Jahon | 21:25 / 22.01.2026
13342
10 daqiqa o‘qiladi

«Agar stol atrofida bo‘lmasak, menyuda bo‘lamiz» – Kanada bosh vaziri shov-shuvli nutqida nimalar dedi?

Mark Karni Davosdagi iqtisodiy forumda chiqish qilib, dunyoning eski tartiboti qaytmasligini ta’kidladi. Go‘yo har kuni bizga «qoidalarga asoslangan tartib yemirilmoqda, kuchlilar qo‘llaridan kelganini qiladi, kuchsizlar esa boshiga tushganiga chidashga majbur» deya eslatishayotgandek, deydi Kanada yetakchisi. Kun.uz olim siyosatchining nutqidan muhim iqtiboslarni keltirib o‘tadi.

Kanada bosh vaziri Mark Karni 20 yanvar kuni Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida chiqish qildi. U o‘z nutqini asosiy kuchlar geosiyosati bugun hech qanday chegaralarsiz, hech qanday cheklovlarsiz yuritilayotgani haqida boshladi.

"Boshqa davlatlar, ayniqsa Kanada kabi o‘rta kuchlar ojiz emas. Ular inson huquqlariga hurmat, barqaror rivojlanish, birdamlik, suverenitet va davlatlarning hududiy yaxlitligi kabi qadriyatlarni o‘z ichiga olgan yangi tartibni barpo etish salohiyatiga ega. Ojizlarning kuchi — avvalo halollikdan boshlanadi.

Go‘yo har kuni bizga shuni eslatishayotgandek: biz yirik davlatlar raqobati davrida yashayapmiz, qoidalarga asoslangan tartib yemirilmoqda, kuchlilar qo‘llaridan kelganini qiladi, kuchsizlar esa boshiga tushganiga chidashga majbur».

Karnining aytishicha, bu mantiq qarshisida qolgan davlatlarda «moslashib ketish» istagi kuchli, ammo bu ish bermaydi.

Kanada bosh vaziri o‘z nutqida Vatslav Havelning «Ojizlarning kuchi» nomli essesidan bir hikoyani keltirgan. «Unda oddiy savol bor: kommunistik tizim qanday qilib yashab kelgan? Uning javobi esa bir sabzavot sotuvchidan boshlanadi.

Har tong bu do‘kon egasi vitrinasiga «Butun dunyo ishchilari, birlashing!» degan yozuvni ilib qo‘yadi. U bunga ishonmaydi, hech kim ishonmaydi, ammo baribir osadi — muammolardan qochish, itoatkorlikni ko‘rsatish, tinchgina yashash uchun. Har bir ko‘chadagi har bir do‘kon shunday qilgani sababli tizim zo‘ravonlik bilangina emas, balki oddiy odamlarning ich-ichidan yolg‘on ekanini bilgan marosimlarda ishtirok etishi orqali yashab keladi.

Havel buni «yolg‘on ichida yashash» deb atagan. Tizimning kuchi uning haqiqatida emas, balki hammaning uni haqiqatdek ijro etishga tayyorligidadir. Uning zaifligi ham aynan shu yerda. Birgina odam bu ijroni to‘xtatsa, masalan, sabzavotchi yozuvni olib tashlasa, xayoliy parda darz ketadi. Do‘stlar, kompaniyalar va davlatlar o‘z «yozuvlarini» olib tashlaydigan payt keldi», deydi Mark Karni.

Uning ta’kidlashicha, o‘nlab yillar davomida Kanada kabi davlatlar «qoidalarga asoslangan xalqaro tartib» deb atalgan tizim ostida farovon yashadi.

Lekin, «biz bu tartib haqidagi hikoya qisman yolg‘on ekanini bilardik: eng kuchlilar qulay bo‘lganda o‘zlarini qoidalardan ozod qilardi, savdo qoidalari notekis qo‘llanardi. Xalqaro huquq esa ayblanuvchi yoki jabrlanuvchining kimligiga qarab turlicha qat’iyat bilan tatbiq etilardi».

Uning aytishicha, shu bois ritorika bilan haqiqat o‘rtasidagi tafovutlar ko‘pincha tilga olinmagan. Endi esa bu kelishuv ishlamaydi. «Ochig‘ini aytay. Biz o‘tish davrida emas, uzilish davrida yashayapmiz», dedi Karni.

«So‘nggi yigirma yil ichida moliya, sog‘liqni saqlash, energetika va geosiyosatdagi inqirozlar haddan tashqari global integratsiya xatarlarini fosh qildi. Ammo yaqinda yirik davlatlar integratsiyani qurolga aylantira boshladi: bojlar bosim vositasi, moliyaviy infratuzilma majburlash quroli, ta’minot zanjirlari esa zaiflik sifatida ishlatilmoqda. Agar integratsiya sizni bo‘ysundirish manbaiga aylansa, «o‘zaro manfaat» haqidagi yolg‘on ichida yashab bo‘lmaydi».

Kanada yetakchisining aytishicha, o‘rta kuchlar tayangan ko‘p tomonlama institutlar – JST, BMT, Iqlim konferensiyalari (COP) kabi jamoaviy muammolarni hal qilish arxitekturasi xavf ostida qolgan. Natijada «qoidalar sizni himoya qilmasa, o‘zingizni himoya qilishingizga to‘g‘ri keladi».

Ammo, «barqarorlikka qilingan jamoaviy investitsiyalar – har kimning alohida qal’a qurishidan arzonroq», ayniqsa o‘rta kuchdagi davlatlar uchun.

«Kanada uyg‘otuvchi qo‘ng‘iroqni ilk eshitgan davlatlardan bo‘ldi va strategik pozitsiyasini tubdan o‘zgartirdi. Kanadaliklar eski farazlar – «geografiya va ittifoqlar avtomatik ravishda farovonlik va xavfsizlik beradi» degan qarashlar endi amal qilmasligini tushunadi.

