O‘zbekiston | 18:30 / 08.12.2025
7118
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qirg‘izistonning «Qambar Ota-1» GES qurilishini moliyalashtiradi

GES qurilishi Qirg‘iziston (34 foiz), O‘zbekiston va Qozog‘iston (33 foizdan) tomonidan kelasi yildan boshlab moliyalashtiriladi. Har bir mamlakat o‘z ulushiga mutanosib ravishda elektr energiyasi oladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayevni qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vazirligiga tayanib 24.kg xabar berdi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston yetakchisi suv energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish hamda mintaqaviy ahamiyatga molik qo‘shma loyihalarni, eng avvalo, «Qambar Ota-1» GES qurish loyihasini samarali ilgari surish muhim ekanini ta’kidlagan.

«Mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yilda Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda «Qambar Ota-1» gidroelektr stansiyasini qurish loyihasini moliyalashtirishni boshlaymiz», deb Shavkat Mirziyoyev so‘zlarini keltirdi nashr.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistondagi «Qambar Ota-1» GES qurilishi qiymati 4,2 milliard dollarga baholanmoqda, xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirishning umumiy portfeli esa 5,6 milliard dollarga yetgan.

Tomonlarning ishtirok etish ulushi quyidagicha taqsimlangan: Qirg‘iziston - 34 foiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston - 33 foizdan. Har bir mamlakat elektr energiyasini o‘z ulushiga mutanosib ravishda olishi mumkin bo‘ladi, bunda bozor sharoitlari va ehtiyojlarga qarab tuzatishlar kiritilishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid