Sport | 14:35 / 23.08.2022
18160
10 daqiqa o‘qiladi

«Qarorgohimizda jodugar bor». «Liverpul» inqirozining 3 ta sababi

Rossiyaning «Chempionat» nashri «Liverpul» duch kelayotgan qiyinchiliklar sababi haqida tahliliy maqolani e’lon qildi.

Foto: Getty Images

Chempionat startidagi muvaffaqiyatsizlik tasodif emas. Bu o‘tgan mavsumdan beri davom etmoqda

O‘tgan mavsumda «Liverpul» may oyining so‘nggi haftalarigacha barcha to‘rtta sovringa da’vogarlik qildi. Angliya chempionatida «qizillar» 38-turgacha intrigani saqlab turishdi, Chempionlar Ligasida esa «Real» bilan finalgacha yetib borishdi, ammo yakunda sovrinlar javoniga faqat Angliya Kubogi va Liga Kubogini qo‘shib qo‘yishdi.

Ammo yangi mavsumdan oldin fanatlar orasida baribir qandaydir hadik bor edi. Klub hujumdagi ko‘p yillik yetakchisi Sadio Maneni «Bavariya»ga sotdi, ammo qishda uning o‘rniga kolumbiyalik Luis Diasni «Portu»dan 47 million yevro evaziga oldi. Yozda esa Erling Holandning «Siti»ga o‘tishiga Darvin Nunesning rekord darajadagi transferi bilan javob qaytardi. «Benfika» bonuslar bilan birga hujumchi uchun 100 million yevrogacha olishi mumkin.

Superkubok uchun bahs Angliya chempionati boshlanishidan oldingi nazorat mashqi bo‘ldi. «Liverpul» Lesterdagi o‘yinda «Manchester Siti»ni 3:1 hisobida yengdi. Shundan so‘ng «qizillar» birinchi turdanoq ligani «yorib tashlashga» tayyordek tuyuldi. Ammo dastlabki 3 ta turdan so‘ng Klopp va shogirdlari mavsumoldi yig‘ini o‘rniga bir oy quyoshda toblangandek ko‘rinmoqda.

Foto: Getty Images 

Premer-Liganing yangi a’zosi «Fulhem»ga qarshi mavsumning ilk o‘yinida mersisaydliklar serb Aleksandr Mitrovichning kuchiga dosh bera olmadilar va Londondan zo‘rg‘a ochko olib ketishdi. «Enfild»dagi yangi mavsum «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin bilan boshlandi, ammo «qizillar» o‘z maydonida ham faqat bir ochko oldi. Ushbu bahs natija bilan emas, balki Klopp davridagi tajovuzkor xatti-harakati uchun birinchi chetlatish bilan esda qoldi – urugvaylik Nunes asabini jilovlay olmadi va uch o‘yinlik diskvalifikatsiyani «qo‘lga kiritdi».

3-turda «Liverpul» o‘z muammolari girdobida qolgan «Manchester Yunayted» bilan safarda o‘ynadi va 1:2 hisobida yutqazdi.

So‘nggi yillarda Angliya chempionati oltini uchun kurashda «Manchester Siti»ning yagona haqiqiy raqibi bo‘lib kelgan jamoadan bunday kuchsiz startni hech kim kutmagandi. Mersisaydliklarning sust o‘yinlari uchun uchta aniq sabab bor – keling, mavsumning uzoq muddatli istiqbolida voqealar qanchalik yomon ekanini tushunish uchun ularning har birini ko‘rib chiqaylik.

Jarohatlar girdobi

«Men hech qachon bunday haftaga duch kelmaganman. Rostini aytsam, qarorgohimizda xuddi jodugar bordek tuyulmoqda. Har kuni kimdir aqlbovar qilmas sabab bilan jarohat olyapti», degan edi Klopp matbuot anjumanlaridan birida.

«Liverpul» lazareti mavsum boshlanishidan oldin birinchi mijozlarni qabul qila boshladi – Aleks Oksleyd-Chemberlen va Nabi Keyta hammadan oldin yotib qolishdi. Diogu Jota chempionat boshlanishiga oz vaqt qolganida jarohat oldi, Tiago Alkantara esa «Fulhem»ga qarshi o‘yinda maydonni tark etdi. Kyortis Jons, Ibraima Konate va Roberto Firmino ham safdan chiqishga «ulgurishdi».

Foto: Getty Images 

Eng bema’ni vaziyat uelslik Kalvin Remsi bilan bog‘liq holatda yuzaga keldi. «Qizillar» uni Trent Aleksandr-Arnold uchun o‘rinbosar sifatida sotib olishdi, biroq bu yigit yangi jamoaning birorta mashg‘ulotida ko‘rinmadi. Superkubok o‘yinidan oldin Klopp gap nimada ekanini tushuntirdi: «Unda kichik jarohat borligini aniqladik, bu yosh yigitlarda bo‘lib turadi. Biz ehtiyot bo‘lishimiz kerak, shuning uchun u hali mashg‘ulot o‘tkazmadi». Klub tibbiy xodimlari shartnoma imzolashdan oldin himoyachini ko‘rikdan o‘tkazishganida buni nega payqamagani qiziq.

