Sport | 13:33 / 24.05.2021
18865
9 daqiqa o‘qiladi

APLda so‘nggi tur: «Liverpul» va «Chelsi» YeChLda, Beyl «Arsenal»ni yevrokubokdan mahrum qildi

Bu oqshom «Tottenhem» va shaxsan Harri Keyn uchun omadli bo‘ldi. Jamoa o‘zi uchun yevrokuboklar yo‘llanmasini saqlab qoldi hamda «Chelsi»ga yordam berdi. «Liverpul» ham uchinchi o‘rin bilan YeChLga chiqdi.

Angliya chempionati. Premer-liga. 38-tur
«Lester» — «Tottenhem» — 2:4 (1:1)
Gollar: Vardi, 18 — penaltidan (1:0). Keyn, 41 (1:1). Vardi, 52 — penaltidan (2:1). Shmeyxel, 76 — avtogol (2:2). Beyl, 86 (2:3). Beyl, 90 (2:4).
«Aston Villa» — «Chelsi» — 2:1 (1:0)
Gollar: Traore, 43 (1:0). Al-G‘oziy, 52 — penaltidan (2:0). Chiluell, 70 (2:1).
«Liverpul» — «Kristal Pelas» — 2:0 (1:0)
Gollar: Mane, 36 (1:0). Mane, 74 (2:0).

APLning yakunlovchi turidagi asosiy intriga — Chempionlar ligasi va umuman yevrokuboklarga kimlar yo‘llanma olishi bo‘yicha edi. YeChL uchun qolgan ikki o‘ringa uch klub da'vogar edi — «Liverpul», «Chelsi» va «Lester». Ulardan biri ortiqcha edi. Hal qiluvchi o‘yinlar oldidan turnir jadvalining yuqorisidagi holat quyidagicha edi:

  • «Chelsi» – 67 ochko, +23 (57-34);
  • «Liverpul» – 66, +24 (66-42);
  • «Lester» – 66, +20 (66-46).

So‘nggi turdan keyin ham ochkolar teng bo‘lib qolgan holatda hisobga olinadigan birinchi ko‘rsatkich — to‘plar nisbati edi.

«Liverpul» o‘z uyida «Kristal Pelas»ni qabul qildi, o‘yin uchun motivatsiyasi faqat Roy Hojsonning so‘nggi o‘yinini munosib o‘tkazish bo‘lgan jamoani mag‘lub etsa, Yurgen Klopp jamoasi boshqa o‘yinlarda qanday natijalar qayd etilishidan qat'i nazar Chempionlar ligasidagi ishtirokini kafolatlardi.

«Chelsi» va «Lester»ning sirtqi kurashi esa hayajonlarga boy bo‘ldi. «Lester» yevrokubokka yo‘llanma beruvchi o‘rinni saqlab qolishi kerak bo‘lgan «Tottenhem»ni qabul qildi, «Chelsi» «Aston Villa» mehmoni bo‘ldi.

Birinchi bo‘lib «Lester» tashabbus ko‘rsatdi. Angliya Kubogi sohibi yetakchisi Jyeymi Vardi penalti ishlab, uni o‘zi aniq ijro etdi.

Bu goldan keyin Brendan Rojyers shogirdlari onlayn turnir jadvalida darhol uchinchi o‘ringa ko‘tarildi, «Liverpul» esa to‘rtlikdan chiqdi. Aleksandr-Arnold qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, Taunsendga imkon taqdim etganida, qizillar YeChL bilan xayrlashayotgandek edi, ammo «Tottenhem» tarbiyalanuvchisi birga bir vaziyatdan gol ura olmadi. Ammo «Enfild» mezbonlari shu kuni katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va «Kristal Pelas» ijobiy natijaga umid qila olmasdi. O‘yinda hisob burchak zarbasidan keyin ochilgan bo‘lsa-da, mersisaydliklar bungacha kamida beshta «yuz foizlik» vaziyat yaratishgandi. Sane ikkinchi bo‘limda ham bitta gol urdi va jamoasining xotirjam g‘alabasini ta'minladi.

Tuxel shogirdlari esa birinchi bo‘lim oxirida «Aston Villa»dan gol o‘tkazib yuborishdi. 15 yoshdan 19 yoshigacha London klubi tizimida bo‘lgan Traore hisobni ochdi. Ushbu burkino-fasolik futbolchi ko‘p vaqtni ijarama-ijara o‘tkazgan, faqat Guus Hiddink davrida unga imkon berilgan, ammo raqobatga dosh bera olmay sotib yuborilgandi. Traorening goli «Chelsi» uchun ikki karra yoqimsiz bo‘ldi, to‘pni qaytarish uchun sakragan darvozabon Mendi ustunga urilib, jarohat oldi va tanaffusda almashtirildi (Kepa o‘yinni davom ettirdi).

Parallel kechgan uchrashuvda «Lester» «Tottenhem» bilan durang qayd etib, onlayn turnir jadvalida ko‘klarga yetib olgan, faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra ortda edi.

Ikkinchi bo‘limda esa o‘yinlar shiddati kuchaydi. Lesterdagi o‘yinning 52-daqiqasi: Jyeymi Vardi yana bir penalti ishladi va uni aniq ijro etib, «tulkilar»ni oldinga boshladi — 2:1. Birmingemdagi o‘yinning 52-daqiqasi: Jorjinyu o‘z jamoasi jarima maydonida Bernard Traorega nisbatan ehtiyotsizlik bilan harakat qildi, 11-metrli jarima zarbasi, Anvar Al-G‘oziy gol urdi, 2:0 «Villa» foydasiga. «Chelsi» esa — top-4dan tashqarida. Lekin qayd etish kerakki, ikkinchi bo‘limni londonliklar juda kuchli boshlagan va faqat mo‘jiza tufayli birmengemliklar gol o‘tkazishmagandi.

Birmingemdagi o‘yinning 70-daqiqasi. «Chelsi» «Villa» jarima maydonini qamal qildi, Ben Chiluell Kristian Pulishichning pasidan keyin hisobni qisqartirdi - 2:1. Ammo mehmonlarga bu hisob kamlik qilardi. Bu vaqtda «Lester» oldinda borar, demak, «Chelsi» yana bitta gol urishi talab etilardi.

Lesterdagi o‘yinning 76-daqiqasi. «Tottenhem» burchak zarbasi amalga oshirdi, mezbonlar darvozabon Kasper Shmeyxel to‘pga chiqishda xato qildi, Devinson Sanches bilan to‘p uchun kurash vaqtida uni o‘z darvozasiga kiritib yubordi. 2:2.

Chempionlar ligasi «Lester»dan yana uzoqlashdi. Onlayn-jadvalda jamoaning ochkolari «Chelsi»niki bilan teng, ammo to‘plar nisbati ikki punktga yomonroq.

«Lester»dan endi shunchaki uchinchi golni urish va g‘alaba qozonish talab etilardi, ammo golni «Tottenhem» urdi. O‘yinning 87-daqiqasida ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Garet Beyl qarshi hujum boshlab berdi va Harri Keynning pasidan keyin o‘zi hujumni yakunladi. U o‘yin oxirida raqib himoyachilarini bolalarcha aldab, yana bir gol urdi - 2:4.

«Tulkilar»ning Chempionlar ligasi orzusi 24 daqiqa yashadi. Bir hafta muqaddam o‘z seyvlari bilan «Lester»ga Angliya Kubogini keltirgan jamoa sardori Shmeyxelning xatosi bu orzudan mahrum qildi.

Keyingi mavsumda Chempionlar ligasida Angliyadan Manchesterning ikki klubi, «Liverpul» va «Chelsi» ishtirok etadi, «Lester» esa Angliya Kubogi bilan ovunadi. Holbuki bu jamoa mavsum davomida eng ko‘p vaqt to‘rtlikda bo‘lgandi (242 kun).

Darvoqe, bu g‘alaba «Tottenhem»ga ikki karra zavq berdi, bu orqali jamoa Shimoliy London bo‘yicha asosiy raqibi «Arsenal»ni yana bir bor ortda qoldirdi. Gap shundaki, «Arsenal» so‘nggi tur arafasida «shporlar»dan bir ochko ortda qolayotgandi, jamoa so‘nggi turda «Brayton»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi, ammo «Tottenhem» iroda ko‘rsatib, g‘alabaga erishgach, Arteta shogirdlari yevrokuboklardan mahrum bo‘ldi - sakkizinchi o‘rin. Rayan Meyson shogirdlari esa keyingi mavsum ilk bor o‘tkaziladigan sirli Konferensiya ligasi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

London bilan xayrlashishi haqida gap-so‘zlar kundan kunga ko‘payayotgan Keyn esa so‘nggi turdagi goli orqali chempionatning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi (23 gol, Muhammad Salohda 22 gol), shuningdek, liganing eng yaxshi assistenti uchun sovrinni ham o‘ziniki qildi (13 uzatma, keyingi eng yaxshi natija Brunu Fernandeshda - 12). Keyn 2015/16 va 2016/17 yilgi mavsumlardan keyin uchinchi bor mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

«Vest Hem» «Sauthempton»ni xotirjamlik bilan mag‘lub etib (2:0), oltinchi o‘rinni egallagan holda Yevropa Ligasi yo‘llanmasini saqlab qoldi - jamoa bu asrda to‘rtinchi bor yevrokuboklarda ishtirok etadi.

Yakun:

«Man Siti», «Man Yunayted», «Liverpul» va «Chelsi» Chempionlar ligasida ishtirok etadi,

«Lester» va «Vest Hem» Yevropa Ligasiga chiqdi,

«Tottenhem» Konferensiyalar ligasida o‘ynaydi.

Ligani tark etganlar avvalroq ma'lum bo‘lib ulgurgandi: «Fulhem», «Vest Bromvich» va «Sheffild Yunayted».

Mavzuga oid