Jamiyat | 20:58 / 09.09.2021
71695
15 daqiqa o‘qiladi

Grin-karta mojarosi. 350 nafar o‘zbekistonlik AQSh hukumati bilan sudlashmoqda

2019, 2020 va 2021 yilgi DV Lottery dasturi g‘oliblari bo‘lgan o‘zbekistonliklar viza ololmayotganini aytishmoqda. AQShning Toshkentdagi elchixonasi pandemiya tufayli hali normal viza amaliyotiga qaytmagan. Holbuki Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarda bu jarayon allaqachon tiklangan.

Foto: Shutterstock

O‘zi nima gap?

Dunyo bo‘ylab grin-karta lotereyasining minglab g‘oliblari AQSh hukumatiga qarshi sudga da'vo kiritishmoqda. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor.

Da'vogarlar huquqlarini himoya qilayotgan advokat Kyortis Morrison tvitterda AQSh hukumatiga qarshi da'vo 141 mamlakatdan 24 ming nafardan ortiq odam nomidan berilganini ma'lum qildi. Mazkur ish Kolumbiya okrugi sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilyapti.

Sudga murojaat qilgan “Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi” (Diversity Immigrant Visa Program – AQSh rezidenti maqomini olish huquqini beruvchi vizalar olish dasturi)ning minglab g‘oliblari AQSh ularning arizalarini ko‘rib chiqishdan bosh tortayotgani sababli Amerikada yangi hayot boshlash imkoniyatini yo‘qotishdan xavotirda.

Har yili 55 mingta grin-karta

DV Lottery dasturida co‘nggi besh yilda AQShga 50 ming fuqarosi immigratsiya qilgan davlatlardan tashqari barcha davlatlar fuqarolari qatnasha oladi. O‘zbekistonliklar ham dasturda ishtirok eta oluvchilar jumlasidandir. Har yili lotereyada ishtirok etganlar orasidan dunyo bo‘ylab 55 ming kishi tanlab olinadi. Ular orasida AQSh fuqarolari va dasturda ishtirok eta olmaydigan mamlakatlar vakillari bo‘lmasligi kafolatlanadi.

Ushbu dastur oddiy, lekin qat'iy talablarga javob beradigan shaxslarga doimiy yashash maqomini berishni nazarda tutadi. Odatda anketa to‘ldiruvchi hech bo‘lmaganda o‘rta ma'lumotga ega bo‘lishi, O‘zbekiston sharoitida litsey yoki kollejni tamomlagan bo‘lishi talab etiladi. Grin-karta egalari tasodifiy tanlanadi. Beriladigan vizalar mamlakat va mintaqa bo‘yicha cheklangan. Hech qaysi mamlakatga umumiy «grin-karta»ning 7 foizidan (3,5 ming) ortig‘i berilmaydi.

Lekin grin-karta yutganlarning hammasi ham AQShga keta olmagan. 2016 yil may oyida 4 501 nafar, 2017 yil mayida 4 494 nafar o‘zbekistonlikka yutuq chiqqan. Biroq 2017 yilda faqatgina 3199 nafar, 2018 yilda 2058 nafar, 2019 yilda esa 823 nafar O‘zbekiston fuqarosi DV dasturi orqali AQShda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritgan.

Koronavirus pandemiyasi immigratsion vizalar dasturiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. 2020 yilning 20 martida AQSh Davlat departamenti xorijiy davlatlardagi barcha konsullik idoralari, vakolatxona va elchixonalari tomonidan viza xizmatlari ko‘rsatilishi to‘xtatilishini ma'lum qildi.

2020 yilning aprelida AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp mamlakatga immigratsiyani vaqtincha to‘xtatish haqidagi farmonni imzolagan, hujjatda koronavirus sababli yuzaga kelgan inqiroz sharoitida amerikaliklarga ish o‘rinlarini kafolatlash uchun xorijliklarga kamida 60 kunga grin-kartalar berilishi to‘xtatilishi ko‘zda tutilgandi. Keyinchalik cheklov noma'lum muddatgacha uzaytirildi.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, DV Lottery dasturi orqali beriladigan vizalar qat'iy muddatlarga ega va agar ruxsat olish muddati o‘tkazib yuborilsa, ariza beruvchi dastur bo‘yicha AQShga ko‘chib o‘tish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin.

“Mavhumlik bizni charchatdi...”

2019, 2020 va 2021 yillarda o‘tkazilgan lotereyada g‘olib chiqib, grin-karta sohibi bo‘lgan o‘ndan ortiq o‘zbekistonliklar Kun.uz’ga murojaat qilib, haligacha suhbatga chaqirilmayotganliklarini ma'lum qilishdi.

“Davlat ishida ishlayman. Grin-kartani yutganimda nihoyatda quvongandim. Hali ota-onam ham bilmaydi bu haqda. Suhbatdan o‘tib, barchasi aniq bo‘lgandan keyin aytmoqchi edim. Biroq endi barchasi sarobga aylanishidan xavotirdaman.

Bir qancha mamlakatlarda, masalan, bizga qo‘shni davlatlarda grin-karta g‘oliblari allaqachon suhbatdan o‘tib, Amerikaga ketishyapti. Lekin negadir biz bundan chetda qolyapmiz”, – deydi ushbu so‘zlari arizasini ko‘rib chiqilishidan xavfsirab, ismi sir qolishini so‘ragan vatandoshlardan biri.

“2019 yilda o‘tkazilgan grin-karta lotereyasida ayolimga yutuq chiqqan. 2020 yil 20 mart kuni suhbatga kirganmiz. Suhbatga kirishdan avval o‘zim, ayolim va qizim uchun elchixonaga 330 dollardan jami 990 dollar, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun kishi boshiga 205 dollardan to‘lov to‘laganmiz. Biroq haligacha viza ololganimiz yo‘q.

Shu paytgacha elektron pochta orqali murojaatlarimizga har safar bir xil – pandemiya tufayli ayni paytda viza berilmayotganligi ta'kidlangan javoblar kelgan. Elchixonaga telefon ham qilganmiz. Telefondayam shundan ortiq javob ololganimiz yo‘q. Mavhumlik rosa charchatdi bizni.

Agar vaziyat chindan pandemiya bilan bog‘liq bo‘lsa, u holda nima uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarda grin-karta g‘olibi bo‘lgan shaxslarga viza berilmoqda? Ulardagi vaziyat bizdan yaxshimi? Bunga ham xo‘p deylik. Agar epidemiologik vaziyat shu qadar yomon bo‘lsa, nega AQShning Toshkentdagi elchixonasi noimmigrant vizalar, ya'ni turizm va sayohat, ta'lim va almashinuv dasturi bo‘yicha vizalarni berib kelmoqda. Axir AQSh Davlat departamenti xorijiy davlatlardagi elchixonalariga birinchi navbatda immigratsion vizalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergan bo‘lsa-da, nima uchun ushbu toifaga kiruvchi DV-dasturi bo‘yicha vizalarni berishni paysalga solib kelmoqda. Savollarimiz ko‘p, ammo javob yo‘q”, – deydi Baxtiyor Badalov.

“Grin-karta lotereya ekanini deyarli hamma biladi. Omadimiz chopib ana shu lotereyada g‘olib deb topildik. Biroq bizga va'da qilingan yutuqni olish uchun, ya'ni AQShga ketish uchun sudga murojaat qilishga majburmiz. To‘g‘ri, pandemiya ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. Vaziyatni to‘g‘ri baholaganimiz uchun ham shu paytgacha sabr bilan kutib keldik. Agar boshqa mamlakat fuqarolari ham biz kabi kutishayotgan bo‘lganida, balki, huquqlarimiz himoyasi uchun sudga ham murojaat qilmagan bo‘lardik. Biroq ko‘plab davlatlardagi AQSh elchixonalari faoliyatini tikladi, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilib, viza berish jarayonini yo‘lga qo‘ydi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ham boshqa turdagi vizalarni berayotganini eshitdik, biroq DV-vizalarga kelganda COVID-19 bahona qilib ko‘rsatilayotganini hazm qila olmayapmiz. Ustiga-ustak hech bir vakolatli shaxs bu jarayon qachongacha davom etishi mumkinligi, avvalgi yillarda grin-karta yutganlarning taqdiri nima bo‘lishi haqida aniq bir ma'lumot bermayapti.

Nega AQSh hukumati va ushbu mamlakatnnig O‘zbekistondagi elchixonasi DV-lottery g‘oliblarining huquqlarini poymol qilishmoqda. Axir DV-dasturi AQSh hukumatining o‘zi yaratgan dastur-ku?! Biz esa ushbu dasturda qonuniy tarzda g‘olib bo‘lganmiz. Nahot o‘zlari yaratgan tizimni o‘zlari inkor etishsa?!” – deydi deydi 2020 yili o‘tkazilgan DV-lottery g‘olibi bo‘lgan Nizomiddin To‘laganov.

Grin karta yutgan 11 mingdan ortiq shaxs AQShni sudga bergan

Ayni paytda AQShda yashab, faoliyat yuritayotgan, amerikalik advokat Kyortis Morrison va o‘zbekistonliklar o‘rtasida vositachilik qilayotgan O‘tkir Rahmatullayev 350 nafar vatandoshning huquqlarini himoya qilish uchun Kolumbiya okrugi sudiga da'vo arizasi kiritilganini ma'lum qildi.

– 2021 yilning 7 iyunida Kolumbiya okrug sudiga kiritilgan ““Mr. Goodluck v. Bayden” (“Janob Gudlak Baydenga qarshi”) deb nomlangan da'vo doirasida 11 ming nafardan ortiq DV-dasturi lotereyasi g‘oliblari va ularning oilalari (jami 24 089 nafar da'vogar)ning manfaatlari himoya qilinmoqda. Da'vogarlarning 1341 nafari Nepal, 1295 nafari Marokash, 910 nafari Jazoir, 896 nafari Misr, 689 nafari Sudan, 548 nafari Rossiya, 539 nafari Albaniya, 385 nafari Turkiya, 355 nafari Eron va 350 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir.

Ushbu da'vogarlarning manfaatlarini Kyortis Morrison, Rafael Urena, Abadir Barre, Filipp Daklos, Jonatan Aftalion va boshqa advokatlar himoya qilishmoqda. 2021 yilning 8 iyun kuni sudya Amit Mehta “Janob Gudlak Baydenga qarshi” deb nomlangan ishni ko‘rib chiquvchi sudya sifatida tayinlangan.

“Da'vogarlar Departamentning immigratsion viza uchun arizalarini ko‘rib chiqish va hal qilishni to‘xtatuvchi siyosati, protseduralari va amaliyotini tugatishni talab qilishmoqda. Ular suddan 2021 yil 30 sentyabrgacha DV-lotery g‘oliblarining immigratsion viza talablarini ko‘rib chiqish va ularning arizalari bo‘yicha qaror qabul qilish majburiyatlarini bajarishga hamda basharti javobgarlar da'vogarlar vizasini muddatidan oldin to‘liq hal qilmagan va bermagan taqdirda, 2021 yil 30 sentyabrdan keyin da'vogarlar uchun ishlatilmaydigan DV-lotereya vizalari raqamlarini zaxiralashga majburlaydigan sud buyrug‘i chiqarib berishni so‘rashmoqda”, – deydi O‘tkir Rahmatullayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2021 yilning 19 iyul kuni birinchi sud tinglovi bo‘lib o‘tgan. Sud da'voning 2021 yil 30 sentyabrgacha DV-lottery g‘oliblarining immigratsion viza talablarini ko‘rib chiqish va ularning arizalari bo‘yicha qaror qabul qilish majburiyatlarini bajarishga majburlaydigan sud qarori chiqarilishi haqidagi qismi bo‘yicha allaqachon o‘z hukmini e'lon qilishi kerak bo‘lsa-da, bu jarayon negadir cho‘zilib ketgan.

– Da'voning basharti javobgarlar da'vogarlar vizasini muddatidan oldin to‘liq hal qilmagan va bermagan taqdirda, 2021 yil 30 sentyabrdan keyin da'vogarlar uchun ishlatilmaydigan DV-lottery vizalari raqamlarini zaxiralashga majburlashga doir qismi bo‘yicha sud qarori 30 sentyabrgacha qabul qilinishi shart. Ushbu sanadan kechiktirib qabul qilingan hujjat qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi.

Xuddi shunday holat o‘tgan yili DV-2020 dasturi buyicha ham yuz bergandi. AQSh COVID-19 tufayli 2020 yilning 20 martidan dunyo bo‘ylab konsulliklari orqali viza berishni to‘xtatgandi. Keyinroq Trampning mamlakatga immigratsiyani vaqtincha to‘xtatish haqidagi farmoni chiqdi. Ushbu farmon DV-2020 dasturi uchun katta xatarni yuzaga keltirdi. Chunki ushbu dastur g‘oliblari 2021 yil 30 sentyabrgacha yilgacha viza olisholmasa, ularning vizasi kuyardi. Aynan shu muammo “Mr. Gomez v. Trump” (“Janob Gomez Tramga qarshi”) deb nomlanuvchi da'voni yuzaga keltirdi. 2020 yilning iyulida start olgan sud ishi hozirgacha davom etmoqda. Yaqinda bu borada yakuniy qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Bungacha esa 2020 yilning 4 sentyabrida sud tomonidan vaqtinchalik qaror qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 2020 yil 24 sentyabrgacha 974 nafar da'vogardan 948 nafar da'vogarning arizasi ishi ko‘rib chiqildi. Vaqtinchalik qaror tufayli uch hafta ichida jahon bo‘ylab DV-2020 g‘oliblarining 5093ta arizasi ko‘rib chiqildi. 2020 yil 3 sentyabrda esa sudya AQSh Davlat departamenti DV-2020 dasturini noqonuniy tarzda to‘xtatgani uchun 9095ta vizani zaxiralash haqida qaror qabul qildi. Zaxira qilingan vizalar berilishini ijro etish muddatini aniqlovchi sud qarori yaqin orada chiqishi kutilmoqda.

O‘tkir Rahmatullayevning ta'kidlashicha, DV-2020 dasturi buyicha viza olish muddati 2020 yil 30 sentyabrgacha, DV-2021 dasturi bo‘yicha esa 2021 yil 30 sentyabrgacha davom etadi.

Markaziy Osiyoda faqat o‘zbekistonliklar viza ololmayapti

O‘zbekistonda DV-2021 dasturi buyicha 2082 nafar (oila a'zolari bilan birga 5319 kishi) g‘olib mavjud. Kun.uz bilan suhbatda vatandoshlar hali birorta ham o‘zbekistonlik viza suhbatidan o‘tmagani, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab hozirgacha Toshkentdagi AQSh elchixonasi tomonidan DV-2021 dasturi buyicha bir dona ham viza berilmaganini aytishmoqda.

AQShning Toshkentdagi elchixonasining 2021 yil 16 apreldagi axborotida so‘nggi ikki hafta mobaynida yangi, rasman xabar qilingan holatlar tendensiyasi oshgani, biroq ishonchli ma'lumotlarga kirish imkoni yo‘qligi va testlar yetarli emasligi tufayli ularning soni kamligi haqida so‘z borgan hamda shu munosabat bilan viza xizmatlari to‘xtatilganini ma'lum qilgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan vatandoshlarning aytishicha, Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa to‘rt mamlakat – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning DV-2021 dasturida g‘olib chiqqan fuqarolariga viza berib kelinmoqda.

“2021 yil 3 iyun holatidagi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShning Olmaotadagi elchixonasi tomonidan DV-2021 dasturida g‘olib chiqqan 1593ta keys (grin-karta yutgan shaxslarning oila a'zolari soni bilan birga jami 4 mingdan ziyod kishi AQShga viza olish huquqiga ega bo‘lgan)dan 70tasi bo‘yicha o‘tkazilib, 140 kishiga viza berilgan. Shuningdek, Amerikaning Bishkek shahridagi elchixonasi tomonidan 2021 yilgi grin-karta lotereyasida g‘olib bo‘lgan 760 keysdan 26tasi suhbatdan o‘tkazilib, 48 kishiga viza berilgan. Bu ma'lumotlar sudga ham taqdim etilgan.

Tojikistonliklar AQShning Olmaota shahridagi elchixonasi orqali suhbatdan o‘tib kelishmoqda. Turkmaniston pandemiya tufayli shu paytgacha tashqi dunyo uchun yopiq edi, u ham yaqinda ochildi va AQShning ushbu mamlakatdagi elchixonasi ham faoliyatini tikladi. Biroq AQShning Toshkentdagi elchixonasi haligacha pandemiyani bahona qilib na viza berishni yo‘lga qo‘ydi va na grin-karta g‘oliblarini viza suhbatlariga chaqirmoqda. DV-2021 dasturida g‘olib chiqqan 2082 nafar o‘zbekistonlikdan hech biri shu paytgacha suhbatga chaqirilmagan.

AQShning O‘zbekistondagi konsulligi bu harakatini quyidagicha izohlamoqda: “COVID-19 pandemiyasi tufayli AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi hali ham normal viza amaliyotiga qaytmagan. Biz immigratsion vizalarning ayrim toifalarini qayta ko‘rib chiqishni boshlagan bo‘lsak-da, bizning resurslarimiz cheklangan bo‘lib qolmoqda va biz hozircha to‘liq hajmli viza xizmatlarini taqdim qila olmaymiz”.

Kun.uz tahririyati AQShning Toshkentdagi elchixonasiga bir qator savollar bilan murojaat qildi. Elchixona mas'ul xodimi ushbu savollarga kelasi haftada batafsil javob berilishini ma'lum qildi.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid