Toshkent markazidagi Navoiy ko‘chasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurishga topshiriq berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda Tashkent city majmuasida ulkan inshootlar barpo etildi. Ayni paytda uning “Paxtakor” metro bekati tarafida yirik savdo markazi qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu yerda bo‘lib, piyodalar va avtomobillar uchun sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Kelgusida harakat yanada ko‘payishini inobatga olib, Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish, piyodalar yo‘laklarini qulaylashtirish kerakligini aytdi.
Prezident Navoiy, Oybek, Nukus ko‘chalari bo‘ylab yurib, yo‘llardagi sharoitni ko‘zdan kechirdi, odamlar bilan suhbatlashdi.
Transport infratuzilmasi bilan bog‘liq yana bir loyiha – Toshkent xalqaro aeroporti yonidagi ko‘prik. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida u kengaytirilib, qo‘shimcha estakada qurilmoqda. Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo‘ladi. Aylanma shaklidagi chiqish-tushish yo‘llari qayrilib olish xavfini yo‘qotib, harakatni osonlashtiradi. Prezident bu yerdagi qurilish jarayonini ko‘rdi, atrofni ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar ekish kerakligini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanida ham bo‘lib, Abdulla Qodiriy va Kichik halqa yo‘li orasidagi Elbek bog‘ini asrash, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini borib ko‘rdi. Bu aeroportning umumiy maydoni 693 gektar. Loyihaga ko‘ra, unda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, zamonaviy terminallar, samolyotlar uchun angar va perronlar bo‘ladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya asbob-uskunalari bilan jihozlanadi.
Bugungi kunda uchish-qo‘nish yo‘lagi va yuqori martabali mehmonlar terminali binosi barpo etilgan. Prezident ularni ko‘zdan kechirdi. Galdagi qurilish ishlarini moliyalashtirish, terminalning tashqi ko‘rinishi va delegatsiyalar uchun qulayliklarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
18:52
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42