O‘zbekiston milliy valutasida belgilangan ayrim aksiz solig‘i stavkalari joriy yil aprel-may oylarida oshirilishi rejalashtirilgandi. Ammo pandemiya sababli ushbu chora-tadbirlar kechiktirilgan. Aksiz solig‘i stavkalarini indeksatsiyalash 2021 yil fevral oyida o‘tkazilishi mumkin, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovning aytishicha, aksiz solig‘i stavkasidagi o‘zgarish asosan alkogol, tamaki hamda benzin mahsulotlari narxiga ta'sir qiladi.
«Import bo‘yicha 73ta tovar pozitsiyasiga aksiz solig‘ini bekor qilish taklif etilmoqda. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari (20 turdagi tovarlar (sharbatlar, pishloq, tvorog, margarin, unli qandolat mahsulotlari, kolbasa va shunga o‘xshash go‘sht mahsulotlari va h.k.), elektrotexnika tovarlari bo‘yicha (35 turdagi tovarlar (muzlatgichlar, televizorlar, gaz plitalari, changyutgichlar, kir yuvish mashinalari va h.k.) va h.k. Bu tadbirkorlik sub'yektlariga teng sharoitlarni ta'minlashga imkon beradi», — deydi u.
Bundan tashqari, 2021 yilda mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i stavkasini 15 foiz etib belgilash taklif etilgan. Joriy yil ushbu stavka 20 foizga teng bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, 2021 yilgi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarida QQS (15 foiz), foyda solig‘i (15 foiz, alohida toifalar uchun 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i (2 foiz), qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i (0,95 foiz), ijtimoiy soliq (xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar - 12 foiz va budjet tashkilotlari - 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq (bazaviy stavka 4 foiz) stavkalari saqlab qolinishi nazarda tutiladi.















