O‘zbekiston | 00:00 / 28.07.2020
24649
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda beshta o‘lim qayd etildi, to‘rt bemorda yurak kasalliklari bo‘lgan

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 27 iyul kuni mamlakatda koronavirusdan 5ta o‘lim holati haqida axborot berdi. Ularning barchasi Toshkent shahrida ro‘y bergan.

Vafot etgan bemorlarning 2 nafari Yashnobod, 2 nafari Chilonzor, 1 nafari Shayxontohur tumanida yashagan.

SSV statistikasida koronavirusdan o‘limlar soni 121taga yetdi. Shundan 70tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Birinchi o‘lim. Shayxontohur tumanida yashagan, 4 iyul kuni koronavirus aniqlangan, yurak xastaliklari bo‘lgan 65 yoshli erkak vafot etdi.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 65 yoshli Sh.G. (erkak)da 4 iyuldan kasallik belgilari (tana xaroratining ko‘tarilishi, yo‘tal) boshlangan. Unda COVID-19 tasdiqlangach, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar ham bo‘lgan.

Bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, saturatsiya ko‘rsatkichining pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Yashnobod tumanida yashagan, yurak xastaliklari bo‘lgan 64 yoshli ayol koronavirus asoratlaridan vafot etdi.

Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashagan 64 yoshli X.X. (ayol)da joriy yil 13 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Yashnobod tumanida yashagan, yurak xastaliklari bilan og‘rib kelgan 53 yoshli erkak koronavirus asoratlaridan vafot etdi.

Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashagan 53 yoshli B.T. (erkak)da joriy yil 11 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Chilonzor tumanida yashagan 35 yoshli homilador ayol koronavirusdan vafot etdi.

Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashagan 35 yoshli Z.X. (ayol) 15–20 iyul kunlari shahar 7-son tug‘ruq kompleksida «3-homiladorlik, ikki tomonlama pnevmoniya, kamqonlik» tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.

Unda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, 20 iyul kuni shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan.

Ushbu shifoxonada unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, reanimatsion choralarga qaramay, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Bungacha 24 iyul kuni Qashqadaryoda, 25-26 iyul kunlari Toshkentda bir nafardan homilador ayol o‘limlari qayd etilgandi.

Beshinchi o‘lim. Chilonzor tumanida yashagan, yurak xastaligidan og‘rib kelgan 64 yoshli ayol koronavirus oqibatida vafot etdi.

Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashagan 64 yoshli A.A. (ayol)da joriy yil 17 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi hamda ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan Virusologiya ITI klinikasiga yotqizilgan.

Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi va o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi va semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Reanimatsion choralar ko‘rilganiga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Mavzuga oid