1 fevraldan boshlab benzin narxi oshishi kutilyapti
2021 yil 1 fevral kunidan boshlab neft mahsulotlarida aksiz solig‘i stavkalari oshishi e'lon qilindi.
O‘zbekiston milliy valutasida belgilangan ayrim aksiz solig‘i stavkalari joriy yilning 1 fevral kunidan boshlab oshishi ma'lum qilindi.
Xususan, ayrim neft mahsulotlarining oshirilgan soliq stavkalari endilikda quyidagicha bo‘ladi:
- 1 tonna Ai-80 benzini 240 ming so‘m (2021 yil 1 yanvardan 200 ming so‘m edi);
- 1 tonna , Ai-92, Ai-93 va Ai-95 benzini 275 ming so‘m (2021 yil 1 fevralga qadar 250 ming so‘m);
- 1 tonna dizel yonilg‘isi 240 000 so‘m (40 ming so‘mga qimmatlaydi).
Avvalroq pandemiya sababli milliy valutada belgilangan ayrim aksiz solig‘i stavkalari 2020 yilning aprel-may oylarida oshirilmaganligi sababli 2021 yilning fevralida oshirilishi kutilayotganligi ma'lum qilingandi.
Yuqoridagi o‘zgarishlar respublikada ommabop bo‘lgan Ai-80 benzini misolida 1 tonnasi 127 050 so‘mga (QQSni hisobga olganda 146 108 so‘mga) yoki 1 litri 95 so‘mga (QQSni hisobga olganda 110 so‘mga) oshishi mumkin.
Ma'lumot uchun, 2020 yilda respublikada 1 million tonna benzin ishlab chiqarilgan.
Tovar-xomashyo birjasida o‘tkazilgan savdolar yakuniga ko‘ra, birja savdolariga 30 ming 426 tonna Ai-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 6 ming 520,5 tonnasi, ya'ni 21,4 foizi sotildi.
Ai-80 markali avtomobil benzinining boshlang‘ich narxi ko‘tarilganligi sababli uning o‘rtacha kunlik narxi ham mahsulotning bir tonnasi uchun 5 million 763 ming so‘mdan 5 million 822,5 ming so‘mgacha yoki 1,0 foizga o‘sdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda Ai-80 rusumli avtomobil benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi 5 million 767,9 ming so‘mni, AI-91 – 6 million 958,2 ming so‘mni tashkil etdi. Oshirilgan soliq stavkalari qo‘llanilgan holda, benzin narxi ulgurji savdoda taxminan 1-2 foizga oshishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirilishicha, avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.
Mavzuga oid
22:50 / 16.08.2024
GTL zavodi dizel ishlab chiqara boshlaganidan keyin dizel importi 7 barobarga oshdi
10:30 / 15.08.2024
Rossiyada benzin eksportiga taqiq yil oxirigacha uzaytirildi
17:45 / 29.07.2024
Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni uzaytirmoqchi
07:20 / 15.06.2024