Jahon | 16:09 / 28.02.2026
2645
3 daqiqa o‘qiladi

Chubays Kanadadan unga qo‘yilgan sanksiyani bekor qilishni so‘ramoqda

Kanada TIVga yo‘llagan bayonotida Chubays Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlagani haqidagi ayblovlarni rad etdi va o‘z avtobiografiyasini ilova qildi. Unda u Putinga nisbatan “tarixiy muxolifligi”ni bayon etgan.

Foto: «Vedomosti»

“Rosnano” sobiq rahbari Anatoliy Chubays Kanada Tashqi ishlar vazirligiga qarshi Kanada Federal sudiga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda “Kommersant” nashri 27 fevral, juma kuni xabar berdi. 17 fevral kuni berilgan da’vo Kanada TIVning Chubays tomonidan sentabr oyida sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish haqida yo‘llangan arizaga haligacha javob bermagani bilan bog‘liq. Kanada qonunchiligiga ko‘ra, bunday murojaatlar 90 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak. Sud saytida da’voning to‘liq matni e’lon qilinmagan.

Kanada TIVga yuborilgan bayonotda Chubays Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagani haqidagi ayblovlarni rad etgan va o‘z avtobiografiyasini ilova qilgan. Unda u Putinga nisbatan o‘zining “tarixiy muxolifligi”ni ta’riflagan, 2022 yildan beri ixtiyoriy emigratsiyada ekanini ko‘rsatgan hamda urushga qarshi norozilik sifatida RF prezidentining maxsus vakili lavozimini tark etganini bildirgan.

Kanada Anatoliy Chubaysni sanksiyalar ro‘yxatiga 2025 yil iyun oyida kiritgan. Bu, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning hamkorlari uni Putinga yaqin deb hisoblangan “50 kishilik ro‘yxat”ga kiritganidan keyin sodir bo‘lgan.

Chubaysning aytishicha, sanksiyalar unga ayniqsa og‘ir ta’sir qilmoqda, chunki uning Rossiyadagi aktivlari xatlab qo‘yilgan, xorijdagi daromadlari esa “musodara qilinishi xavfi ostida”. Da’vo arizasida u faqat xorijdagi daromadlarga suyana olishini, cheklovlar esa o‘zini va oilasini ta’minlay oladigan hamda yashay oladigan yagona joylar bilan bog‘liq “nozik aloqalari”ni buzib yuborishi mumkinligini qayd etgan.

Chubays ta’kidlashicha, sanksiyalar unga allaqachon “sezilarli reputatsion zarar” yetkazgan: uni “amalda o‘zi qarshi chiqqan” kishilar bilan bir safga qo‘yib qo‘ygan — ham 2022 yilgacha ancha oldin, ham iste’foga chiqqan paytida. U 2020 yilgacha “Rosnano” boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan, shundan keyin esa RF prezidentining xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili bo‘lgan.

Anatoliy Chubays 2022 yildan beri xorijda. 2023 yil sentabr oyida Putin uning ketishi haqida omma oldida izoh berib, emigratsiya sabablarini tushunmasligini aytgan va buni Chubays uzoq yillar rahbarlik qilgan tuzilmadagi “ulkan moliyaviy teshik” bilan bog‘lagan. O‘tgan yilning dekabr oyida Rossiya sudi “Rosnano”ning da’vosi bo‘yicha Chubays va kompaniyaning bir qator sobiq top-menejerlari mol-mulkini xatlovga oldi. OAV xabarlariga ko‘ra, korporatsiya ularni “nooqilona harakatlar”da ayblab, bu harakatlar milliardlab rubl miqdorida zarar keltirganini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid