Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Anora Sodiqovani haqorat qilgan bloger Mirsaid Haydarov 25 mln so‘m ma’naviy zarar to‘ladi
Qarzdor bloger mol-mulkiga taqiq qo‘yilgach, belgilangan ma’naviy zarar hamda 5 mln 643 ming so‘m miqdoridagi sud xarajatlarini to‘lab berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Mirsaid Haydarovdan jurnalist Anora Sodiqova foydasiga ma’naviy zarar undirib berilmayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. MIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’’lum qilishicha, bugun, 26 dekabr kuni ijro ishi bo‘yicha qarzdordan undiruvchi foydasiga belgilangan summa undirib berilishi ta’minlangan.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor Mirsaid Haydarovdan undiruvchi Anora Sodiqova foydasiga 25 mln so‘m ma’naviy zarar hamda 5 mln 643 ming 500 so‘m miqdoridagi sud xarajatlarini undirish belgilangan. Sudning ushbu ijro varaqasi MIBning Bektemir tuman bo‘limi ish yurituviga joriy yil 19 dekabr kuni kelib tushgan. Shu kunning o‘zida tegishli ijro ishi qo‘zg‘atilgan hamda taraflarga huquq va majburiyatlari tushuntirilgan.
Ijro hujjati bo‘yicha qarzdor Mirsaid Haydarovning mol-mulklariga taqiq solingan hamda qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun 10 kunlik muddat berilgan. Shuningdek, u berilgan ixtiyoriy muddatda qarzdorlikni bartaraf etmasa, majburiy ijro harakatlariga kirishilishi haqida ogohlantirilgan.
«Olib borilgan ijro harakatlari davomida joriy yil 26 dekabr kuni Mirsaid Haydarov tomonidan 30 mln 643 ming 500 so‘m qarzdorlik to‘liq bartaraf etildi hamda undiruvchi Anora Sodiqovaning shaxsiy plastik kartasiga o‘zining roziligiga asosan o‘tkazib berilishi ta’minlandi», – deyiladi MIB ma’lumotida.
Ijro hujjati amalda ijro etilgani sababli ish yurituvdan tamomlangan.
Eslatib o‘tamiz, 28 may kuni FIB Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Anora Sodiqovaning Mirsaid Haydarov ustidan sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi da’vo talablarini rad etgandi. 21 iyul kuni FIB Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi chiqargan qarorni bekor qildi hamda jurnalistga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan Mirsaid Haydarovga 25 mln so‘m ma’naviy zarar, 5 mln 643,5 ming so‘m sud harajatlarini qoplash, shuningdek, Anora Sodiqovadan uzr so‘ragan holda haqoratli postlarini o‘chirish majburiyatini yuklagandi.
Mavzuga oid
12:03 / 21.07.2025
Anora Sodiqovani haqorat qilgan bloger Mirsaid Haydarov ma’naviy zarar to‘laydigan bo‘ldi
14:53 / 29.05.2025
Sud jurnalist Anora Sodiqovaning da’vosini rad etdi
20:53 / 26.02.2025
“Bu faqat mengamas, hamma jurnalistga otilgan tosh” - Anora Sodiqovaning Mirsaid Haydarovga nisbatan da’vosi bo‘yicha sud yopiq o‘tadigan bo‘ldi
22:13 / 14.04.2022