..Biz suverenitet, hududiy yaxlitlik, BMT Nizomiga mos bo‘lmagan kuch ishlatishni taqiqlash, inson huquqlariga hurmat masalalarida qat’iy bo‘lishni maqsad qilganmiz. Shu bilan birga, taraqqiyot bosqichma-bosqich bo‘lishini, manfaatlar har doim ham mos kelmasligini, hamkorlarning barchasi qadriyatlarimizni bo‘lishmasligini tan olgan holda amaliy. Shu bois biz dunyo bilan ochiq, keng va strategik tarzda ishlayapmiz. Orzu qilgan dunyoni kutib turmaymiz, mavjud real dunyo bilan ishlaymiz».

Shuningdek, Karni Kanada endi «faqat qadriyatlar kuchiga emas, balki kuchining qiymatiga ham tayanishini» bildirdi. Bu kuch esa mamlakat iqtisodini rivojlantirish, ta’lim va sanoatga investitsiya hamda mudofaa xarajatlarini oshirish bilan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Kanada tashqi aloqalarni ham rivojlantirmoqda.

16 yanvar kuni Mark Karni Pekinda Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan uchrashdi / Foto: Reuters

«Kanada – Yevropa mudofaa xaridlari tizimiga (SAFE) qo‘shildi. So‘nggi kunlarda Xitoy va Qatar bilan yangi strategik hamkorliklarni yakunladik. Hindiston, ASEAN, Tailand, Filippin va Mercosur bilan erkin savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz», — dedi u.

Shu bilan birga Karni Arktika suvereniteti masalasida Grenlandiya va Daniya bilan qat’iy birdamligini, NATOning 5 moddasiga qat’iy sodiqligini ta’kidladi. «Kanada Grenlandiya bo‘yicha bojlar joriy etilishiga qat’iy qarshi va Arktikada xavfsizlik hamda farovonlik bo‘yicha umumiy maqsadlarimizga erishish uchun aniq muzokaralarni yoqlaydi».

Shu bilan birga Kanada bosh vaziri o‘rta kuchdagi davlatlarni birlashishga chaqirdi.

«Men shuni aytaman: o‘rta kuchlar birgalikda harakat qilishi shart. Chunki agar biz stol atrofida bo‘lmasak, menyuda bo‘lamiz. Yirik kuchlar hozircha yolg‘iz yurishga qodir – bozor hajmi, harbiy qudrati va bosim imkoniyatlari bor. O‘rta kuchlarda esa bunday imkoniyat yo‘q.

Gegemon bilan faqat ikki tomonlama muzokara qilganimizda, biz zaiflikdan muzokara qilamiz. Taklif qilinganni qabul qilamiz, lekin bu – suverenitet emas. Bu bo‘ysunishni qabul qilgan holda suverenitetni ijro etish xolos».

Kanada yetakchisi «qattiq kuch»ning yuksalishi boshqa davlatlarni «qonuniylik, halollik va tartib-qoidalar kuchini unutishga» majbur qilmasligi kerakligini aytdi.

Karni qoidalarga asoslangan hozirgi xalqaro tartibni o‘z nomi bilan atash kerakligini aytdi – «iqtisodiy integratsiya majburlash quroliga aylangan, yirik kuchlar raqobati kuchayib borayotgan tizim».

«Bu ittifoqchi va raqiblarga bir xil mezon qo‘llashni anglatadi. Agar bir tomondan iqtisodiy bosimni qoralab, boshqasiga kelganda jim qolsak, demak vitrinalardagi yozuv hanuz turibdi. Bu eski tartib qaytishini kutmasdan, ishlaydigan institutlar va bitimlar yaratishni anglatadi. Bu esa kuchli ichki iqtisodiyot qurishdir. Bu har bir hukumatning darhol ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak», deydi u.

Foto:Reuters

Mark Karnining aytishicha, Kanada – «energetik super-davlat». U «muhim minerallarning ulkan zaxiralariga ega, kapital, iste’dod va qat’iy harakat qilish uchun ulkan moliyaviy salohiyatli hukumat»ga ega. Shu bilan birga Kanada nimalar bo‘layotganini anglaydi va «vitrinalardagi yozuvni olib tashlayapti».

«Eski tartib qaytmasligini bilamiz. Uni sog‘inib o‘tirish kerak emas. Nostalgiya - strategiya emas. Ammo biz ishonamizki, bu parchalanishdan yanada kuchliroq va adolatliroq narsa qurish mumkin. Bu haqiqiy hamkorlikdan eng ko‘p foyda ko‘radigan o‘rta kuchlar vazifasidir. Kuchlilar o‘z kuchiga ega. Ammo bizda ham yolg‘on ijrosini to‘xtatish, haqiqatni nomlash, ichki kuchimizni qurish va birgalikda harakat qilish salohiyati bor», dedi Karni.

Shuningdek, Karni Kanadaning ushbu yo‘li «birga yurishga tayyor har qanday davlat uchun ochiq» ekanini aytdi va nutqini yakunladi.

60 yoshli Mark Karni 2025 yil mart oyida Jastin Tryudo iste’foga chiqqanidan so‘ng Liberal partiya rahbari etib saylandi va Kanada bosh vaziri lavozimini egalladi.

Siyosatga kirishdan oldin u dunyoga mashhur iqtisodchi sifatida tanilgan. U iqtisodiy inqirozlarni boshqarish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lib, Kanada banki (2008–2013) va Angliya banki (2013–2020) boshqaruvchisi lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, Karni iqlim o‘zgarishi va moliya masalalari bo‘yicha BMT maxsus vakili sifatida ham faoliyat yuritgan.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid