klasslar o‘tkazish uchun institut professor-o‘qituvchilarini jalb qilish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Mavzuga oid