O‘zbekiston | 08:36 / 12.08.2021
4043
2 daqiqa o‘qiladi

Limonchilikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat limon ko‘chatlarini yetishtirish va limon yetishtiruvchi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishni jadal rivojlantirish, sohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish hamda aholi bandligi va daromadlari darajasini oshirish maqsadida qabul qilingan.

U bilan quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi:

Prezidentning 19.02.2020 yildagi PQ-4610-son qarorida 4-band 2021-2022 yillarda "Turonbank" ATB tomonidan moliyalashtirish hisobiga tashkil etiladigan limonzorlar maydonlarining prognoz ko‘rsatkichlari bilan to‘ldirildi.

Yangi limonzorlarni barpo etish va ko‘chatlarni xarid qilish bilan bog‘liq hamda limon mevasini eksport qilish (temir yo‘l va aviatsiya transporti bilan) bilan bog‘liq xarajatlar subsidiya sifatida ularni yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga ham qoplab beriladi.

Yangi limonzorlarni barpo etish va ko‘chatlarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar har bir sotixi uchun 300 ming so‘mdan oshmaydigan miqdori (ilgari - har bir gektar uchun 30 mln so‘mdan oshmaydigan miqdorda) subsidiya sifatida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

7-band xatboshi bilan to‘ldirildi, unga muvofiq Moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi "Turonbank" ATBga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratilgan 357,8 mlrd so‘m ekvivalentidagi qoldiq mablag‘larni jamg‘armaning bank ustav kapitalidagi ulushini oshirish uchun yo‘naltiradi.

Mavzuga oid