Eng fojiali vaziyat o‘rta chiziqda: 7 nafar nominal yarimhimoyachidan faqat Fabino va 36 yoshli Jyeyms Milner mavsum boshidan buyon sog‘lig‘ida muammolarga duch kelmagan. «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda ular bilan birga Harvi Elliott o‘ynadi, ammo yigit bor-yo‘g‘i 19 yoshda, maydon markazidagi pozitsiya esa unga mos emas.

Yig‘ilib qolgan charchoq alomatlari

Bu yilgi yoz «qizillar» uchun o‘ziga xos bo‘ldi: futbolchilar xalqaro turnirlarsiz xotirjam dam olishdi va mavsumoldi tayyorgarlik jarayonini to‘liq tarkib bilan o‘tkazishi mumkin edi.

Ammo shuni yodda tutish kerakki, o‘tgan yili futbolchilar Yevropa chempionatida ishtirok etishdi, 2020 yilda kovid bilan bog‘liq cheklovlar bo‘ldi va Premer-Liga mavsumi deyarli avgustgacha cho‘zilgan edi. 2021/22 mavsumida «Liverpul» o‘zi ishtirok etgan har bir turnirda finalgacha yetib bordi. Murabbiy esa jamoa mavsum oxiriga «emaklab yetib kelganini» aytdi.

«Bir mavsumda 64 ta o‘yin o‘tkazib, ularning har birida, har daqiqasida raqibdan o‘zib keta olmaysiz. Agar taqvimingizda 64 ta o‘yin bo‘lsa, ularning ba’zilarida shunchaki kurashishga to‘g‘ri keladi», dedi Klopp.

«Qizillar» bilan bog‘liq holatda Klopp so‘zlari nihoyatda dolzarb: «Liverpul»ning ustunligi asosan o‘yinning ko‘p qismida faol pressing qilishga, raqib maydonida to‘p yo‘qotilganidan so‘ng tezda orqaga qaytishga va keskin vertikal hujumlarga asoslanadi. Bu eng ko‘p energiya talab qiladigan o‘yin uslubi bo‘lib, sportchilarning jismoniy imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishni ko‘zda tutadi.

2021 yilda CIES tomonidan Yevropa va Amerikaning 31 ta chempionatidagi 7855 ta o‘yinda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, futbolchining yoshi qanchalik katta bo‘lsa, o‘yinda kamroq yuguradi. Shuningdek, kamroq va sekinroq tezlanish oladi.

Foto: Getty Images 

«Qizillar» tarkibni bosqichma-bosqich yoshartirmoqda, biroq jamoa yoshi katta yetakchilarga juda qaram bo‘lib qolgan. «Liverpul»ning 8 nafar asosiy futbolchisi 30 yoshdan oshgan, ulardan 6 nafari «Fulhem»ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi – Virjil van Deyk (31 yosh), Joel Matip (30), Jordan Henderson (32), Tiago (31), Muhammad Saloh (30) va Roberto Firmino (30).

O‘yin boshidagi sust harakatlar

«Liverpul» ochkolar soni bo‘yicha turnir jadvalining quyi qismida bormoqda, ammo xavfli vaziyatlar yaratish statistikasi bo‘yicha hammadan oldinda. Afsuski, sermahsullikni yaxshilash barcha muammolarni hal qilmaydi, futbolchilar maydonning boshqa qismida yaxshiroq ishlashi kerak.

«Liverpul» Premer-Ligadagi so‘nggi 7 ta o‘yinda birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubormoqda (o‘tgan mavsum ham hisobga olinsa). Bunday holat jamoada XX asrdan buyon yuz bermagan edi. Ammo Klopp muntazam ravishda jamoaning «qo‘rqinchli» mentaliteti va futbolchilarning eng qiyin vaziyatlardan chiqib keta olish qobiliyatini ta’kidlab boryapti.

Foto: Getty Images 

Mersisaydliklar 7 ta o‘yindan faqat 1 tasida mag‘lub bo‘lishdi, qolganlarida 3 ta g‘alaba va 3 ta durang qayd etildi. Klopp yigitlarining bardoshiga qoyil qolish mumkin, ammo ular o‘z hayotini qayta-qayta qiyinlashtirayotgani taajjubga soladi.

Yurgenning ta’kidlashicha, gap raqibning taktik syurprizlarida emas, shunchaki «Liverpul» futbolchilari ilk soniyalardanoq o‘yinga to‘liq kirishib ketishmayapti. «O‘yin boshlanishidan oldin uyg‘oning, tezlikni pasaytirmang», deydi u.

Muammo faqat himoyachilarda emas. Germaniyalik murabbiy «qizillar» jamoaviy himoyalanishini bir necha bor ta’kidlagan, harakatlar esa birinchi pressing chizig‘idan boshlanadi. Ammo to‘p bilan va to‘psiz o‘yinning ko‘p jihatlarida ular birinchi daqiqalardan yetarlicha tezkor emas. O‘yinga kirishib ketishi uchun ko‘proq vaqt talab etilyapti.

Qandaydir xulosa chiqarishga hali erta, biroq bir nechta noxush tendensiyalar butun kampaniya taqdiri uchun xavotirni kuchaytiradi.

Bahorda Klopp «Liverpul» bilan 2026 yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnomani imzolagan edi va bu vaqtni merosxo‘ri uchun jamoa shakllantirishga sarflamasa kerak. Ko‘ramiz, Yurgen qanday qilib «qizillar»ni eng yaxshi formaga qaytarar ekan.

Mavzuga oid