Jahon | 21:50 / 15.07.2025
6967
13 daqiqa o‘qiladi

Suriyada yana guruhlar orasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Isroil vaziyatga aralashdi

Isroil armiyasi Suriya janubidagi Suvayda viloyatida hukumat qo‘shinlariga zarbalar yo‘lladi. Shu kunlarda asosan druzlar istiqomat qiladigan shaharda badaviy qabilalar hamda mahalliy jangarilar o‘rtasida boshlangan to‘qnashuvlar oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi. Isroil ozchilikni tashkil etuvchi druzlarni himoya qilish maqsadida ekanini aytmoqda.

Foto: Getty Images

Suvaydadagi holat – o‘tgan yil dekabrida Bashar Asad ag‘darilganidan keyin mamlakatda konfessiyalar o‘rtasida yuzaga kelgan ilk to‘qnashuvlar bo‘lmoqda.

Badaviy qabilalarga mansub janchilar va druzlar lashkari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ilgari As-Suvayda shahridan sharqdagi asosan badaviylar yashovchi Makvas hududida bo‘lib o‘tgan, bu hududni druzlarning qurolli guruhlari qurshab olgan va keyin o‘z nazoratiga olgan.

Guvohlarning ma’lumotiga ko‘ra, mojaro 13 iyul kuni badaviy qurolli guruhlari Damashqqa olib boruvchi yo‘lda sabzavot sotuvchi druzni o‘g‘irlab ketganidan boshlangan. Badaviylar shahardan g‘arb va shimolda joylashgan qishloqlarga ham hujum qilishgan. Shundan keyin, druzlar javob tariqasida boshqa badaviyni o‘g‘irlagan. Garchi garovga olinganlar keyinroq qo‘yib yuborilgan bo‘lsa-da, 14 iyul kuni As-Suvayda shahri tashqarisida janglar davom etgan. Uylar minomyotlardan o‘qqa tutilgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Suvayda ko‘chalari huvillab qolgan, viloyat g‘arbiy qismidagi to‘qnashuvlar va qishloqlarning o‘qqa tutilishi oqibatida shifoxonalar «o‘nlab yaradorlar» bilan to‘lgan, Damashq-Suvayda shossesi to‘sib qo‘yilgan.

Suriya ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida kamida 37 kishi halok bo‘lgan, shundan 27 nafari – druzlar, qurbonlar orasida ikki bola ham bor, shuningdek, badaviylar tomondan 10 kishi halok bo‘lgan.

Shifokorlardan biri Reuters muxbiriga As-Suvaydadagi davlat shifoxonasi o‘likxonasiga kamida 15 jasad keltirilganini aytgan. 100 ga yaqin kishi jarohatlangani, ulardan ayrimlari tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun Dar’a shahriga olib ketilgani xabar qilingan.

Suriyada inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi esa kamida 99 kishi halok bo‘lgani, shundan ikki nafari bola, ikki nafari ayol hamda 14 nafari xavfsizlik kuchlari xodimlari ekanini ma’lum qilgan.

Sweida24 mahalliy axborot agentligiga ko‘ra, dushanba kuni ham shaharda shiddatli to‘qnashuvlar qaytadan avj oldi. Suriya mudofaa vazirligidagi manba kamida olti nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Suvayda gubernatori Mustafo al-Bakur fuqarolardan «vazminlik ko‘rsatish va hukumat chaqiriqlariga javob berish»ni so‘ragan. Suriya druzlarining qator diniy rahnamolari ham tinchlikka chaqirib, Damashqdan vaziyatga aralashishni so‘ragan.

Avvalroq Suriyaning SANA davlat axborot agentligi vaziyat tufayli Dar’a va Suvayda viloyatlari o‘rtasidagi ma’muriy chegarada xavfsizlik kuchlari joylashtirilgani haqida xabar bergan edi.

Ta’lim vazirligi Suvayda o‘rta maktablarida dushanba kuniga belgilangan rasmiy imtihonlar keyinga qoldirilganini e’lon qildi.

Suriya xavfsizlik kuchlari dushanba kuni Suvaydaga yetib kelgan va dastlabki yo‘qotishlarga uchragan. Foto: Getty Images

Druzlar kim o‘zi?

Druzlar – shialar sektasi bo‘lib, uning katta jamoalari Livan, Iordaniya va Isroilda ham yashaydi. Fuqarolar urushidan oldin Suriyada 700 mingga yaqin druzlar istiqomat qilgan, ularning aksariyati Suvayda viloyatida joylashgan.

Suvaydadagi badaviy va druz guruhlari o‘rtasida azaldan adovat mavjud bo‘lib, vaqti-vaqti bilan ular o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib turadi.

Bashar Asad rejimi davrida druzlar 13 yil davom etgan fuqarolar urushi paytida ularni himoya qilishiga umid qilib, ushbu hukumatni yashirincha qo‘llab-quvvatlagan.

