O‘zbekiston | 18:36 / 18.09.2024
13519
4 daqiqa o‘qiladi

“Hammadan bir xil undiriladi” - Kitobda yoshlar yetakchilarining maoshi paxta terimi uchun ushlab qolinmoqda

Kun.uz'ga Yoshlar ishlari agentligi Kitob tumani bo‘limi rahbari Sohib Rahmonov ekani aytilgan audio yozuv kelib tushdi. Unda tumandagi yoshlar yetakchilari maoshidan paxta terimi uchun 3 mln so‘mdan pul ushlab qolinayotganini eshitish mumkin. Rahmonovning o‘zi buni rad qildi.

Kun.uz’ga Kitob tumani mahallalarida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilaridan murojaat kelib tushdi. Unda Yoshlar ishlari agentligi Kitob tumani bo‘limi rahbari Sohib Rahmonov topshirig‘i bilan yetakchilardan paxta terimi uchun pul yig‘ilayotgani ma’lum qilingan.

Yoshlar ishlari agentligi Kitob tuman bo‘limi boshlig‘i xodimlardan so‘ramasdan, hech qanday tushuntirishsiz avans pullarimizni naqd ko‘rinishida olib qo‘ymoqda. U har bir yetakchidan 3 mln so‘mdan ushlab qolinishini aytib, sentabr oyi uchun avans pullarimizni bermasdan, vedomostga qo‘l qo‘yishga majburladi”, deyiladi murojaatda.

Murojaat bilan taqdim qilingan audioda bo‘lim hisobxonasiga avans pulini olish uchun borgan Samariddin Abduxalilov ismli yoshlar yetakchisining Sohib Rahmonov bilan suhbatini eshitish mumkin. Hisobchi unga 2,3 mln so‘mlik avans pulidan 1,5 mln so‘m kamligini, bo‘lim rahbari Sohib Rahmonov paxta uchun olib qolganini aytgan.

Yetakchi va bo‘lim rahbari o‘rtasidagi suhbat shunday kechgan:

  • Aka, kelgandim, paxtaga pul ushlab qolamiz deyaptilar.
  • Ha, jo‘ra, to‘g‘ri, kecha sizga aytuvdim-ku, nima jinnini yoqasiz?
  • Mening sharoitimni bilasiz-ku, qarz olib berdim 5 sanaga.
  • Jirallamang, jo‘ra, hamma qatorisiz, o‘ylamang.
  • Qanday hamma qatoriman, aka, ro‘zg‘orimda hech narsa yo‘q, kreditimni yopishim kerak.
  • Ha, jo‘ra, birovning nomiga kredit olma.
  • O‘zimning nomimga olganman, aka, birovning nomiga emas.
  • Shang‘illama, ovozingni tushir, jo‘ra, o‘tkazib qo‘ygan joying bo‘lsa ayt, qaytarib beray.
  • Kimdan so‘rab naqd pulga chiqarilgan vedomostlar?
  • E, jirillama deyapman, ko‘p gapirma.
  • Hozir 1,5 mln olib qolyapsizmi?
  • Ha, jo‘rajon, qilasan-da endi, nima qilishim kerak?
  • Sharoitimni bilasiz-ku mening, aka. Uyimda boshqa hech kim ishlamaydi, yetim bola bo‘lsam, boshida 1,5 mln so‘m qarz olib berdim, o‘sha qarzimni berishim kerak. Yetmaydi-ku, Sohib aka.
  • E, jirillama, Samar, buncha gapni ko‘paytirasan?
  • Bunday bo‘lsa umuman kerak emas.
  • Kerak bo‘lmasa, olmasang olma, jo‘ra, plastigingga tushadi ana shu pul.
  • Hamma sharoitidan kelib chiqib ish qiladi-da, Sohib aka.
  • Hech kimning sharoitidan kelib chiqqanimiz yo‘q, hamma bir xil. Sening shoxing yo‘q ikkita”.

Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Sohib Rahmonovning o‘zi bilan ham bog‘landi. U tahririyat jurnalisti bilan suhbatda paxta terimi uchun pul yig‘ilayotganini inkor qilib, bunday topshiriq bermaganini aytdi.

Ma’lumot uchun, Sohib Rahmonov 2023 yilning iyul oyida Yoshlar ishlari agentligi Kitob tumani bo‘limi rahbari lavozimiga tayinlangan. Tuman mahallalarida 59 nafar yoshlar yetakchisi faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid