Qashqadaryoda to‘y kuni kelinni go‘zallik saloniga olib borayotgan mashina YTHga uchradi. 4 kishi halok bo‘ldi
Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida to‘y kuni bo‘lajak kelinni go‘zallik saloniga olib borayotgan mashina yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Oqibatda uch kishi voqea joyida, yana bir kishi shifoxonada vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati ma'lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, 2021 yil 21 mart kuni soat tonggi 6:30larda Muborak tumani Qoraxitoy qishlog‘ida yashovchi S.R. o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Nexia-2” mashinasiga shu kuni to‘yi bo‘ladigan qiz va uning yana 5 nafar qarindoshi – jami 6 kishini qoidalarga zid ravishda olib, go‘zallik saloniga jo‘nagan.
A-380 G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beynov avtomobil yo‘lining Koson tumani “Ayronchi” MFY hududidan o‘tuvchi 96-kilometrida haydovchi ob-havo sharoitini inobatga olmasdan, quyuq tumanda tezlikni me'yordan oshirgan. Natijada o‘zidan biroz oldinda harakatlanayotgan fuqaro A.T boshqaruvida bo‘lgan “Kraz” yuk mashinasining orqa qismiga shatakka olingan nosoz holatdagi “Kamaz” tirkamasiga kelib urilgan.
Oqibatda “Nexia-2” haydovchisi S.R. va unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 3 nafar shaxs – kuyovning otasi va 1 nafar qarindoshi voqea joyida, yana bir shaxs – kelinning xolasi shifoxonada vafot etgan. Avtomashinada bo‘lgan qolgan 3 nafar yo‘lovchi ham jiddiy tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan 2021 yil 21 mart kuni Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
16:23 / 29.07.2024
Volgograd oblastida yo‘lovchi poyezd yuk mashina bilan to‘qnashdi
15:50 / 27.07.2024
AQShda 38 yashar o‘zbekistonlik trakchi YTH tufayli vafot etdi
13:07 / 27.07.2024
Qamchiq dovonida 3 ta yuk avtomobili va Mercedes-Benz Sprinter ishtirokida YTH yuz berdi
07:35 / 27.07.2024