Jahon | 10:27 / 16.12.2023
12314
7 daqiqa o‘qiladi

Taxtasiz o‘ynaladigan shaxmat, Bonapartning amalga oshmagan qochish rejasi, qirolni mot qilgan yigit - hammasi shaxmat haqida

XX asrda Yevropa yoshlari orasida bir odat shakllangan. Ular shaxmat taxtasisiz tasavvurda shaxmat o‘ynagan. Bunga yozuvchining birgina asari sabab bo‘lib, aynan uning ta’sirida ushbu aql gimnastikasiga bo‘lgan qiziqish yanada ortgan.

Foto: AP

Nemis yozuvchisi Stefan Sveyg o‘zining mashhur “Shaxmat novellasi”da “Shaxmatda ham ishq-muhabbatda bo‘lgani kabi bitta sherik bo‘lishi talab etiladi” degan edi. Tarjimon Botir Rahmonov shu asarning so‘z boshisida Germaniya safari davomida mahalliy yoshlarning g‘alati aqliy o‘yiniga guvoh bo‘lganini yozadi. Davralarda suhbatlashayotib, goh-gohida yonidagilardan biri “shohni h8 ga yurdim”, desa, sherigi “farzinni s4 ga oldim”, deb javob qaytarar ekan. Bu sirli raqamlarning sababini so‘raganida, bularning hammasiga Sveyg sababchi ekanini aytishgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, muallifning “Shaxmat novellasi” asari dunyo yuzini ko‘rgach, Yevropada ayniqsa, yoshlar orasida shaxmat taxtasisiz tasavvurda shaxmat o‘ynash keng rusum bo‘lgan ekan.

Shaxmat qanday paydo bo‘lgan?

Shaxmat miloddan avvalgi V asrda Hindistonda paydo bo‘lgan. VI asrga kelib, aynan shu yurtda shaxmatning biroz shakllangan varianti – chaturanga o‘ylab topilgan. Bu mashhur o‘yin uzoq vaqt amalda qo‘llanilib, qo‘shni davlatlarga ham tarqay boshlagan. Chaturangadagi ayrim donalar va ularning yo‘nalishlari hozirgi shaxmat donalari bilan deyarli bir xil. Ammo qadimgi o‘yin shaxmatdan farq qiladi. Ularning orasidagi asosiy farq – qoidalarda.

Birinchidan, bu o‘yinni shaxmat singari ikki kishi emas, to‘rt kishi o‘ynagan. Ikkinchidan, o‘yin uchun odatdagidek ikki xil (oq va qora) ranglardan foydalanilmagan. Aksincha, chaturangada o‘yinchilar qora, sariq, qizil, yashil ranglarda dona surishgan.

Vaqt o‘tishi bilan chaturanga sharq xalqlari orasida ham mashhur bo‘la boshladi. Faqat uning nomi sayqallanib, shatranjga aylangan. Shu-shu bugungi kunga qadar rivojlanib kelayotgan ushbu aqliy sport turi shaxmat nomi bilan ma’lum va mashhur. Ushbu sport turining yaratilishi borasida bir qancha faraz va rivoyatlar mavjud. Uni turli mamlakatlar turlicha talqin qiladi. O‘z ajdodlarining nomlari bilan bog‘laydiganlar ham yo‘q emas. Ana shunday rivoyatlardan biri quyidagicha.

Shoxni “mot” qilgan yigit

Rivoyatlarga qaraganda, bir shoh zamonasining eng zukko ulamolarini to‘plab, ajoyib o‘yin o‘ylab topishlarini amr qiladi. U shunday o‘yin bo‘lsinki, faqat shohlar o‘ynasin! Shunday murakkab bo‘lsinki, zehnni charxlasin! Shunday jozibador bo‘lsinki, fikr-yoding u bilan band bo‘lsin. Ulamolar orasida “katta kurash” boshlanadi. Ularning maqsadi bitta. U ham bo‘lsa, podshohning va’da qilgan mukofotiga erishish edi.

Kutilmaganda bir yoshgina yigit o‘ylab topgan o‘yin podshohni qiziqtirib qo‘yadi.

– Bu o‘yin jangdan iborat, – deya izoh beradi yigit. – U saltanatlar o‘rtasidagi kurashga asoslangan. O‘yin tuzilishiga ko‘ra, har ikkala tomon ham o‘z hukmdorini himoyalashi zarur. Aks holda ulardan biri yengiladi.

Podshohga bu o‘yin nihoyatda yoqib qoladi. Mulozimlariga yigitni taqdirlashni buyuradi. Uning miqdori saltanat xazinasining to‘rtdan bir qismiga teng edi. Ammo yigit bu boylikdan voz kechadi.

– Menga mol-u davlat kerak emas. Ularning evaziga o‘yin taxtasidagi bir katakka bir dona, ikkinchi katakka ikkita, uchinchi katakka to‘rtta, to‘rtinchi katakka sakkizta, beshinchisiga o‘n olti, oltinchisiga 32 barobari miqdorida bug‘doy bersangiz kifoya. Yigitning talabi ming hayrat ila inobatga olinadi va “arzimagan” ulushni egasiga topshirish amr etiladi.

Oradan ikki kun o‘tgach, podshoh mulozimlaridan yigitning tuhfasi haqida so‘raydi. Ulardan esa “haliyam hisoblayapmiz”, degan hayratomuz javobni oladi. Yana bir necha kun o‘tgach esa hisob-kitoblar nihoyasiga yetadi. Natijalar esa aqlbovar qilmas raqamlarni keltirib chiqardi. Umumiy hisob-kitoblarga qaraganda yigit so‘ragan bug‘doy eni to‘rt metr, balandligi uch metr, uzunligi 11440 km bo‘lgan omborga sig‘adigan hajmga teng edi.

Shoh mot bo‘ladi. “Shaxmat” so‘zi ham aynan shundan kelib chiqqani aytiladi.

Bonapartning amalga oshmagan rejasi

Shvetsiyalik bir kishi kimoshdi savdosida juda qimmat narxda Napoleon Bonapartning shaxmatini sotib oladi. Bir kuni u shaxmat donalaridan birining buralib ochilishini sezib qoladi. Dona ichidan qochish rejasi yozilgan maktub chiqadi. Ma’lum bo‘lishicha, 1816 yili imperatorning do‘stlaridan biri Napoleon jazo muddatini o‘tayotgan Muqaddas Yelena oroliga shaxmat yuboradi. Unda yashirin qochish rejasi tuzilgan edi. Afsuski, Bonapart shaxmat donasidagi sirni fahmlamay, qochishni amalga oshirolmaydi.

Qisqa satrlarda

  • Shaxmat bo‘yicha dunyo chempioni Vladimir Kramnik Fritz bilan o‘ynayotgan paytda esnagani uchun mag‘lubiyatga uchragan.
  • Dunyodagi eng katta shaxmat donasi shvetsiyalik Mats Allans tomonidan yasalgan “qirol” bo‘lib, uning balandligi 4 metr, asosining diametri 1.4 metrni tashkil etadi.
  • Garri Kasparovning fikricha, “Shaxmat haqiqatdan aql gimnastikasi. Ammo uni kuchli ishtiyoq bilan o‘ynab bo‘lmaydi”. Negaki, bu holatda inson ongi bir yoqlama rivojlanadi. Tafakkur tanazzulga uchrashi mumkin. Xuddi, “Shaxmat novellasi” qahramoni singari. Uning asrlar davomida sayqal topgan mohiyati asliyatdan kam emas. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu o‘yinning qimmati oshsa oshadiki, kamaymaydi.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi

Mavzuga oid