Jamiyat | 11:09 / 09.10.2025
8915
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda er ajrashayotgan xotinini alimentdan voz kechmagani uchun mashinada urib ketdi

Ayolning umurtqasi sinib, belidan past qismi falaj bo‘lib qolgan. Avvaliga tergov voqeani qasddan urib ketish va qochib ketish deb hisoblamagan, jinoyat ishi yo‘l qoidalarini buzish moddasi bilan ochilgan. Keyinroq jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan keyin, ish qayta malakalanib, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida erkak ajrashish uchun ariza bergan va alimentdan voz kechmagan turmush o‘rtog‘ini Damas avtomashinasida urib ketdi. Bu haqda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi qaroriga tayanib Nemolchi.uz loyihasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi Zamira uzoq yillar davomida turmush o‘rtog‘i Shahriyor tomonidan muntazam ravishda kaltaklab kelingan va natijada ayol ajrashish qarorini qabul qilishga majbur bo‘lgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi 12 avgust kuni ajrashish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqib, er-xotinga uch oy muddat bergan. Sud qarori bilan erkak to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashga majbur qilingan.

13 avgust kuni Shahriyor Zamiraga qo‘ng‘iroq qilib, alimentdan voz kechishini talab qilgan, aks holda «o‘zidan yaxshilik kutmasligi kerakligi»ni aytib tahdid qilgan.

«14 avgust kuni ertalab Shahriyor Damas avtomashinasini uyidan haydab chiqib, yo‘l chetida ketayotgan Zamirani urib yuborgan. Oqibatda Zamira og‘ir jarohat olib, belidan past qismi falaj bo‘lib qolgan, umurtqasi sinib, asab tomirlari shikastlangan. Bugungi kungacha u shifoxonada og‘ir ahvolda davolanmoqda. Yaqinlari uning davolanishi uchun katta miqdorda pul sarflab, qarzga kirgan. Zamiraning jarrohlik amaliyoti Toshkentda o‘tkazishi rejalashtirilgan, biroq uning oilasida hozirda mablag‘ yetishmayapti»,  deyiladi xabarda.

Ayolning yaqinlari Nemolchi.uz muxbiriga aytishicha, halokatga sababchi bo‘lgan shaxs davolanishga yordam berishdan bosh tortmoqda. Unga Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, tergov dastlab voqeani qasddan urib ketish va qochib ketish deb hisoblamagan, yengilroq ayblovni tanlagan (uch yilgacha qamoq jazosi). Shuningdek, erkak hibsga olinmagan va Zamiraga yozishda davom etib, «yaxshi narsa bo‘lmaydi», deya tahdidini davom ettirmoqda.

  • UPD: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimovning aniqlik kiritishicha, jabrlanuvchi hushiga kelgach, tergov harakatlariga jalb qilingan va u turmush o‘rtog‘i tomonidan avtomashinasi orqali qasddan urib ketilganini bayon qilgan. Holat oydinlashgach, olib borilayotgan ish qayta malakalanib, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi (sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish / 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan ish qo‘zg‘atilgan.

«Bu holat O‘zbekistonda ayollarni himoya qilish tizimi haqida ko‘plab savollar tug‘diradi. Nega ayollar oiladagi zo‘ravonlikdan qochishga urinib, hayotlarini xavf ostiga qo‘yishga majbur? Nega Shahriyorga o‘xshagan erkaklar aliment to‘lamaslik uchun o‘ldirishga tayyor bo‘ladigan darajada mas’uliyatsiz va jazosiz? Nega voqea xronologiyasi va aniq sababga qaramay, tergovchilar urib qochishni uning xotinini o‘ldirishga urinish sifatida ko‘rmasdan baxtsiz hodisa deb hisoblamoqda? Nega ayol va uning yaqinlari qo‘rquvda va yordamsiz yashashlari kerak?»  deya xulosa qildi Nemolchi.uz.

Mavzuga oid