Iyul oyi boshida druzlar jamoasi vakillari BBC uchun intervyuda nafaqat ularga qilingan hujumlardan, balki yangi hukumat tomonidan himoya yo‘qligidan ham xavotirda ekanliklarini aytishgandi.

So‘nggi paytlarda Suriya sobiq elitasi, jumladan, Bashar Asadning o‘zi ham mansub bo‘lgan alaviylarning yuzlab vakillari ham o‘ldirildi.

Bir necha bor Damashqdagi cherkovlarga hujumlar uyushtirildi.

O‘tgan yilning dekabrida «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘darganidan so‘ng, ko‘pchilik yangi hokimiyat davrida ozchiliklarning huquqlari va xavfsizligi qanday kechishidan xavotir bildirgandi.

Aprel va may oylarida yangi hukumat xavfsizlik kuchlari va druz jangarilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi, keyinroq mahalliy rahbarlar va diniy arboblar eskalatsiyani to‘xtatish hamda druz jangarilarining yangi hukumatga integratsiyasini yaxshilash bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi.

Mart oyida Suriyaning muvaqqat prezidentiga aylangan isyonchilarning sobiq yetakchisi Ahmad ash-Shar’a yangi o‘tish hukumatini tuzdi, unga 23 vazir, jumladan alaviylar, druzlar va nasroniylar vakillari ham kirdi.

Urush paytida Asadga qarshi kurashgan sunniy arab isyonchi guruhlari dekabr oyida mudofaa vazirligi kuchlari tarkibiga kirishga rozi bo‘lishgandi, ammo ozchilikni tashkil etuvchi qatlamlarning qurolli guruhlarini, shu jumladan druzlar va kurdlarni birlashtirishga urinishlar to‘xtab qoldi.

Isroil aralashuvi

Suriya janubidagi vaziyatni Isroilning siyosati yanada murakkablashtirmoqda, rasmiy Tel-Aviv Suriya armiyasi Damashq janubidagi hududlarda mustahkam o‘rnashuviga yo‘l qo‘ymasligini aytib keladi.

Isroil Suvayda viloyati va boshqa ikkita janubiy viloyatning to‘liq demilitarizatsiyasini istaydi, bu ilgari «Al-Qoida» tarkibida bo‘lgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi tuzgan Suriyaning yangi hukumatida o‘z xavfsizligiga tahdid ko‘radi.

Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Isroil aviatsiyasi harbiy obektlar va qurol-yarog‘ omborlarini yo‘q qilish maqsadida Suriyaga yuzlab zarbalar bergandi.

14 iyul kuni ham Isroil «druzlarni himoya qilish uchun» Suriyaga zarbalar yo‘lladi.

«Biroz avval Isroil armiyasi Suriya janubidagi Suvayda hududida Suriya hukumat qo‘shinlarining harbiy transport vositalariga zarbalar berishni boshladi», – deyiladi TsAXAL bayonotida. Bayonot bosh vazir Benyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Israel Kats armiyaga «druzlarga qarshi operatsiyalar o‘tkazish uchun Suriyaning Druz tog‘laridagi Suvayda hududiga kiritilgan hukumat qo‘shinlari va texnikasiga zudlik bilan zarba berish» buyrug‘ini berganini aytishi ortidan paydo bo‘ldi.

«Isroil bizning Isroildagi druz fuqarolarimiz bilan yaqin birodarlik tufayli Suriyadagi druzlarga zarar yetkazilishining oldini olishga sodiqdir. Biz ularga Suriya rejimi tomonidan zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik va Suriya bilan chegaramizga tutash hudud demilitarizatsiyasini ta’minlash uchun harakat qilmoqdamiz», –deyilgan bayonotda.

Seshanba kuni druzlarning nufuzli yetakchisi shayx Hikmat al-Hajriy bayonot bilan chiqib, Suriya hukumat qo‘shinlarini sulhni buzishda va shaharni bombardimon qilishda aybladi hamda druz jangarilarini hukumat qo‘shinlariga qarshi turishga chaqirdi.

Keyinroq Suriya mudofaa vaziri Murof Abu Qasra bayonot berib, o‘t ochish butunlay to‘xtatilganini e’lon qildi va hukumat qo‘shinlari faqat javoban o‘q uzishini aytdi.

Suriya mudofaa vaziri seshanba kuni hukumat qo‘shinlari Suvayda shahriga kirganidan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatganini e’lon qildi. Foto: Reuters

Druzlarning diniy rahbarlari shaharni nazorat qilayotgan druz lashkarini qurollarini tashlashga chaqirdi.

Bir kun oldin Suriya xavfsizlik kuchlari druzlar va sunniy badaviy qabilalari o‘rtasida boshlangan qonli to‘qnashuvlardan so‘ng tartib o‘rnatish maqsadida shaharga kirgandi.

Ushbu qo‘shinlar «mojaroni hal qilish, to‘qnashuvlarni to‘xtatish, xavfsizlikni ta’minlash, hodisalarda aybdorlarni ta’qib qilish va ularni vakolatli sud organlariga topshirish uchun hududda to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvni boshlaydi», – deyiladi Ichki ishlar vazirligi bayonotida.

Suriya ichki ishlar vazirligi vakili Nuriddin al-Bobo Associated Press nashriga bergan intervyusida «to‘qnashuvlar mohiyatan konfessiyalararo xarakterga ega emasligi»ni aytdi.

«Haqiqiy mojaro davlat va qandaydir Suriya jamoasi o‘rtasida emas, balki davlat va banditlar va jinoyatchilar o‘rtasida sodir bo‘lmoqda. Aksincha, davlat Suvaydadagi druzlar jamoasiga milliy birlik loyihasini ilgari surishda sherik sifatida qaraydi», – dedi u.

Suriya prezidenti Ahmad al-Shar’a hukumati tartibni tiklash uchun xavfsizlik kuchlarini yuborgan. Ijtimoiy tarmoqlarda janubga yo‘l olgan zirhli transportyorlar va yuk mashinasi platformasidagi kamida bitta eski tank suratlari paydo bo‘lgan.

Dushanba kuni TsAXAL Suriya janubida «bir necha tank»larga zarba berganini ma’lum qildi. Nishon aynan qaysi tomon bo‘lganiga aniqlik kiritmagan harbiylar zarbalar transport vositalarining Suvaydaga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida berilgani, chunki ular «Isroil davlatiga tahdid solishi mumkinligi»ni aytishgan.

Suriya-Isroil munosabatlari

O‘tgan yil dekabridan buyon Isroil chegara bo‘ylab hududlarni egallab oldi va Suriya hududiga bir necha bor zarbalar berdi, bu ozchilikni tashkil etuvchi druzlarni himoya qilish bilan ham, Damashq janubida de-fakto demilitarizatsiya zonasini o‘rnatish uchun harakat bilan ham izohlanadi.

Biroq, so‘nggi paytlarda hech qachon diplomatik munosabatlar o‘rnatilmagan Isroil va Suriya o‘rtasida bir necha marta to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Avvalroq Isroil rasmiylari Damashq bilan tinchlik bitimi tuzmoqchi ekanini ma’lum qilgandi.

Suriya va Isroil rasmiylari o‘tgan shanba kuni Bokuda prezident Ahmad al-Shar’aning Ozarboyjonga tashrifi doirasida uchrashdi, deb xabar berdi AFP agentligining Damashqdagi diplomatik manbasi. Yig‘ilishda Isroilning Suriyadagi so‘nggi harbiy amaliyotlari muhokama qilingan, biroq ash-Shar’aning o‘zi unda ishtirok etmagan.

Suriya hukumati yaqinda Isroil bilan 1974 yilgi ajratish kelishuvini (uning natijasida ikki davlat chegarasida bufer zonasi yaratilgandi) qayta tiklash maqsadida bilvosita aloqalar olib borganini tasdiqladi.

Suriya hukumati, Turkiya va arab rasmiylari Isroilning harbiy harakatlarini tanqid qilib, ular beqarorlikni kuchaytirayotgani va muvaqqat prezident Ahmad ash-Shar’aning davlatni barqarorlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlariga putur yetkazayotganini aytadi. Uning hukumati qo‘shnilar, jumladan Isroil bilan ziddiyat istamasligini bir necha bor ta’kidlagan.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi «barcha mamlakatlar va tashkilotlarni Suriya Arab Respublikasi hokimiyatini hurmat qilishga va har qanday ayirmachilik ruhidagi isyonkor harakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan tiyilish»ga chaqirgan. Hukumat o‘z bayonotida suriyaliklarni «zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatishga, noqonuniy qurollarni topshirishga va Suriyaning ijtimoiy tuzilmasini buzishga hamda nizo va bo‘linishni keltirib chiqarishga intilayotganlarning urinishlariga chek qo‘yish»ga chaqirgan.

Suriyadagi druzlarning ko‘pchiligi Isroilning o‘z ishlariga aralashishini istamasa-da, ba’zi guruhlar Damashqdagi yangi hukumatga shubha bilan qaramoqda.

Druz guruhlari yangi hukumatning xavfsizlik kuchlari yoki ularga ittifoqchi guruhlar bilan bir necha bor to‘qnashgan.

May oyida Isroil qo‘shinlari Damashqdagi prezident saroyi yaqinidagi obektga zarba berdi, bunga al-Shar’aga ogohlantirish sifatida qaraldi. Zarba Sakhnaya shahri va Damashqning asosan druzlar yashaydigan Jaraman chekkasida hukumatparast jangarilar va druzlar jangchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lganidan keyin berilgandi.

Mavzuga oid